Ozarbayjon: Qorabog‘da o‘t ochish to‘xtatildi

Сурат манбаси, AFP
Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochish bir tomonlama to‘xtatilganini e‘lon qildi.
Armaniston Mudofaa vazirligi bu xabarni tasdiqlagani yo‘q.
Tog‘li Qorabog‘da shanba kuni boshlangan to‘qnashuvda ikkala tomondan 30 inson halok bo‘lgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi vakiliga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat chaqiriqlari inobatga olindi. Biroq, Arman tomoni kelishuvga amal qilmasa, provakatsion harakatlar davom ettirilib, aholi yashash joylari nishonga olinsa, Ozarbayjon harbiy harakatlarni qayta boshlashidan ogohlantiradi.
"Tinchliksevarlik asoslari va xalqaro hamjamiyat chaqiriqlarini bee‘tibor qoldirmagan holda, Ozarbayjon jangovor harakatlarni bir tomonlama to‘xtatishga qaror qiladi va yaqinda ozod qilingan hududlarni mustahkamlaydi", deyiladi Ozarbayjon Mudofaa vazirligi murojaatida.

Сурат манбаси, EPA
Qorabog‘ harbiylari va Armaniston Mudofaa vazirligi janglar to‘xtamaganini aytmoqda.
Armaniston Mudofaa vazirligi vakili Artsrun Ovannisyan Ozarbayjon murojaatini "axborot qopqoni" deb atagan.
Shanba kuni ertalab Ozarbayjon va Armaniston 1994 yilda kelishilgan otashkesimdan buyon eng miqyosli janglar boshlanib ketganini xabar bergan. Tomonlar hujumda bir-birini ayblaganlar.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun har ikkala tomonni bosiqlikka chaqirgan.
Ayni vaqtda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on voqeada Ozarbayjon tutgan mavqe‘ni quvvatlashini aytgan.

Сурат манбаси, AFP
Rasmiy xabarlarga binoan, Ozarbayjon 12 harbiysini yo‘qotgan, MI-24 tikuchari Armaniston kuchlari tomonidan urib tushirilgan, bir tanki portlatilgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armanistonning 100 askari o‘ldirilgani, tanki, artilleriya vositalari yakson qilingani, Qorabog‘dagi bir nechta strategik nuqtalar egallangani haqida xabar tarqatgan.
Armaniston qurbonlar haqida Ozarbayjon bergan ma‘lumotlarni rad qilgan. Armaniston Prezidentining bildirishicha, to‘qnashuvlarda 18 askar halok bo‘lgan, 35 tasi jarohat olgan.
Yakshanba kuni Armaniston Ozarbayjon tomonidan artilleriya otishmalari boshlanganini bildirgan.
Ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, ikki qorabog‘lik harbiy yaralangan.
Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ uchun 1988-1994 yillar davom etgan urushda 30 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan.
1994 yil otashkesimga kelingan. Biroq asli Ozarbayjon hududi bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ armanlar nazoratiga o‘tgan.
Oxirgi yillarda bir nechta to‘qnashuvlar yuz bergan. Shanba kuni boshlanib ketgan otishmalar ular ichida eng halokatlisi bo‘lgan.
- Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBCUZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
- uzbekweb.netga kiring.





























