
Shved jurnalisti Fredrik Lorin Fond Forumdan tahdidomuz maktub olganini aytadi
Shvetsiyaning SVT telekanali bugun o‘zining nufuzli "Uppdrog Granskning" teledasturida Teliasonera shirkati O‘zbekistonda telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun mamlakat prezidenti Islom Karimovning oilasi bilan muzokara qilgani borasida yangi dalil-isbotni taqdim etishi kutiladi.
Ko‘rsatuvda yangrashi kutilayotgan yangi dalil-isbotlar Teliasonera shirkati ichidagi ikki guvohning ko‘rsatmalariga asoslanadi.
Ayni damda SVT xabariga ko‘ra, Teliasoneraning boshqa ikki yuqori darajali mulozimi shved politsiyasi tomonidan rasman poraxo‘rlikda ayblanayotganlari borasida ogoh qilinganlar.
Teliasonera shirkati rahbari Lars Nayberg o‘z shirkati poraxo‘rlik yo‘li bilan shartnomalar tuzganini rad etadi.
Gulnora Karimova esa SVT va BBCning murojaatlarini javobsiz qoldirib kelmoqda.
SVTning jurnalisti Fredrik Lorinning aytishicha, murojaatlarning biriga Karimova xonim rahbarlik qiluvchi Fond Forum tashkilotidan javob kelgan, biroq bu javob xatida ayblovlarga munosabat bildirilmaydi va Fond Forum bu jurnalistning kimligi, kimlar bilan suhbatlashayotgani va qayerda ekanidan ogoh ekani aytiladi.
SVT Fond Forumdan bu javob xati tahdid sifatida ko‘rilishi kerakmi yo yo‘qligini so‘rab yozgan xatiga, Fond Forum javob bermagan.
O‘tgan bahorda SVT telekanali Teliasonera shirkati Markaziy Osiyodagi bozorga kirish uchun "diktatorlar" rejimlari bilan muzokara qilgani, hamda shirkat o‘zbek xavfsizlik xizmatlariga o‘z iste‘molchilari borasidagi ma‘lumotlar va SMSlarini ko‘rishga yo‘l ochib berganini da‘vo qilgandi.

Gulnora Karimova va Gayane Avakyanning noyabr oxirida tushgan suratlari
Sentyar oyida uzatilgan yana bir teleko‘rsatuvda Teliasonera Gulnora Karimovaning yaqin sherigi hisoblangan 24 yoshli Gayane Avakyan nazorat qiluvchi Gibraltardagi kompaniya hisobiga 250 million dollar to‘laganini da‘vo qilgan.
Shveytsariya tergovchilari Gayane Avakyanni pul yuvish ayblovlari borasida so‘roqqa tutishni istaydilar, biroq oxirgi ma‘lumotlarga ko‘ra, Avakyan xonim Toshkenda.
Noyabr oxirida Gulnora Karimova o‘zining Twitter sahifasida o‘zi va Avakyan Toshkentda o‘tgan rok kontsertda tushgan suratini chop qildi va uni "Bu biz, dugonamiz bilan - BIZ!!!" deya nomladi. Biroq ko‘p o‘tmay, Karimova xonim bu suratni sahifasidan o‘chirib tashladi.
"Uppdrog Granskning" xabariga ko‘ra, Gulnora Karimovaga ishlagan Behzod Ahmedov va Gayane Avakyan kabi shaxslar ko‘p yuzlab million dollarlik bank hisoblarini boshqarganlar va hozirda ularning Shvetsiya va Shveytsariyadagi bank hisoblarida muzlatilgan pul hajmi Arab bahori tufayli muzlatilgan hisoblardagidan ham ko‘proqdir.
BBC "Uppdrog Granskning"ning tergovchi jurnalistlaridan biri bo‘lgan Fredrik Lorindan bugun teleko‘rsatuvda yangrashi kutilayotgan yangi dalil-isbotlar haqida so‘radi.
Lorin: Bugungi ko‘rsatuvimiz biz Gulnora Karimovaga Shvetsiyaning yirik Teliasonera telekom shirkati bergani gumon qilingan poralar borasidagi xabarlarimizning davomidir. Teliasonera shirkati ichidagi ikkita manba biz bilan bog‘lanib, 2007 yil bahorida Gulnoraning odamlari va Teliasonera o‘rtasidagi muzokaralar aslida qanday yuz berganini aytib berishdi. Ularning aytishicha, O‘zbekistonda mobil telefon shirkatini yurg‘izish uchun Gulnora Karimova bilan kelishish kerak bo‘lgan va u buning uchun to‘lov talab qilgan. Bu ikki manba buning uchun raqib MTS shirkati rahbari Behzod Ahmedov bilan muzokara olib borganlar.
BBC: Demak, sizning manbalaringiz da‘vo qilayotgani shuki, Teliasonera vakillari 2007 yildan Coscom shirkatini sotib olish rejalanayotganda Toshkentga borishgan va raqib MTS telekom shirkatining rahbari Behzod Ahmedov bilan muzokara qilishgan. Ko‘p odamlarning bunga ishonishi qiyin bo‘lishi mumkin. Ahmedov MTS shirkati rahbari bo‘la turib, nima uchun boshqa shirkat uchun muzokara qiladi?

Avakyan xonim xorijda saqlagan yuz millionlab dollar aslida Gulnora Karimovaga tegishli ekani iddao qilinadi
Lorin: Manbalarimiz aynan shunday deyishmoqda. Bu mantiqsiz bir holat bo‘lgan. Ko‘rsatuvni ko‘rsangiz, aynan shu gaplar yangraydi. Ular Toshkentdagi raqib MTS shirkati idorasida o‘tirganlari, biznesni boshlash uchun kerak bo‘lgan litsenziyani olish uchun Gulnora Karimovaning nomidan Behzod Ahmedov bilan muzokaralar olib borganlarini aytib berishdi. Ular Ahmedovning bu ishga aralashganidan juda hayron bo‘lishgan. Lekin, O‘zbekistonda biznes qilish yo‘li shunday ekanini anglab yetishgach, pulni to‘lashgan.
BBC: Lekin, Behzod Ahmedov Gulnora Karimovaga qandaydir aloqasi borligiga qanday isbot bor?
Lorin: Bizga manbalarimiz shunday deyishayapti. Ular kelishuvlar haqida batafsil gapirib berishdi. Birinchidan, bu kelishuv Teliasoneraning yillik hisobotida ham aks etgan. Unda 26 foiz hissalar mahalliy shirkatga berilishi, so‘ngra Teliasoneraning o‘zi ikki yiladn keyin 250 million dollarga bu xissalarni qayta sotib olishi aytiladi. Pul esa Shvetsariyadagi xususiy Lombard Odiye bankidagi hisobga o‘tkazilishi aytiladi. Bu hisob uchun mas‘ul shaxs Behzod Ahmedov bo‘lib chiqdi, lekin aslida aftidan hisobning egasi Gulnora Karimovaning o‘zi. Karimovaning kotibi Gayane Avakyan bu yil iyulida Jenevaga borib, bu hisobdagi pullarni chiqarib olishga urindi. Bank unga "Hisob sizniki emas, Ahmedovniki" deganida, u o‘zi ham hisobga mas‘ul shaxslardan biri ekanini tasdiqlovchi hujjatlar bilan qaytishini aytgan, lekin qaytib kelmagan. Bank esa politsiyani ogoh qilgan va buning ortidan Shvetsariyadagi tergovlar boshlanib ketgandi.
BBC: Sizning manbalaringiz Toshkentda Behzod Ahmedov bilan bo‘lgan muzokaralarda Gulnora Karimov ismi yangraganini aytishdimi? Ya‘ni, bu sir tutilgan narsa bo‘lganmi, yoki uning nomi muzokaralarda yangraganmi?
Lorin: Ular uchun bu pul Karimovning oilasiga borib tegishi va kelishuv ortida Gulnora Karimova turgani ayon bo‘lgan.
BBC: Oxirgi xabaringizda aytilishicha, 2007 yil sentyabrida o‘zbek hukumati Teliasoneraga 3G litsenziyasini bergan, lekin u to‘g‘ridan to‘g‘ri Shvetsiya tomoniga berilmay, 17 kun avval ochilgan yangi bir shirkatga berilgan va bu shirkat so‘ngra litsenziyani Teliasoneraga sotgan. Shundaymi?
Lorin: Bu aslida siz aytayotganingizdan sal mujmalroq. 2007 yil bahorida to‘lanadigan pul hajmi va kelishuv qanday shaklda bo‘lishi borasida kelishib olingan. Chunki ikki tomon pulning yashirin yo‘llar bilan to‘lanishini istashgan. Bu yashirin kelishuvga binoan, litsenziyalarni o‘zbek hukumati Teleson Mobile nomli o‘zbek shirkatiga topshiradigan bo‘lgan. Bu shirkat so‘ngra litsenziyalarni Gibraltarda joylashgan Takilant Limited shirkatiga o‘tkazadigan bo‘lgan. Uning egasi Gayane Avakyan bo‘lgan. Mana shu shirkat Shveytsariyadagi Lombard Odiye bankidagi hisobning egasi bo‘lgan. Oxirida Teliasonera 250 million dollarni ana shu shirkatga to‘lagan.
BBC: Sizning ko‘rsatuvingizda chiqadigan ikki manba hali ham Teliasonerada ishlayaptilarmi?

Shvetsiyaning SVT telekanali boshlab bergan tergov Gulnora Karimovaga tegishli ekani ishonilgan bank hisoblarining muzlatilishiga yetakladi
Lorin: Bu borada sharh berolmayman.
BBC: Shvetsiyada Teliasoneraning ikki yuqori darajali rasmiysi o‘zbek ishi bilan bog‘liqlikda rasman poraxo‘rlikda gumon qilayotganini xabar qildingiz. Bu borada yana nima deya olasiz?
Lorin: Bu ham yangi bir xabar. Shvetsiya politsiyasi poraxo‘rlik va pul yuvish bo‘yicha olib borayotgan o‘z tergovi asosida Teliasoneraning Shvetsiyadagi ikki yuqori darajali rasmiysini poraxo‘rlikda rasman gumon qilayapti.
BBC: Bu sizning jurnalistik tadqiqotlaringizga bog‘liqmi, yoki uning natijasimi?
Lorin: Barcha tergovlar bir-biri bilan bog‘lanib ketgan. Politsiya olib borayotgan tergovlar va O‘zbekiston, Praga, London, Shveytsariya va Shvetsiyadagi jurnalistlar olib borayotgan tergovlar barchasi bir-biri bilan bog‘liq.
BBC: Siz bugun yangrashi kutilayotan "dalil-isbotlar" borasida Teliasoneraning o‘zidan munosabat olishga urindingizmi?
Lorin: To‘qqiz oydirki biz bu shirkatning bosh direktoridan munosabat olishga urinib kelamiz, lekin u barcha harakatlarimizga chap berib keladi va biron marta biz bilan muloqot qilmadi. Lekin o‘tgan sentyabrda u shved radiosi orqali chiqib, barcha ayblarni rad etishi, va agar O‘zbekiston bilan kelishuvda poraxo‘rlik yuz bergan bo‘lsa, iste‘foga chiqishini aytgan.
BBC: Gulnora Karimovaning o‘zidan munosabat ola oldingizmi?
Lorin: Biz telefon, elektron pochta, Twitter orqali, umuman u bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan har qanday ehtimoliy adreslarga murojaat qilib kelayapmiz. Hozircha faqat bir marta javob oldik. U Fond Forum tashkilotining vakilidan bizning sentyabrda efirga uzatilgan ko‘rsatuvimizdan oldin keldi. G‘alati joyi shuki, bu maktubda ayblovlar rad etilmadi. Lekin, unda mening qayerda ekanim, qachon qayerlarga borganim, kimlar bilan uchrashganim haqida ularga ma‘lum ekani aytiladi. Men va muharririm buni tahdid sifatida talqin qilish kerakmi, deb so‘raganimizda, boshqa javob bo‘lmadi.
--------------------------------------------------------------------------------
Aziz O‘quvchi!
BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.
Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.
Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.
BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

























