O‘zbekiston: "Ezgulik" sobiq mirshab o‘limi yuzasidan izoh talab qildi
O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati huquq-tartibot organlaridan o‘tgan yakshanba kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB tergov bo‘limi izolyatorida sobiq militsiya militsiya xodimining o‘ldirilishi yuzasidan izoh berishga chaqirgan.
Jamiyat, shuningdek, Almardon Ro‘ziqulov o‘limiga aloqador shaxslarni jazoga tortishni talab qilgan.
"Ezgulik" chiqargan bayonotda ta‘kidlanishicha, sobiq militsiya xodimi Almardon Ro‘ziqulov "tergovchilar tomonidan qo‘llanilgan noinsoniy qiynoq va zo‘raki iqrorlik olishga urinish davrida o‘lgan".
Jamiyatning o‘z mahalliy xodimi ma‘lumotiga tayanib xabar berishicha, 28-yoshli Almardon Ro‘ziqulov qoramol o‘g‘irlashda gumon qilinib hibsga olingan.
Dushanba kuni tuproqqa topshirilgan Almardon Ro‘ziqulovning ichki ishlar organlari safida xizmat qilib, iste‘foga chiqqani xabar qilinadi.
"Ezgulik" xabariga ko‘ra, marhum qarindoshlari Chiroqchi tumani Ichki Ishlar Bo‘limi ma‘muriyatidan "mazkur qiynoq va qotillik uchun" izoh talab qilishmoqda.
"Ezgulik" sobiq mirshab o‘limi yuzasidan "biror izoh yoki ma‘lumotga" ega emasligini bildirgan.
"Ro‘ziqulovlar xonadoniga yaqin manbalar Almardon oilaning kenja farzandi ekani, uning bu tariqa o‘ldirilishi qarindonshlar orasida chuqur emotsiya va g‘azab uyg‘otganini ta‘kidlamoqda," - deyiladi "Ezgulik" bayonotida.
BBC "Ezgulik" jamiyatining so‘zchisi Abdurahmon Tashanovga bog‘lanib, avvaliga hodisa tafsilotini so‘radi.




























