Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kengayish masalasini muhokama etmoqda

Published

Sankt-Peterburgda Rossiya va Xitoy bosh vazirlari - Vladimir Putin va Ven Jiabao - Shanxay Hamkorlik Tashkilotini (ShHT) kengaytirish ehtimollarini muhokama etishadi.

Hindiston, Pokiston, Mo‘g‘uliston va Eron ShHTning to‘laqon a‘zosi bo‘lish niyatini bildirganlar.

Biroq Rossiya bosh vaziri BMT jazo choralariga yuz tutgan mamlakatlar tashkilotga a‘zo bo‘la olmasliklarini aytgan.

Vladimir Putin va Ven Jiabao uchrashuvi ShHTga a‘zo mamlakatlar hukumatlarining bosh vazirlari yig‘ini chorcho‘basida bo‘lib o‘tadi.

Rossiya bosh vaziri xitoylik hamkasbi bilan oxirgi ikki oy ichida ikkinchi bor uchrashmoqda. Oxirgi uchrashuv Pekinda Rossiya bosh vazirining Xitoyga safari chog‘ida bo‘lib o‘tgandi.

Shu yil iyun oyida ShHT tashkil topganining o‘n yilligi nishonlangan edi.

O‘shanda Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev tashkilot "elita klubi"ga aylanib qolmasligi va u boshqa mamlakatlar a‘zoligi uchun ham ochiq qolishi zarurligini aytgan edi.

"Gap ShHTga a‘zo bo‘lish niyatida ariza topshirgan Pokiston va Eron haqida borayapti. Hindiston va Afg‘oniston kuzatuvchi bo‘lish niyatini izhor etgan. Turkiya muloqot bo‘yicha sherik maqomini olishni istagan", - dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Aleksandr Lukashevich.

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha nomzodlarga nisbatan "tashkilotda keskin e‘tiroz yo‘q".

"Albatta, ShHT kengaytirish jarayoni oson emas. U izchil tahlil o‘tkazishni taqozo etadi", - deya ilova qildi Lukashevich.

Uchrashuv a‘zolari, shuningdek, Yunonistondagi inqiroz va Yevrohududga yordam berish imkonlarini mubohisa etishlari kutilmoqda.

Uchrashuvda ShHTga a‘zo mamlakatlar bosh vazirlaridan tashqari Mo‘g‘uliston, Pokiston, Hindiston va Afg‘oniston vakillari ishtirok etishadi.

ShHTdagi ichki kelishmovchiliklar

2001 yilda asos solingan ShHTga dastlab Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston a‘zo bo‘lib kirishgan edi.

O‘shanda tashkilot ekstremizmga qarshi kurashish va chegaralar xavfsizligini kuchaytirishni o‘zining asosiy vazifasi etib tayinlagan edi.

Keyinchalik Hindiston, Pokiston, Eron va Mo‘g‘uliston ShHTga kuzatuvchilar sifatida qo‘shilishdi.

Mutaxassislar tashkilotga a‘zo davlatlarning turli maqsadlarni ko‘zlashlariga urg‘u berishadi.

Xitoy ShHTga a‘zo mamlakatlarga istiqbolli eksport bozori sifatida qaraydi va iqtisodiy hamkorlik masalalarini ilgari surishga harakat qiladi.

Rossiya esa, o‘z navbatida, mintaqaviy xavfsizlikka ko‘proq e‘tibor qaratadi va tashkilot yordamida Markaziy Osiyoga ta‘sirini kuchaytirishga harakat qiladi.

Vladimir Putin o‘z prezidentligi davrida Rossiya ShHTdan Vashingtonning Markaziy Osiyoga o‘takazadigan ta‘siriga muqobil kuch sifatida foydalanishga uringan edi.