O‘zbekiston jamiyatini ikkiga bo‘lib qo‘ygan Georgiy tasmasining siri nimada?

    • Author, Shodiyor Saif
    • Role, BBC, Olma-ota
  • Published

9 may sanasi yaqinlashar ekan ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar ikki jabhaga bo‘linib olgan. Bir tomon ushbu kunni ulug‘ g‘alaba kuni sifatida keng bayram qilishni istovchilar bo‘lsa, ikkinchi tomon ushbu sana munosabati bilan tarqatiladigan Georgiy tasmasiga qarshilar. Facebookda Georgiy lentasiga qarshilar guruhi ham ochildi. Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi g‘alaba ramziga aylantirilayotgan Georgiy tasmasini tekin tarqatish aktsiyasini yo‘lga qo‘ygan.

Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi 15 aprel kuni rasmiy web-sahifasida 27 apreldan 8 mayga qadar Georgiy lentasi aktsiyasini o‘tkazishini ma‘lum qildi.

Xabarda aytilishicha, istalgan shaxs tasmani tekinga olishi mumkin.

Shundan so‘ng O‘zbekistondan yuritiluvchi "Potribitel.uz" va "Voditeli Tashkenta" guruhlarida ushbu aktsiya haqida postlar qoldirildi.

Ushbu postlarning orasida tasmaga qarshi bo‘lgan fikrlar ham yangray boshladi.

"Biz O‘zbekistonda Georgiy lentasiga qarshimiz" guruhining Facebookda ochilganidan uch kun o‘tar-o‘tmas 600 ga yaqin odamning e‘tiborini tortdi.

Guruh asoschilaridan Aziz Muhammadning BBC O‘zbek xizmatiga ta‘kidlashicha, Georgiy tasmasining Ikkinchi jahon urushiga aloqasi yo‘q va uni O‘zbekistonda tarqatish noo‘rin.

"Odamlarimiz ushbu lentaning asl ma‘nosi nima, tarixi va uning qayerdan kelib chiqqanini bilishsin. Nima uchun ta‘sis etilgan va nima uchun bugun boshqacha talqin qilinyapti? Shu narsalarni bilishsin va Georgiy lentasi tarqatish aktsiyasiga qo‘shilishmasin, degan maqsadni qo‘yganmiz", - deydi Aziz Muhammad.

Toshkentdan tarixchi Anvar Nazirning bildirishicha, O‘zbekistonda Georgiy lentasi borasidagi masala bundan oldin ham ko‘tarilgan, ammo Ukrainadagi voqealardan so‘ng ushbu mavzu dolzarblashdi.

"Ukrainadagi fojeali voqealardan so‘ng, bu lenta urush yoki 9 may bilan bog‘liq emas, balki Rossiya imperiyasining sobiq mustamlaka hududlariga nisbatan da‘vogarligi bilan bog‘liq siymoga aylanib qolyapti. Shuning uchun bunaqa chiqishlarning sababi tabiiy, deb bilaman", - deydi Anvar Nazir.

Tarixchiga ko‘ra, Rossiya tomonidan g‘alaba ramzi sifatida targ‘ib qilinayotgan va tarqatilayotgan Georgiy tasmasining Ikkinchi Jahon urushiga aloqasi yo‘q.

"Bu tasma aslida Avliyo Georgiy ordeni bilan bog‘liq. Bu aslida Rossiya-Turkiya urushlari bilan bog‘liq bo‘lgan, lekin Turkistonga yurish boshlangandan keyin bu o‘lkada ko‘p xunrezliklar qilgan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va tojiklarning qonini to‘kkan rus ofitser generallariga berilgan. Insoniyatga qarshi jinoyat qilgan, tinch aholini qiyratgan shaxslarning qilmishlari uchun Rossiya imperiyasi ma‘muriyati tomonidan Avliyo Georgiy ordeni bilan nishonlanishgan", - deydi Anvar Nazir.

Tekin tasma tarqatish aktsiyasini e‘lon qilgan Toshkentdagi Rossiya elchixonasi rasmiy saytida ham ushbu lentaning Ikkinchi jahon urushiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi yo‘qligini va orden sifatida 1769 yili ta‘sis qilinib harbiylarga berilgani yozilgan.

web-sahifadagi xabarda yozilishicha, lentani 9 mayga bog‘lash harakatlari 2005 yildan Rossiyaning "Novosti" axborot agentligi tomonidan amalga oshirila boshlangan.

Ikkinchi tomon bu lentada siyosiy bir ma‘no ko‘rishmayotganini ta‘kidlamoqda.

Shvetsiyadan jurnalist To‘lqin Qorayev Ikkinchi Jahon urushida erishilgan g‘alabada o‘zbekistonliklarning ham hissasi borligi uchun tasmaga nisbatan salbiy munosabat bildira olmasligini aytdi.

"Tarqatilayotgan xabarlarda Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyoni bosib olayotganda mana shunday tasma qo‘llangani aytilyapti. Bu tomonlama qarasangiz salbiy munosabat bildirishga to‘g‘ri keladi. Lekin asosiysi, Sovet xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabasi. Bunda kam deganda 130 ming o‘zbekistonlikning ham ishtiroki bor. Shuning uchun, men bunga hozir salbiy munosabat bildira olmayman", - deydi To‘lqin Qorayev.

Biz Rossiyaning Toshkentdagi elchiligi bilan bog‘lanib izoh olishga harakat qildik. Biroq press-attashe joyida yo‘qligi bois rasmiy izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Go‘shakni ko‘targan elchixona xodimasi esa, Georgiy lentasiga qarshilar bo‘lishini tabiiy qabul qilishini, ammo lenta xayrixohlarga tarqatilishini bildirdi.

Sho‘rolar davrida Georgiy ordeni yoki tasmasi atamasi rasman taqiqlangan bo‘lsada, ushbu tasmaga o‘xshash lenta "Slava" yoki "Shon-sharaf" ordenining uchchala turida ham ishlatilgan.

Jurnalist To‘lqin Qorayev imperialistik g‘oyalarga qarshi ekanligini aytarkan, Rossiya bu kabi lentalar tarqatish orqali biror davlatni bosib olishni maqsad qilmaganini, shunchaki o‘z tarixi bilan faxrlanishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Jurnalistning o‘zi bu kabi tasmalarni taqmaydi, lekin uni taqqan odamlarning qarorini ham muhokama qilmaydi.

"Lenta taqqan odamlar Rossiyaning shon-sharafiga o‘zini sherik deb hisoblaydi, faxrlanadi va bunga qo‘shiladi, xolos. Bizga boshqa yo‘l yo‘q. Yo u tomon, yo bu tomon bo‘lishim kerak. Biz Rossiyaday yoki Amerikaday kuchli davlat emasmiz. Qaysidir tomonni qo‘llash kerak", - deydi To‘lqin Qorayev.

Georgiy lentasi borasidagi bahslar Markaziy Osiyoning Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarida ham ko‘tarilgan.

Qirg‘izistonda Georgiy lentasiga muqobil tasma ishlab chiqilgani xabar berildi.

Qozog‘istonlik ziyolilar esa ushbu masalaga hukumat e‘tiborini tortishga harakat qilmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari Georgiy tasmasi borasida sukut saqlamoqda. Tarixchi Anvar Nazir buni ikki o‘rtadagi munosabatlarning keskinlashib ketmasligini oldini olish maqsadidagi sukunat ekanligini aytadi.

"Munosabatlar yaxshi emas. Anig‘ini bilmayman, ammo o‘tgan safar ham shunday bo‘lgandi, 9 maydagi paradda O‘zbekiston harbiylari qatnashmas ekan va hech qanday hay‘at bormas ekan. Shuning manzarasida "yana badtar keskinlashmasin, munosabatlar o‘zi keskin", deb jim o‘tirishgandir. Lekin men jim o‘tirish siyosatini qo‘llab-quvvatlamayman. Chunki ochiq-oydin gapirish kerak", - deydi Anvar Nazir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio