
BBC O‘zbek xizmati Shveytsariyada to‘rt o‘zbekistonlikka nisbatan ochilgan noqonuniy pullarni o‘zlashtirish dav‘olarining tafsilotini o‘rgandi.
Shveytsariya va Shvetsiya tergovchilari Ovro‘podagi telekommunikatsion shirkatning O‘zbekistondagi ko‘p million dollarlik poraxo‘rlik va korruptsiya janjaliga bog‘liqligi iddaolarini tekshirmoqdalar.
Aktsiyalar paketida davlat hissalari bo‘lgan Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati katta siyosiy janjal markazida qolayotir. Shved jurnalistlari Teliasonerani 3G litsenziyasini sotib olgan paytida O‘zbekistondagi shirkatga 300 million dollar pora berganlikda ayblashgan.
Teliasonera bu iddaolarni qat‘iyan rad etmoqda, biroq bu ish Shvetsiya prokurori tomonidan tekshirilmoqda, parlament muhokamasiga ham qo‘yilib, mamlakatdagi yangiliklarning bosh sarlavhalari bo‘lib qolayotir.
TeliaSoneraga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar Takilant Ltd deb nomlangan kichik shirkat atrofida bo‘lib, Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan bu shirkatga O‘zbekiston fuqarosi Gayane Avakyan egalik qiladi.
Jamoatchilik Avakyan haqida juda kam ma‘lumotga ega. Qanday qilib u 29 yoshida O‘zbekiston hukumati nomidan shirkat rahbari sifatida mobil aloqa litsenziyalari borasida muzokara olib borishga qodir bo‘lgan?
"Lombard Odier bankidagi Behzod Ahmedovning hisoblarini qo‘lga kiritish uchun bir necha urinishlar bo‘lgan "
Iv Shtayner, shveytsar jurnalisti
Biroq Parijda bo‘lib o‘tgan modalar namoyishida olingan fotosuratda Gayane Avakyanning Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi, tadbirkor ayol, pop yulduzi va o‘tmishda elchi bo‘lgan Gulnora Karimovaning yonida o‘tirgani aks etgan.
Aynan ikki ayol o‘rtasidagi aloqa TeliaSonera hikoyasiga portlovchi xususiyat bergan.
Gulnora Karimovaning O‘zbekistonda yirik kommertsiya manfaatlari, xususan telekom sohasida bor deb ishoniladi. Biroq to bugunga qadar Karimova xonimning maxsus biznes manfaatlariga taalluqli yoki unga qarshi muntazam yangrab keladigan firibgarlik ayblovlari da‘volarini isbotlovchi dalillar bo‘lmagan.
Lekin TeliaSonera bilan bog‘liq voqea bularni o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Shved jurnalistlari tekshiruvi
Shu yil aprelida TeliaSonera shirkati o‘zining O‘zbekiston doxil qator sobiq Sho‘ro davlatlarining maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilayotganini tan olgandi. O‘zbekiston, Ozarbayjon va Belarusda josuslik xizmatlari ovoz yozuvchi jihozlarni joylashtirishda TeliaSonera tarmog‘idan foydalanayotganlari borasidagi ayblovlar yangragan.
Bundan so‘ng Shvetsiya Jamoatchilik televideniyesida ko‘rsatilgan hujjatli filmda Takilant shirkatiga 300 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ga teng pora to‘langaniga oid iddaolar ilgari surildi, biroq bu mablag‘ Takilantning bankdagi hisobidan g‘oyib bo‘lgani oshkor bo‘ldi.
Shved jurnalistlari Gibraltarga qilgan safarida ular Takilant ning joylashgan manzilini ham, uning xodimlarini ham, yillik hisobotlarini ham topolmadilar.
BBCUzbek muxbirlari Takilant shirkatining Londondagi sho‘‘ba korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan manziliga borganlarida ham xuddi shunday holatga guvoh bo‘ldilar.
Shvetsiya televideniyesining hujjatli filmi davlat prokurorlarining jinoiy ish qo‘zg‘ashlariga turtki berdi, Shved rasmiylari Takilantning Shvetsiya Nordea Bankida bo‘lgan 30 million AQSh dollariga teng mablag‘ni muzlatib qo‘yishga order berdilar.
Bundan oldin Takilantning hisoblari Shveytsariyadagi Money Laundering Reporting Office (MLRO) - pul yuvishlarga oid tekshiruvlar idorasining e‘tiborini o‘ziga jalb etdi.
Jenevaning Lombard Odier eksklyuziv banki mulozimlari Takilantning hisoblarida shubhali harakatlar kuzatilayotgani haqida pul yuvish idorasiga xabar berishgan.
BBCUzbek tekshiruvida yana nimalar oydinlashdi?
Bank voizining BBCUzbekka aytishicha, hisoblarni ochgan shaxs - Behzod Ahmedovning O‘zbekistonda yirik qalloblikda ayblanib, Interpol ro‘yxatiga kiritilgani bank rahbariyatida xavotirlarni paydo qilgan. Bank Ahmedovni telekom sohasida paydo bo‘layotgan oligarx sifatida ko‘rgan. Ahmedov O‘zbekistondagi "Uzdunrobita" mobil telefon shirkatining bosh direktori lavozimida ishlagan va 2003 yili bu haqda yozgan Financial Times ro‘znomasiga ko‘ra, mazkur shirkat sohibi Gulnora Karimova bo‘lgan.
"Markaziy Osiyoning O‘zbekiston kabi mamlakatlarida ba‘zi shaxslar hali ham hokimiyat tepasida bo‘lganlari bois, ularni tekshirish qiyin bo‘ladi. U yerlarda adliya tizimi mustaqil emas "
Bernard Bertossa, sobiq prokuror
Shveytsariyalik tadqiqotchi jurnalist Iv Shtaynerning aytishicha, Lombard Odier bankidagi Behzod Ahmedovning hisoblarini qo‘lga kiritish uchun bir necha urinishlar bo‘lgan.
Iyul oyida Jeneva ko‘chalarida ikki O‘zbekiston fuqarosi Takilant hisoblaridagi pullarni boshqarish huquqiga ega bo‘lishga xarakat qilganlaridan so‘ng hibsga olinganlar. BBCUzbekning bank sohasidagi ishonchli manbalariga ko‘ra, mazkur shaxslar chet elda soxta hujjatlarni ko‘rsatganlar.
Shveytsariya prokurorlari pul yuvish jinoyati bo‘yicha katta tergov boshlab, 600 million dollar mablag‘ni muzlatib qo‘yishgan.
Hibsga olinganlardan biri Alisher Ergashev. U Shvetsiyadagi Takilant shirkatining muzlatib qo‘yilgan hisobi egasidir. Ergashevning ismi va imzosi yaqinda Frantsiyada ko‘chmas mulki bilan shug‘ullanuvchi ikki shirkatning mudiri sifatida ko‘rsatilgan hujjatlarda oshkor bo‘ldi. Shirkatning asosiy hissadori sifatida esa hujjatlarda Gulnora Karimovaning imzosi qo‘yilgan.
Alisher Ergashev va Shohruh Sobirov hozirda garov evaziga ozod etilganlar, biroq Shveytsariyada to‘rt shaxsga nisbatan ochilgan tergov ishlari davom etmoqda.
Shveytsariya prokuraturasi mazkur shaxslarning ism-sharifini oshkor qilmagan bo‘lsa ham, biroq shveytsariyalik jurnalist Iv Shtaynerning, o‘z manbalariga tayanib aytishicha, uchinchi shaxs Takilant egasi Gayane Avakyan, to‘rtinchi esa "Uzdunrobita"ning sobiq rahbari Behzod Ahmedovdir.
Shveytsariya sobiq prokurori Bernard Bertossaning Bi-Bi-Siga aytishicha, u O‘zbekiston rasmiylaridan hamkorlikni kutayotgani yo‘q.
"Markaziy Osiyoning O‘zbekiston kabi mamlakatlarida ba‘zi shaxslar hali ham hokimiyat tepasida bo‘lganlari bois, ularni tekshirish qiyin bo‘ladi. U yerlarda adliya tizimi mustaqil emas", deydi u.
"Financial Times" 2003 yilda ko‘targan savollar

Lombard Odier mana shu ko‘chada joylashgan.
O‘tmishda ham o‘tkazilgan tekshiruvlar O‘zbek iqtidordagi elitasi Telekom shartnomalaridan naqadar manfaat ko‘rgani, xususan telekom sohasiga yaqin aloqalari bo‘lgan Gulnora Karimova borasidagi savollarni o‘rtaga qo‘ygan edi.
Wikileaks oshkor qilgan ma‘lumotlarda 2005 yilda AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Purnell diplomatik kanallar orqali Vashingtonga yuborgan nomasida shunday yozgan:
"Shirkatni juda arzon narxda qo‘lga kiritgan Gulnora, sotganida katta mablag‘ga ega bo‘lgan".
2003 yilda Gulnora Karimovaning biznes faoliyatini tekshirgan Britaniyaning nufuzli iqtisodiy ro‘znomasi 'Financial Times'ning muxbiri Devid Sternga Karimovaning Dubaydagi yaqin yordamchisi gapirib berishicha, "O‘zbekistondan AQSh dollarllarida yirik mablag‘lar kela boshlagan. Ba‘zi mablag‘lar "Uzdunrobita" yirik mobil aloqa shirkatidan kelib tushgan. Shirkatning ichki hisobotiga ko‘ra, Karimova "Uzdunrobita" shirkatining aktsiyalari kontrol paketini ikki bosqichda qo‘lga kiritgan."
Devid Sterndan uning manbalari qanchalik ishonchli bo‘lgani borasida so‘ralganida, u Karimovanning moliyaviy amaliyotlarining tafsiloti yozilgan hujjatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdi.
"Financial Times" ro‘znomasida maqola chop etilganidan o‘n kun o‘tib, maqoladagi iddaolarga O‘zbekiston mulozimlari raddiya berganlar, bu O‘zbek rasmiylarining birinchi raddiyalari bo‘lgan. "Muharrirga maktublar" ruknida, Londondagi O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari, gazetani asossiz mubolag‘alarda ayblaganlar, ular "Gulnora Karimovaning tadbirkorligida birorta nomunosiblik yuz bermagan"ini yozganlar.

BBCUzbek tushunishicha, Shveytsariya prokurorlari Britaniya adliya tizimidan Shveytsariya tergov materiallarga e‘tibor qaratishlarini, xususan, Takilantning Londonda joylashgan ikki sho‘‘ba korxonalari - London Panally Ltd va Oberton Ltdning moliyaviy faoliyatlarini tekshirishni so‘raganlar.
BBCUzbek tahririyatiga o‘z manbalaridan ma‘lum bo‘lishicha, Karimovaga yaqin bo‘lgan shaxslar asosan badavlat mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi Londonning eksklyuziv bankida hisob ochmoqchi bo‘lganlar. Biroq Gulnora Karimovaga yaqinligi bois hamda O‘zbekistonning avtoritar davlat ekani inobatga olinib, shuningdek, moliyaviy tavakkalchilik omili mavjudligi e‘tiborga olinib raddiya berilgan.
Shvetsiyaning TT axborot agentligi muxbirlari TeliaSonera shirkatinikiga o‘xshagan oldi-berdilar O‘zbekistonda "sistemaga aylangani"ni isbotlovchi hujjatlarni qo‘lga kiritishgan.
Shved jurnalistlariga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan boshqa yirik mobil aloqa shirkatlari bilan kelishuvlar ham Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar bilan imzolangan.
Shu vaqtga qadar O‘zbekistonnning o‘zida Gulnora Karimova atrofidagi iddaolarga munosabat bildirilgani yo‘q.
BBCUzbek tahririyati so‘nggi oylarda yuzaga chiqqan savollarga javob olish maqsadida Gulnora Karimova rahbarlik qiladigan "Forum" jamg‘armasining Toshkentdagi bosh qarorgohi, shuningdek, jamg‘armaning London va Jenevadagi vakolatxonalariga hamda London shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan Panally Ltd shirkatiga rasman yozma murojaatlar qilgan, biroq hozircha bu so‘rovlarga javob bo‘lgani yo‘q.
Aziz O‘quvchi!
BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.
Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.
Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.
BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

























