Musulmon futbolchilari qanday futbolka kiyishlari kerak?

Сўнгги янгиланиш 15 октябр 2012 - 11:07 GMT

Musulmon sportchilari sudxo‘rlik bilan shug‘ullanuvchi yoki spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchi shirkatlar ramzi tushirilgan sport liboslari kiyishga haqlimi?

Xuddi ana shu savol shu kunlarda Britaniya siyosatchilari, Musulmonlar Kengashi va Futbol Uyushmasining asosiy boshog‘rig‘iga aylandi.

Hammasiga Angliyaning "Nyukasl Yunayted" jamoasining Wonga sudxo‘rlik shirkati bilan imzolagan 24 million dollarlik homiylik shartnomasi sabab bo‘ldi.

Britaniya Musulmonlar Kengashi ushbu bitim ortidan, Shariat qonun-qoidalariga to‘g‘ri kelmasligini aytib, klubda to‘p suruvchi musulmon futbolchilarni "Uonga" shirkati ramzi tushirilgan yangi futbolkalarini kiymaslik bilan ogohlantirib chiqdi.

"Nyukasl Yunayted" saflarida toat-ibodatni kanda qilmaydigan to‘rt musulmon futbolchisi to‘p suradi. Ular Demba Ba, Papiss Kessi, Cheyk Tiote va Hatem Ben Arfalardir.

Shariat qonun-qoidalariga muvofiq, musulmonlar foiz evaziga birovga qarz berish yoki pul olishdan foyda ko‘rmasliklari lozim. Ya‘ni Islom dinida sudxo‘rlik taqiqlanadi. Agar unga amal qilinsa, qarz oldi-berdisidan olingan foiz Islomiy bank hisoblariga o‘tkazilmaydi yoki Islomiy morgajga qo‘shilmaydi.

Sudxo‘rlik bilan shug‘ullanuvchi xalqaro shirkatlar orasida nahanglaridan sanalgan "Uonga"ning bir oylik daromadining miqdori, hatto, britan parlamenti vakillarining ham e‘tiborini tortmay qo‘ymagandi. "Nyukasl Yunayted" esa, "Uonga" bilan to‘rt yillik shartnoma imzolagan.

Agar bu bitim amalda nimani anglatadi, deydigan bo‘lsangiz, deylik, klub ishqibozi "Nyukasl"ning 50 funt sterling turuvchi futbolkasini sotib olish uchun shirkatdan qarz oladigan bo‘lsa, bir oyning ichida uni 72 funt sterling qilib qaytarishi lozim bo‘ladi. Bu foiz ko‘rsatkichi esa, yiliga 4 foizdan ortiqroqni tashkil etadi.

"Nyukasl Yunayted" Angliya premerligasidagi mashhur musulmon futbolchilari to‘p suruvchi sanoqli jamoalardan biri va o‘yinchilarining diniy e‘tiqodlari bilan bog‘liq masalaga ilk bor to‘qnash kelishi emas.

Shu yil may oyida klub menejeri Alan Pardyu musulmon futbolchilarining toat-ibodat qilishlari uchun alohida namozxona ochish masalasini ham ko‘rib chiqqandi.

Musulmon futbolchilarda qanday tanlov qoladi?

Britaniya Musulmonlar Kengashi Bosh kotibi muovini Shayx Ibrohim Mogra, "bu - diniy qonun-qoidalar va shaxsiy tanlov orasidagi masala" ekanini aytgan.

"Islomda ko‘zda tutilgan g‘oyadan maqsad - nochor va ehtiyojmand odamni badavlat va qudratlisining ekspluatatsiyasidan himoya etishdir. Sudxo‘rlar katta foiz hisobiga qarz berishar ekan, qashshoqrog‘i undan qisqa paytga foyda ko‘rishi mumkin. Ammo foizi bilan qo‘shib qaytarishga to‘g‘ri kelganda, uning bunga qurbi yetmaydi. Shuning uchun ham bu - Islomda ko‘zda tutilmaydi", deydi shayx.

Deylik, "Tottenham" klubining sobiq hujumchisi Frederik Kanute diniy e‘tiqodidan kelib chiqib, qimor o‘yinlariga mo‘ljallangan 888.com veb sahifasining ramzi tushirilgan futbolkani kiyishdan bosh tortgandi.

Frederikka biror bir ramzsiz futbolkada maydonda to‘p surishga ruxsat berilgan, faqat mashg‘ulot hollari bundan istisno bo‘lishi aytilgandi.

"Ispanlar Frederikka ruxsat berishdi va bu - futbolchi tomonidan qilinishi mumkin bo‘lgan asosli so‘rov. To‘rtta musulmon futbolchisi bir vaqtning o‘zida maydonda bo‘lgan taqdirda ham, qolgan yetti nafarining futbolkasida ramz bo‘ladi. Shunday ekan, bu shirkat uchun reklama ma‘nisida jiddiy yo‘qotish bo‘lmasa kerak", deydi britaniyalik shayx Mogra.

Angliya Futbol Uyushmasi Bosh kotibi Aleks Hornning aytishicha, hatto, "Leyboristlar" partiyasi rahbari Devid Miliband ham o‘zlariga buning nomaqbul ish ekanini aytgan.

"Nyukasl"ning o‘zi nima deydi?

Klub boshqaruvchi rahbari Derek Lambiyas esa, "doimo yuqori saviyada yuksak o‘rinlar uchun bellashuvchi klub barpo etish istagida ekanliklari, buni kuchli moliyaviy dastursiz amalga oshirib bo‘lmasligi"ni aytmoqda.

Janob Lambiyasga ko‘ra, shuning uchun ham Wonganing Puma va Sports Direct bilan birga o‘zlarining yetakchi tujjoriy hamkorlariga aylanganidan boshlari ko‘kka yetgan.

Ayon bo‘lishicha, sudxo‘r shirkat "Nyukasl"ning futbol akademiyasi va yoshlarning ish topishlariga ko‘mak berishni maqsad qilgan jamg‘armasiga ham katta pul tashlamoqchi.

Shirkat vozining aytishicha, o‘tgan bir necha kun davomida aytilayotgan gap-so‘zlarga quloq tutishgan va "Nyukasl" ishqibozlari uchun nima muhim ekanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan.

"Biz ularning istak-xohishlarini eshitdik va shunga yarasha ish tutdik", deb aytgan "Uonga" sudxo‘rlik shirkati vakili.

Qolgan musulmon ulamolari qanday fikrda?

Nigeriyalik Shariat politsiyasi rahbari shayx Aminu Ibrohim Daurava BBC bilan suhbatida bu xususda sal o‘zgacharoq fikrda ekanini aytgan.

"Aslini olib qaraganda, musulmon futbolchilari bu kabi futbolkalarni kiymasliklari lozim. Ammo bu yerda so‘z homiylik haqida ketmoqda. Bundan tashqari, ular hech kimni Wongadan qarz olish yoki u bilan ish yuritishga majburlashayotgani yo‘q. Bundan tashqari, britan hukumatining ham bu xususda biror bir qat‘iy yo‘l-yo‘rig‘i yo‘q", deb aytgan nigeriyalik shayx.

Aminu Ibrohim Daurava hazratlariga ko‘ra, qarz olib, berayotganlar futbolchilar emasliklari bois, mavjud vaziyatda nazarda tutish lozim bo‘lgan eng muhim bo‘lgan masala - faoliyatlari ziyon chekmasligi uchun ularni qaror berishga majburlashda ehtiyot bo‘lish lozim.

Shayx hazratlari shunda ham musulmon futbolchilariga sudxo‘rlik shirkatlari ramzi tushirilgan futbolkalarni kiymaslik maqbul ish bo‘lishi, ular ushbu muammoni o‘z vaziyatlarini tushuntirgan holda klub rahbariyati bilan hal etib olishsa, yaxshi bo‘lishini aytgan.

O‘z vaqtida Islomda ichish taqiqlangan spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchi shirkatlarning ramzlari tushirilgan sport liboslari bilan bog‘liq ziddiyatlar janubiy afrikalik musulmon kriketchilar bilan ham yuz bergandi.

Nigeriyalik shayxning aytishicha, sudxo‘rlik va spirtli ichimliklar yoki Islomda taqiqlangan boshqa masalalar o‘rtasida farq bor.

"Spirtli ichimliklar Islomda butkul man etilgan va ular bilan bog‘liq hech bir ishga toqat qilinmaydi. Boshqa tomondan, Islom dinida tijorat qonuniy ish sanaladi. Garchi birovning biznesi qonun-qoidalarga zid amallarga sabab bo‘lsa ham, siz vaziyatdan chiqib ketishingiz mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar bo‘ladi".

O‘zbekistonlik taniqli ulamo shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga ko‘ra esa, "Faoliyati Islomga zid keluvchi shirkatlar ramzlari tushirilgan sport liboslarini kiyish harom va bu bilan ular faoliyatini reklama qilishga hissa qo‘shgan bo‘lasiz".

Afg‘onistonlik ulamo Mavlaviy Karimulloh Lutfiyning aytishicha, ushbu masalada har bir davlatda mavjud o‘ziga xos shart-sharoitlarni inobatga olishga ham to‘g‘ri kelishi mumkin:

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.