Qodirjon Botirovning uyi Bakiyevga berildi

- Author, Shohruh Soipov
- Role, Mustaqil jurnalist
- Published
2010 yilgacha Qodirjon Botirov oilasi bilan yashagan uy mahkama qarori bilan Sanjar Bakiyevga o‘tkazib berildi.
Sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevning Teyit qishlog‘idagi uyiga o‘t qo‘yilishi yuzasidan uning yaqinlari Qodirjon Botirovdan uy uchun tovon puli to‘lashini talab qilib, sudga murojaat qilgan.
Biroq Botirovning yaqinlari bu uy uning nomida emasligini va hujjatlar qalbakilashtirilib Sanjar Bakiyevga noqonuniy o‘tkazib berilayotganidan norozi.
Qodirjon Botirovning pishiq g‘ishtdan solingan uyi Suzoq tumanining Dmitrevka qishlog‘idagi Paxta ko‘chasida joylashgan.
18 mayda tuman mahkamasi ijrochilari tarafidan hovlidagi temir eshik buzilib, mazkur xizmatning xodimlari uyning ichiga kirishgan. Guvohlarning ishtirokida Qodirjon Botirovning buyumlari uning yaqinlariga o‘tkazib berilgan.
"Uyning ichida gilamlar, televizor va boshqa buyumlar bor ekan. Barchasi qo‘shni yashaydigan qarindoshiga o‘tkazib berildi. 2010 yilgacha bu yerda Qodirjon Botirov o‘zi yashagan. U ketganidan keyin akasining qizi yashagan. Huquq tartibot idoralari xodimlari va guvohlarning ishtirokida barchasini protokol asosida o‘tkazib berdik" – deydi qishloq rahbari Abduvaxap Babanazarov.
2010 yilning may oyida Suzoq tumanining Teyit qishlog‘ida yashagan sobiq prezident Qurmonbek Bakiyev va uning yaqinlari uyiga Qodirjon Botirov odamlari tarafidan o‘t qo‘yilgani aytiladi.

Qodirjon Botirov esa, Bakiyev uylariga ular o‘t qo‘ymaganini, aksincha Teyit qishlog‘idan bir necha kilometr uzoqlikda sobiq prezident uyi yonayotganini ko‘rganini aytgan. Uning atrofida esa hozirda Jo‘g‘o‘rqu Kengash deputati Omurbek Tekebayev rahbarligidagi "Ota Makon" partiyasi tarafdorlari, hech kimni yonayotgan uy tarafga o‘tkazmay o‘rab turganini o‘zining intervyularida ma‘lum qilgan.
Bu voqeadan keyin Bakiyevning qarindoshlari keltirilgan ziyonni qoplash uchun Botirovni sudga berganlar.
2011 yilning aprel oyida Jalolobod shahar mahkamasi Qodirjon Botirovni Bakiyevlarga keltirilgan ziyon uchun 7,4 million so‘m to‘lash to‘g‘risida qaror chiqargan. Undan keyin viloyat sudi ham mazkur hukmni o‘z kuchida qoldirgan, deydi Suzoq tuman sud ijrochilari bo‘limi rahbari Dinislam Qo‘jo‘aqmatov.
"Sudning ijro qog‘ozi bizga kelib, Qodirjon Botirovga aloqador mulklar tekshiruvga olingan. Natijada Suzoq tuman davlat ro‘yxatga olish bo‘limi bergan ma‘lumot bilan Botirovga tegishli, Suzoq tumanining Dmitriyevka qishlog‘idagi Paxta ko‘chasida joylashgan 134 uyi ro‘yxatdan o‘tgani aniqlangan. Undan keyin bu uyni sud hukmi asosida musodara qilib, hukmni ijro etish va da‘voni qanoatlantirish maqsadida ish olib borilgan. Mustaqil mutaxasislar tarafidan uy 7 million 451 ming so‘mga baholanib, sotuvga qo‘yilgan. Biroq ikkinchi marotaba sotuvga arzonlantirilgan holda qo‘yilgandan keyin ham xaridor chiqmaganidan keyin, viloyat sudining 2016 yil aprel oyidagi qarori asosida uy Sanjar Bakiyevga o‘tkazib berildi" – deydi Ko‘jo‘aqmatov.

Qodirjon Botirovning uyi o‘tkazib berilgan Sanjar Bakiyev 2010 yilning 7 aprelida qudratdan ag‘darilgan prezident Qurmanbek Bakiyevning ukasi Jusupbek Bakiyevning o‘g‘li. U o‘sha yilning may oyida Jalolobodda tartibsizliklar uyushtirgan, davlat rasmiylariga qurol qo‘llagan degan ayblovlar bilan 10 yilga qamoq jazosiga hukm etilgan edi. Ko‘p o‘tmasdan Oliy sud ushbu hukmni o‘zgartirib, kichkina Bakiyevga besh yillik qamoq jazosini tayinlagan.
Sanjar Bakiyev 2014 yilning noyabr oyida jazo muddati yakunlangani sabab qamoqdan ozod etilgan. Qodirjon Botirov uyining yangi egasi uyni qanday maqsadda foydalanishi aniqlaganicha yo‘q. Hozirda hujjatlar tayyorlamoqda.
"2010 yilning may oyida men yashayotgan bu uyni, amakim va katta otamizning uyini Botirov rahbarligidagi separatistlar yoqib yuborishgan. U paytda xalqaro va parlament deputatlaridan tashkil topgan komissiya ham kelib, qaror qilishgan. Mening yaqinlarim o‘sha paytda Botirovning ustidan sudga arz qilib, keltirilgan ziyonni to‘lab berishini talab qilgan. Shahar sudi ishni bizning foydamizga hal qilib bergan, natijada uyni olishimizni taklif qildi. Men rozi bo‘ldim. Hozir hujjatlar tayyorlanmoqda. Bizning ziyon shu bilangina qoplangani yo‘q. Yaqin kunlarda Botirovga tegishli yerlarni ham olish uchun sudga murojaat qilaman" – deydi Sanjar Bakiyev.
Hozirda Qodirjon Botirovning uyida vaqtinchalik yashayotgan akasining qizi Gulchehra Alimova huquq tartibot idoralari Bakiyevlarga uyni noqonuniy o‘tkazib berayotganini aytadi. Sababi, bu uy Qodirjon Botirovning emas, uning to‘ng‘ich farzandi Botirjonning nomida. Katta otalari ushbu uyni 1998 yili Qodirjon Botirovning o‘g‘liga meros qoldirgan. Biroq shunga qaramay qalbaki hujjatlar bilan sud ijrochilari uyni Bakiyevlarga o‘tkazib bermoqda.
"Bizda qonun umuman ishlamaydi. Bakiyevlar bizga bosim qila boshlashdi. Bu uy Suzoq tuman davlat qayd etish boshqarmasi tarafidan 1998 yili Qodirjon Botirovning 1992 yilda tug‘ilgan o‘g‘liga meros qatori o‘tkazib berilgan. Bizning qo‘limizda barcha hujjatlar va qizil kitob turibdi. Bularni qayd etish boshqarmasi qalbakilashtirib, uyni Sanjar Bakiyevga sud orqali o‘tkazib bermoqda. Men bu xolat yuzasidan Suzoq tuman sudiga arz qilaman, biroq masala baribir Bakiyevlar foydasiga hal etilayapti. Qonun bo‘yicha merosga qoldirilgan mulkni tortib olishga hech kimning haqqi yo‘q deb hisoblayman. Kecha bizning noroziligimizga qaramay huquq tartibot idora xodimlari kelib, uyni Sanjarga o‘tkazib berishdi. Endi bo‘lsa uning yaqinlari yerni ham tortib olishmoqchi. Biz qonun emas, kuch va bosim ustuvorlik qilgan zamonda yashayapmizmi? Nima qilishimizni ham bilmay qoldik" – deydi Gulchehra Alimova.
2010 yilning iyun oyida O‘sh va Jalolobodda yuz bergan qonli voqea bo‘yicha ayblanib, sirtdan umr bo‘yi qamoq jazosiga hukm etilgan, xozirda Ovropa davlatlarining birida yashayotgan Qodirjon Botirovning mulklari 2011 yili sud qarori asosida davlat xisobiga o‘tqazilgan. Qodirjon Botirov va uning turmush o‘rtog‘i Karomat Botirovalarga tegishli jami 28 ta mulk qamoqqa olingan. Ularning qatoriga hozirda Bakiyevlarga o‘tkazib berilgan uy ham bor.
- BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+ - BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring




























