Kondoliza Rays: Andijon masalasida Ramsfeldga yon bermadim

Prezident Jorj Bush ma‘muriyatining qudratdan ketishidan bir necha yil o‘tib, sobiq xodimlarining Oq uyda kechgan hayotlari haqida chop etayotgan xotiralari ularning qay asosda siyosat yuritganlarini biroz bo‘lsa-da, chuqurroq anglashga imkon beradi.
Xuddi AQSh sobiq Mudofaa vaziri Donald Ramsfeldga o‘xshab, sobiq Davlat kotibi Kondoliza Rays ham yaqinda chop etilgan Xotiralarida 2005 yil 13 may oyidagi Andijon qirg‘iniga qanday munosabat bildirish masalasida oralarida kechgan bahsu munozaralarini yodga oladi.
Chunki o‘sha paytda Amerika Qo‘shma Shtatlari Xonobodda Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun nihoyatda muhim bo‘lgan havo bazasiga ega edi.
Janob Ramsfeldning o‘zi esa, o‘sha kunlarni xotirlarkan, O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq xavotirlarini strategik manfaatlaridan ustun qo‘yishi - "ma‘muriyatining o‘z tashqi siyosatida yo‘l qo‘ygan eng afsuslanarli xatolaridan biri bo‘lgani"ni aytgandi.
Rays xonim ham yangi Xotiralarida ayni shu masalaga to‘xtalib o‘tib, bu borada qanday qilib prezident Jorj Bushni o‘z so‘zlariga ishontira olganini hikoya qiladi.
2005 yilgi qonli hodisalar ortidan AQSh inson huquqlari bilan bog‘liq ahvol haqida nihoyatda keskin hisobot chiqararkan, O‘zbekiston masalasida qarashlarimiz jiddiy to‘qnashdi.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bunga javoban Afg‘oniston ishg‘oli paytida foydalanishga ruxsat bergan harbiy bazasidan chiqarib yuborish bilan tahdid qildi.
Bu kabi imtiyoz bizga qimmatga tushmagandi, ammo u ushbu bitimni hurmat qilmadi va aytganini qildi, deydi o‘sha kunlarni xotirlarkan AQSh sobiq Davlat kotibasi.
Shunda Don meni chaqirib olib, yon berishimiz kerakligi, "harbiylarining ushbu bazaga ehtiyojlari borligi"ni aytdi. "Xavfsizligimiz xavf ostida ekani"ni ta‘kidladi.
Men Pentagonning ahvolini tushunib turganim, ammo birgina O‘zbekistondagi harbiy hozirligi deb, AQSh inson huquqlari masalasida mavqeini yumshata olmasligini aytib, javob berdim, deb yozadi Rays xonim, - "Ustiga ustak, O‘zbekiston prezidenti tahdid qilib turgan bir paytda, bosh egolmasligimizni tushuntirdim".
Nazarimda, Don buni inson huquqlari masalasini xavfsizlikdan ustun qo‘yish deb tushundi va o‘sha paytda Oq uyning Milliy Xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Stiv Hadleyga ushbu masalani prezidentga yetkazishni buyurdi.
Prezident Jorj Bush, so‘zsiz, harbiy bazani saqlab qolishni istardi. Biroq u menga biroz shashtingdan qayt, demadi va men ham bunday qilmadim, Karimov baribir o‘z po‘pisasidan qaytmasdi, men esa baza masalasida Qirg‘iziston bilan muzokaralar olib borishim mumkin edi. Yana Tojikiston ham o‘z hududidan foydalanishimiz mumkinligini bayon qilgandi, deya o‘z xotiralarida davom etadi Rays xonim.
Ammo barcha xotiralarda bo‘lgani kabi, bularning qanchasi rost ekani va qanchalik o‘zini oppoq qilib ko‘rsatish harakatlari ekanini bilish mushkul.




























