1 iyun - bolalar kuni, ammo o‘zbek bolalarini dalaga haydash boshlangan
Bugun Xalqaro Bolalarni himoya qilish kuni nishonlanmoqda.
Ushbu bayram arafasida dunyo bo‘ylab 900ga yaqin yirik ulgurji do‘konlariga ega bo‘lgan Amerikaning Gymboree Korporatsiyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxtani boykot qilish qarorini oldi.
Ko‘plab xalqaro shirkatlar O‘zbekiston hukumatini bolalar mehnatidan foydalanishda ayblab keladi.
Biroq, kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari balog‘atga yetmagan bolalar mehnatidan hali-beri voz kechadiganga o‘xshamaydi.
Rasmiy Toshkent bolalar mehnatini taqiqlovchi farmonlarni chiqargan esada, uch haftadirki mamlakatdagi ba‘zi litsey va kollej o‘quvchilari yana paxta dalalariga olib chiqilmoqda.
O‘zbekistonda bolalar mehnati muammolarini yaqindan o‘rgangan huquqbon Suhrob Ismoilovning BBCga aytishicha, xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonga bosim o‘tkazishda davom etishlari kerak va ana o‘shanda rasmiy Toshkent bolalar mehnatidan voz kechishga majbur bo‘ladi.
"Ikki-uch yil avval eslasak, haqiqatan ham davlat tan olardi bolalar mehnati borligini. Lekin, oxirgi yillarda e‘tibor beradigan bo‘lsak, hukumatning gaplari, so‘zlari o‘zgarib qoldi. Hukumat bu muammodan o‘zini chetlatishga majbur bo‘layapti", deydi u.
Suhrob Ismoilovga ko‘ra, rasmiylar bolalar mehnatini hukumat emas, balki viloyatlardagi fermerlar amalga oshirayotganini aytishadi. "Buning o‘zi shu muammo hukumat uchun ham boshog‘riq ekanini ko‘rsatadi", deydi u.
O‘zbekistonda ayniqsa oxirgi ikki-uch yil ichida bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi qonunlar qabul qilindi va xalqaro konventsiyalarga imzo chekdi, biroq amalda bu qonunlarga bo‘ysunilmaydi.
Suhrob Ismoilov bunga sabab bolalar arzon ishchi kuchi deya ko‘rilishi ekanini aytadi.
"Ko‘p voyaga yetgan odamlar boshqa mamlakatlarga ketib ishlayotgani uchun, bolalar so‘zsiz, raddiyasiz, "yur" desa chiqib ketaveradigan ishchi kuchiga aylandi", deydi huquqbon.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi to‘la isloh qilinmas ekan va fermerlarga mustaqil ravishda ekin ekib, turib olishga erkinlik berilmas ekan, davlat tomonidan bolalar mehnatidan foydalanish davom etaveradi.





























