Shved jurnalisti: "TeliaSonera va Gulnora Karimova savollarga javob berishi kerak"

Сўнгги янгиланиш 19 сентябр 2012 - 13:34 GMT

Film Shveytsariyada Gulnora Karimovaga yaqin ekani aytilgan ikki kishining hibsga olinishi ortidan namoyish etilmoqda

Shvetsiya televideniyesi bugun kechroq O‘zbekistondagi Ucell shirkatining egasi bo‘lgan TeliaSonera Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin ekani aytilgan shaxsga millionlab dollar to‘lagani iddao qilingan filmni namoyish qiladi.

Shved jurnalistlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bu ayol Shvetsariya rasmiylari tomonidan noqonuniy pullarni o‘zlashtirishga doir yirik tergov jarayoni markazida hamdir.

Shvetsiyaning Milliy telekanali orqali namoyish etilishi kutilayotgan film mualliflarining BBCga aytishlaricha, ushbu film so‘nggi olti oyda olib borilgan jurnalistik surishtiruv natijalarini o‘z ichiga oladi.

BBC shved jurnalisti Fredrik Lorendan bu ayol Gulnora Karimovaga yaqinligini tasdiqlovchi qanday dalillar bor, deb so‘ragan.

BBC huquqiy sabablarga ko‘ra, ayol va filmda nomi tilga olinadigan boshqa shaxslarning nomlarini atay olmaydi.

Fredrik Loren: Dalillar quyidagicha: TeliaSonera bu shirkatning hisobiga O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun ikki milliard ikki yuz ming shved kroni o‘tkazgan. Bu raqam havodan emas, balki TeliaSonera ning yillik moliyaviy hisbotidan olingan. O‘z navbatida Takilant Ltd shirkati Londonda o‘zining sho‘‘ba korxonasiga ega bo‘lib, uning direktori Toshkentdagi "Modalar Uyi" ning ham mudirasidir. "Modalar Uyi" esa 2003 yilda Gulnora Karimova tomonidan tashkil etilgan. Bundan tashqari, Londonda Golden tone management Ltd nomi bilan yana bir shirkat bo‘lib, uning kotibasi Takilant Ltd shirkatining ham kotibasi sifatida ro‘yxatda turadi. Bu shirkat Gulnora Karimovaga yaqin ekani aytiladigan yana bir shaxsga tegishli.

BBC: Ya‘ni siz bu pullarning bir uchi alal-oqibat Prezident Karimovning xonadoniga olib borayapti, demoqchimisiz?

Fredrik Loren: Yo‘q, men bunday deb aytolmayman. Chunki men xali 2.2 milliard shved kronining qayerga borib tushganini ko‘rganim yo‘q. Men Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Takilant Ltd shirkatining moliyaviy hisobotini ko‘rdim. Ushbu hisobotda TeliaSonera bu mablag‘larni Takilant ga o‘tkazgani qayd etilmagan. Uch yillik hisobotdan ko‘riladigan bo‘lsa, Takilant hozirda Ucell ning 26 foiziga egalik qilayotgan bo‘lishi kerak edi. Bu hissalar esa 1 milliard shved kroniga teng. Ammo Takilant ning moliyaviy hisobotlarida bu mablag‘larning izi yo‘q.

BBC: Siz O‘zbekistonda Telekom litsenziyalarini faqat hukumat berishi va uchinchi tomonga sotilmasligi haqida o‘zbekistonlik huquqiy ekspertlarning so‘zlarini keltirgansiz. Ammo TeliaSonera buni hukumatdan emas, Gibraltardagi bir shirkatdan sotib olganini tan olayapti. TeliaSonera mulozimlari buni qanday tushuntirishdi?

Fredrik Loren: Ular offshor hududidagi xususiy shirkatga pul to‘lash normal bir protsedura, deyishayapti. TeliaSoneraning aytishicha, bu shirkat keyin litsenziyani hukumatga beradi, hukumat esa mobil shirkatiga. Menga bu juda ham g‘alati tuyuldi. Chunki, masalan Shvetsiyadagi tajriba bo‘yicha siz litsenziyani shved hukumatidan olasiz va uning pulini ham hukumatga to‘laysiz.

BBC: Ammo siz TeliaSonera ham Takilant ham bu yerda qonunni buzgan, deb ayta olasizmi?

Fredrik Loren: Men hozircha bunday deb aytolmayman. Ammo men 2.2 milliard shved kroni miqdoridagi pulni olgan shaxs bilan Prezident Karimovning qizi o‘rtasida aloqa borligini ayta olaman. Bular ham shaxsiy aloqalar va ham rasmiy, yuridik aloqalar...

BBC: Tomonlardan birontasi xalqaro qonunlarni buzgan, deb ayta olasizmi?

Fredrik Loren: Men hozircha bunday deb aytolmayman. Ammo men 2.2 milliard shved kroni miqdoridagi pulni olgan shaxs bilan Prezident Karimovning qizi o‘rtasida aloqa borligini ayta olaman. Bular ham shaxsiy aloqalar va ham rasmiy, yuridik aloqalar...

BBC: Tomonlardan birontasi xalqaro qonunlarni buzgan, deb ayta olasizmi?

Fredrik Loren: Ishonchim komilki, barcha hissadorlar TeliaSonera ning Avrosiyo tomon kengayish strategiyasidan xabardor qilingan. Ammo O‘zbekistondagi kelishuvning tafsilotlari haqida ularga qanchalik ma‘lumot berilgan, bunisi menga qorong‘u. Biz bu masalada Shvetsiya hukumatiga ham murojaat qilganmiz va hozirda javob kutayapmiz.

BBC: Bu da‘volar yuzasidan Gulnora Karimova yoki O‘zbekiston hukumatidan ham sharh olishga urinib ko‘rdingizmi?

Fredrik Loren: Biz Karimova xonimning matbuot kotibiga yozma ravishda murojaat qilib, Karimova xonim biz bugun efirga uzatadigan iddaolarga javob berishini so‘radik.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.