FIFA futbolchilarning hijobiga rozi, faqat ...

Сурат манбаси, Getty
Xalqaro Futbol Uyushmasi muslima futbolchilarning maydonga hijobda tushishlariga umuman olganda qarshi emasligi, faqat bu xususdagi yakuniy qarorini biroz kechroq, ya‘ni shu yil iyul oyida berishi aytgan.
Bu haqda Xalqaro Futbol Uyushmasi Kengashining 3 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ini ortidan ma‘lum bo‘lgan.
FIFA (Xalqaro Futbol Uyushmasi) "muslima futbolchilarning xavfsizliklarini o‘ylab", 2007 yilda ularning hijobda to‘p surishlarini taqiqlab qo‘ygandi.
O‘tgan payshanba kuni esa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti FIFAdan o‘sha taqig‘ini bekor qilib, muslima futbolchilarning maydonga hijob bilan tushishlariga ruxsat berishini so‘ragandi.
London janubida bo‘lib o‘tgan yig‘inda ushbu taklifni FIFA ijroiy qo‘mitasining eng yosh a‘zosi, Iordaniya shahzodasi Ali al-Husayn taqdim etgan.
Qoyilmaqom chiqish
Yig‘inga mezbonlik qilgan Angliya Futbol Uyushmasi Bosh kotibi Aleks Hornning aytishicha, "Shahzoda Alining qoyilmaqom chiqishi ortidan, taqiqni olib tashlashga umumiy ma‘noda bir ovozdan rozi bo‘lishgan".
Biroq, unga ko‘ra, "FIFA o‘zining tibbiyot qo‘mitasini ham o‘z ichiga oluvchi ishchi guruhi tashkil etadi. Ular esa, taklif etilgan yangicha rusumdagi sport hijobining qanchalik xavfsiz ekaniga borasida yakuniy to‘xtamga kelishadi va shunga qarab, 2 iyul kuni bu xususda o‘zlarining qat‘iy qarorlarini aytishadi".
Muslima futbolchilarning hijobda maydonga tushishlari bilan bog‘liq masala bundan besh yil burun, 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada o‘yinlarining saralash bosqich musobaqalari chog‘ida o‘rtaga chiqqandi.
Hijoblarini yechishdan bosh tortishgani uchun, Eron milliy terma jamoasining Iordaniyaga qarshi o‘yini uchrashuv boshlanishiga sanoqli daqiqalar qolgan bir paytda bekor qilingandi.
Taklifni qo‘llaganlar...
Taqiqni bekor qilish taklifini faqat Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoqlamagandi.
Afrika Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Issa Hayatu va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi ijroiy rahbari Jang Jilonglar ham ushbu tashabbusni qo‘llab chiqishgandi.
Bundan tashqari, dunyodagi eng nufuzlilaridan biri sanaluvchi Angliya premerligasida to‘p suruvchi qator futbolchilar ham bunga xayrixoh ekanliklarini bildirishgandi.
"Hafsalamizni pir qilmang"
O‘tgan payshanba kuni Londonda jurnalistlarga so‘zlarkan, shahzoda Ali FIFA o‘z cheklovini bekor qilmasa, millionlab ayollarning hafsalalari pir bo‘lishini aytgan.
Unga ko‘ra, "Bu din emas, madaniyat bilan bog‘liq masala bo‘lgani uchun ham, uning hal etilmog‘i nihoyatda muhim".
"Agar FIFA, "Yo‘q", deb javob beradigan bo‘lsa, o‘zimning ham hafsalam pir bo‘ladi. Chunki bu masala yana qachondir baribir kun tartibiga chiqadi. Men FIFAning ijobiy qaror berishiga umidvorman", degandi shahzoda Ali.
Tashabbuskorlar Xalqaro Futbol Uyushmasi Kengashini rozi qilish uchun, ularga yangicha tarxdagi sport hijoblarini taqdim etishgan.
Hozir yengil atletika, regbi, qilichbozlik, volleybol va taekvondo musobaqalarida sportchilarning hijobda bo‘lishlariga ruxsat beriladi.
Iordaniya shahzodasi Alining aytishicha, endi futbol ham zamon bilan hamnafas yura olishini ko‘rsatishi lozim.
To‘rt nafar FIFA va yana shuncha sondagi Britaniya futbol uyushmalari (Angliya, Shotlandiya, Shimoliy Irlandiya va Uels) a‘zolaridan tashkil topgan Xalqaro Futbol Uyushmasi Kengashi esa, anchayin an‘anador va o‘z qonunlarini osonlik bilan o‘zgartirmasligi aytiladi.




























