
Shvetsiya hukumatiga ko‘ra, TeliaSonera so‘nggi iddaolardan keyin o‘zining obro‘sini qayta tiklashi kerak.
Shvetsiya hukumati O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun Prezident Karimov oilasiga yaqin shaxslarga pora bergani iddao qilingan Shvetsiya va Finlandiyaning yirik telekommunikatsiya tarmog‘i TeliaSonera ni tanqid qilgan.
Hukumat vaziri Piter Normanga ko‘ra, TeliaSonera so‘nggi voqealardan keyin o‘zining obro‘sini qayta tiklashi kerak.
Shvetsiyaning Jamoatchilik televideniyesi chorshanba kuni namoyish etgan filmda hissalarining uchdan bir qismi shved hukumatiga tegishli TeliaSonera shirkati O‘zbekistondagi tuzumga pora berganlikda ayblangan.
TeliaSonera bu iddaolarni rad etgan va O‘zbekistondagi mahalliy qonunchilikka binoan ish yuritganini ta‘kidlagan.
Jimjitlik
Ayni paytda o‘zbek rasmiylari shved matbuotidagi iddaolar va Shveytsariyada avvalroq boshlangan jinoiy tekshiruvlar borasida sukut saqlashmoqda.
"Gulnora Karimova hukumatda hech qanday lavozimni egallamaydi. Uning Teliosonera bilan bog‘liq qaror qabul qilish vakolati yo‘q "
Sergey Yejkov, jurnalist
Hukumat doiralarida o‘z manba‘lariga ega Uzmetronom.com web sahifasi Bosh muharriri Sergey Yejkovning aytishicha, O‘zbekiston hukumati ham, Gulnora Karimova ham hozircha jarayonni chetdan kuzatib turishibdi.
"O‘zbekiston rasmiylari tomonidan hech qanday munosabat bildirilganicha yo‘q. Chunki bu yerdagilar mamlakat tashqarisida namoyish etilgan qandaydir filmga munosabat bildirib o‘rganishmagan. Bu birinchidan. Ikkinchidan, ushbu ish bo‘yicha o‘zbek tomoniga hech kim rasmiy ma‘lumotlar va rasmiy so‘rov bilan murojaat qilmagan. Filmning o‘ziga kelsak, ha, jurnalistlar tadqiqot olib borishgan, ammo jurnalistik tadqiqotning o‘zi xali rasmiy munosabat bildirish uchun yetarli emas", - deydi Sergey Yejkov.
Unga ko‘ra, hozirda butun e‘tiborning Gulnora Karimovaga qaratilgani "huquqiy nuqtai nazardan" to‘g‘ri emas.
"Gulnora Karimova hukumatda hech qanday rasmiy lavozimni egallamaydi. Uning Teliosonera yoki boshqa shirkatlar bilan bog‘liq qarorni qabul qilish vakolati yo‘q. O‘sha paytda bu kabi vakolatlarga ega rasmiylar bo‘lishgan", - deydi jurnalist.
Oilaga zarba?
Avvalroq janob Yejkov o‘z nashrida TeliaSonera bilan bog‘liq ishda Gulnora Karimova emas, balki yaqinda lavozimidan chetlatilgan Bosh vazir o‘rinbosari Abdulla Oripovning qo‘li bo‘lishi mumkin, degan farazni ilgari surgan edi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, telekommunikatsiya tizimiga rahbarlik qilib kelgan janob Oripovga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.
"Abdulla Oripov Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida iqtisodning aynan shu sohasiga javob bergan. Shuning uchun bu yerda rasmiy vakolati bo‘lgan Bosh vazir o‘rinbosarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi", - deydi Sergey Yejkov.
U shveytsariyalik prokurorlarda Gulnora Karimovaga savollar paydo bo‘lsa, ular o‘zbek tomonining hamkorligiga umid qilishlari mumkin, deb ishonadi.
"Menimcha, ular har-xil gap-so‘zlar, farazu taxminlarning urchib ketmasligidan manfaatdorlar", - deydi jurnalist.
Janob Yejkovga ko‘ra, Shvetsiya va Shveytsariyadagi tekshiruvlar Gulnora Karimova hamda Prezident Karimov oilasining obro‘siga qanchalik putur yetkazishi mumkinligi haqida gapirishga xali erta.
"Hamma narsa tekshiruvning natijasiga bog‘liq", - deydi Uzmetronom.com bosh muharriri.
BBCning bu borada O‘zbekiston Bosh Prokuraturasiga qilgan murojaati hozircha javobsiz qolmoqda.

























