So‘rov: Georgiy lentasi o‘zbeklar uchun nimani anglatadi?

Сурат манбаси, Reuters
Georgiy lentasi o‘zbeklar uchun nimani anglatadi? Halok bo‘lgan yurtdoshlarini xotirlashmi yoki yangi Rossiya ramzimi?
Toshkentdagi Rossiya elchixonasi tomonidan barcha xohlovchilar uchun Georgiy bog‘ichlarini tarqatish aktsiyasi dahshatli urush qurbonlarini xotirlash deb izohlandi.
Bu ko‘rinishidan savobli ish tomon qo‘yilgan qadamdek, chunki deyarli har bir oilada Ikkinchi Jahon urushi fojeasi tegib o‘tgan kimdir bor yoki bo‘lgan.
Tarixan bu hamisha Chor Rossiyasining ramzi bo‘lib- Georgiy lentasi Turkistonda Skobelev va Kaufmanning korpuslari bilan birga kirib kelgan.
So‘ngra Fuqarolar urushi davrida Denikinning oqlar armiyasi uchun mukofot ramzi bo‘lib hisoblandi. Qizillar uchun u podsho armiyasi belgisi bo‘lib, 20 yillarda uni taqqani uchun mahkamasiz va hukmsiz otib tashlashlari mumkin edi.
1941 yilda Qizil Armiyachilar va zobitlarning ommaviy asirlikka tushishlari, vahimali ortga chekinish va frontdan qochishlarning kuchayishi Stalinga kommunistik targ‘ibotga va dahriylikka asoslangan mafkuraning butun bo‘shlig‘ini ko‘rsatib qo‘ydi.
Xalqning ruhini tarix sinovidan o‘tgan qandaydir boshqa narsa bilan mustahkamlash zarur edi.
Cherkov va masjidlarning eshiklarini ochib, oxirigacha yakson qilinmagan e‘tiqodni tiklay boshladilar.
Bu bilan birga Chor Rossiyasi o‘tmishini ham ma‘lum bir tarzda qayta yodga oldilar.
Frontda komissarlarga endi sovetlar namunasidagi oltin pogonlarni bera boshladilar. Va albatta Georgiy taqdirlash lentasini 1943 yildan boshlab faxr va iftixor bilan taqdilar.
Shunday ekan, Georgiy bog‘ichi bugun biz uchun nima?
Nega rossiyalik mafkurachilar uchun Qizil yulduz yoki O‘roq va bolg‘a emas, aynan Georgiy lentasi tanlandi?
Yosh vatandoshlar mashinalarining antennasiga bu bog‘ichni bog‘layotib, bu ramz 18 asrda Turkistonni mustamlakaga aylantirgan Chor Rossiyasi zobit va generallarining ko‘rsatgan xizmatlariga berilgan mukofot ekanini bilarmikanlar?
Ijtimoiy tarmoqlarda tarafdorlar va qarshilar o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘layotgan Georgiy lentasi to‘satdan O‘zbek jamiyatining turli qatlamlari orasidagi qarashlar va fikrlarni oydinlashtiruvchi ko‘rsatkichga aylanmoqda.
Kimdir Kremlning tarixni o‘zgartirishga urinuvchi shaytoniy o‘yinlari haqida gapiradi. Rossiya hukumati Sovet xalqlari xizmati va bergan qurbonlarini hukmronlik ramzlariga aylantirmoqchi, deb tushunadi. Boshqalari esa bu ramzni o‘tgan urushdagi qurbonlar xotirasi uchun deb biladi xolos.
Shartli uch guruh

Сурат манбаси, Reuters
Ushbu savolga javob izlab o‘nlab yurtdoshlarimiz bilan gaplashdik- ular orasida faxriylar va bo‘lmaganlar, keksalar va yoshlar, o‘zbek va ruslar bor.
Bu ramzni izohlaganlarni shartli ravishda uchga bo‘lish mumkin:
1. Juda kam sonli suhbatdoshlar, urushni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar- front faxriylari, keksalar uchun Moskva hamon buyuk mamlakatning poytaxti sanaladi. Moskva butunlay boshqa davlatning boshqa poytaxti bo‘lgani ham ular uchun muhim emas...
2. Shunchaki kelib joylashganlar. Bu guruhdagilar o‘rta yoshli va navqironlar bo‘lib, 55 dan 60 foizgachani tashkil qiladilar. Rossiya bilan ularni bog‘laydigan narsa-yashash uchun kurash. Mardikorlar, bir necha yildan beri yashab, bolalarini ham shu yerda katta qilib kelayotgan muhojirlar va tabiiyki Rossiya bilan bog‘liq hamma narsani xuddi o‘ziniki kabi qabul qiladiganlar...
3. Alohida va kam sonli guruh- etnik ruslar va hozir shunday atash odat tusiga kirgan "rusiyzabonlar". Yoshlar va o‘zbek tilida yaxshi gapiruvchi yoshi kattalar, shuningdek, O‘zbekistonda o‘tgan butun hayoti davomida o‘zbek tilini o‘rganmaganlar, bu yerga mehr qo‘yganlar va nafratini yashirmaydiganlar. Ularning hammasini bir xususiyat bog‘laydi- ruscha va Rossiyaga bog‘liq hamma narsa bo‘yicha nostalgiya... Va qanday ramz haqida gap ketishining ahamiyati yo‘q- Georgiy lentasimi, Kremlmi yoki Putin...
Rossiyaga nisbatan his-tuyg‘u
Birinchi guruh faxriylari uchun Rossiya elchixonasidan ularga nima berilgani u qadar ham ahamiyatli emas.
Ko‘pchilik tan olishicha, bunday lenta haqida hech narsa bilishmaydi, lekin boshqa narsa muhim- ular haqida eslashadi, hurmat qilishadi va faxrlanishadi... Dahshatli urushni boshidan kechirgan keksa odam uchun yana nima muhimroq bo‘lishi mumkin?
Yosh o‘zbekning mashinasi oynasida "G‘alaba uchun bobomga rahmat!" yozuvi, antennasidagi lenta kabi kim va nima uchun ekanligi baribir. So‘ralgan 25 kishidan 18 tasi qanday urush haqida gap borayotganidan ham xabarsiz. Lekin elchixona orqali tarqatilayotgan ekan, demak u muhim va namoyish qilish kerak deya o‘zining xayrixohligini bildiradi. Hoynahoy, yana ish izlab o‘sha Rossiyaga borishga to‘g‘ri kelsa kerak har holda...
Putin va o‘zini tiklab kelayotgan Rossiya- etnik ruslar va uchinchi guruhdagi Georgiy lentasini taqib yurganlar uchun bu muhim fakt. Nima bo‘lganda ham bu guruhdagi 18 tadan 15 tasi shunday deb javob berdi. O‘sha uzoq, Yeltsin davrida sukutga tushib qolgan Rossiya yana birdan hukmronlik ambitsiyalari uyg‘ongan kuchli Prezidentga ega bo‘ladi... Va nima farqi bor qanday bayram, qanday ramz- bu kuchli Rossiyani, to‘satdan uyg‘ongan himoya va etnik birlashish hissini namoyish qilish imkonidir.
Xullas Georgiy lentasiga qanday yondoshish kerak?
Bo‘yalgan mato bo‘lagi, bir paytlar qudratli davlatning tarix parchasi, mafkurachilarning yangi Rossiya ramzini jonlantirish urinishlari yoki bo‘lmasa boshqa xalqlar qatori yuz minglab o‘zbeklarni hayotdan olib ketgan dahshatli urush haqida xotira? Butunlay boshqa dohiylar, boshqa qadriyatlar uchun kurashganlar xotirasi...
Mustaqil sotsiolog
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio




























