
Shved jurnalistlari da‘vo qilishlaricha, mojaroli Teliasonera va Takilant ishida yangi tafsilotni aniqlashga muvaffaq bo‘lganlar.
Shvetsiyaning Sveriges Television - SVT telekanali kundalik dasturiga ko‘ra, Shvetsiya-Finlandiya mobil aloqa shirkati Teliasonera O‘zbekistonda 4G litsenziyasidan foydalanish huquqini sotib olish uchun Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan Takilant shirkatiga 370 million Shved kroni(55 million AQSh dollari) to‘lagan.
Shved jurnalistlari da‘vo qilishlaricha, Teliasoneraning sho‘‘ba korxonalaridan biriga O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova bilvosita chiqqan va "o‘ziga ko‘proq pul kerakligi"ni aytgan.
Bu haqda shvetsiyalik telejurnalistlarga mamlakatdagi telekommunikatsiya sohasidagi manbalaridan biri bildirgan.
Bundan oldin Shvetsiyaning Jamoatchilik televideniyesi muxbirlari jurnalistik tekshiruv o‘tkazganlar va Teliasonera shirkatining O‘zbekistondagi rejimga pora berganligini da‘vo qilganlar.
Shvetsiya Jamoatchilik televideniyesi hujjatli filmiga ko‘ra, O‘zbekistondagi mobil aloqa to‘lqinlaridan foydalanish va 3G litsenziyasi uchun Teliasonera shirkati Takilantga 2 milliard 200 million Shved kroni to‘lagan.
Teliasonera shirkati pora berganligi ayblovlarini rad etgan, o‘ziga nisbatan jurnalistlar ilgari surayotgan da‘volar borasida sharh berishdan bosh tortgan.
Shved shirkatining O‘zbekiston bilan oldi-berdisi ommaviy axborot vositalarining bosh sarlavhalariga aylanishi ortidan Teliasoneraning ijrochi direktori Lars Nayberg mo‘ljallangan muddatidan oldin iste‘foga chiqishini e‘lon qilgan.
Biroq shirkat janob Naybergning o‘z lavozimidan ketish qarori O‘zbekistondagi mojaro bilan bog‘liq emasligini aytgan.
Shvetsiya prokuraturasi ushbu da‘volar yuzasidan tergov boshlagan, Takilant shirkatining Shvetsiyadagi hisoblarini muzlatib qo‘yishga qaror qilingan.
Shundan so‘ng Shvetsiya axborot agentligi muxbirlari ham o‘zlarining jurnalistik tekshiruvlari natijalarini e‘lon qildilar.
Jurnalistlar da‘vo qilishlaricha, Teliasoneraning Takilant bilan oldi-berdisi birinchi shubhali kelishuv bo‘lmagan.
Xalqaro telekommunikatsiya shirkatlarining O‘zbekistonda faoliyat yuritish huquqini qo‘lga kiritish intilishlari natijasida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan shaxslar ko‘p million dollarlarni qo‘lga kiritganlar, deyishmoqda Shved jurnalistlari.
Jurnalistik tekshiruv o‘tkazgan muxbirlardan biri Ola Vesterbergning BBCga aytishicha, Teliasoneradan oldin Rossiyaning "Vimpelkom" va MTS shirkatlari ham O‘zbekistonda mobil aloqa litsenziyasini qo‘lga kiritishda Takilant va Swisdorn shirkatlari bilan oldi-berdi qilishgan, bu ikki shirkat ham Gibraltardagi bir manzilda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lgan.
Skandinaviyaning Teliasonera shirkati shu yil aprelida ham mojaro ostida qolgan, bu shirkat sobiq Sho‘ro respublikalari, xususan O‘zbekiston va Ozarbayjon josuslik xizmatlariga mijozlarining telefon so‘zlashuvlarini yashirincha tinglashlariga izn bergan.
--------------------------------------------------------------------------------------------
Aziz O‘quvchi!
BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.
Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.
Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.
BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

























