"Rossiya uchog‘i Turkiya hududiga kirmagan"

Published

Rossiya Mudofaa vazirligi Turkiya havo hududini Suriyada joylashgan Rossiya harbiy bazasidagi Su-34 harbiy uchog‘i buzgani haqidagi ayblovini rad etgan.

30 yanvar kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z havo hududi Rossiyaning bombadimonchi uchog‘i tomonidan buzilgani, juma kuni yuz bergan hodisada Su-34 uchog‘ining uchuvchisi rus va ingliz tillaridagi ogohlantrishlarga javob bermagani haqida xabar tarqatgan.

Shu munosabat bilan Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya elchisi chaqirtirilgani va elchiga Turkiya tomonining "norozilik va g‘azabi izhor etilgani" xabar qilingan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on yana o‘zlarining havo hududi buziladigan bo‘lsa, buning oqibatlari Rossiya uchun yomon bo‘lishidan ogohlantirgan.

"Agar Turkiyaning suveren huquqlarini buzishni davom ettiradigan bo‘lsa, Rossiya uchun oqibatlari yomon bo‘ladi. Bunday mas‘uliyatsiz qadamlar Rossiya Federatsiyasining foydasiga ham, Rossiyaning NATO bilan munosabatlariga ham, mintaqa va butun dunyodagi tinchlik foydasiga ham xizmat qilmaydi", deb aytgan Prezident Erdo‘g‘on Istanbul aeroportida jurnalistlar bilan muloqotda.

Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov Turkiya ayblovini rad etgan.

Konashenkov so‘zlariga ko‘ra, Turkiya harbiylari bilan rossiyalik uchuvchilar o‘rtasida "ovozli muloqotlar anchadan buyon yo‘q".

Rossiya bilan Turkiya o‘rtasidagi aloqalar noyabr oyi oxirida Turkiya o‘zining Suriya bilan chegarasida Rossiyaning Su-24 harbiy uchog‘ini urib tushirganidan keyin yomonlashdi.

Turkiya tarafi Suriya hududida bombardimon bilan shug‘ullanayotgan Rossiya uchog‘i o‘zlarining havo hududini buzib kirganini aytgan.

Rossiya tomoni esa o‘z uchoqlari Turkiya hududiga o‘tmaganini aytib keladi.

Ushbu hodisa ortidan Rossiya Turkiya oziq-ovqatlarini olib kirishni taqiqladi.

Turkiyaga sayyohlik maqsadidagi safarlar bekor qilindi.

2016 yil 1 yanvaridan Turkiya fuqarolari uchun viza joriy etildi.

Turkiya shirkatlarining Rossiya hududida biznes bilan shug‘ullanishi ham og‘irlashtirildi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio