Yamanda o‘g‘irlangan tojik hamshira hikoyasi

Yamanlik ayollar Gulruhsor Rafiyevaning ozod etilishini talab qilishgandi
Сурат тагсўзи, Yamanlik ayollar Gulruhsor Rafiyevaning ozod etilishini talab qilishgandi
Published

Yamanda hamshira bo‘lib ishlagan tojikistonlik Gulruhsor Rafiyeva BBCga qanday qilib jangarilar qo‘liga tushib qolgani va, o‘z boshidan kechirganlariga qaramay, nima uchun Yamanga qaytishga tayyor ekanini so‘zlab berdi.

Ikki farzandning onasi, Tojikiston shimolidagi Panjikent shahri yashovchisi Gulruhsor Rafiyeva musulmon davlatlarga tibbiy xodimlarni yo‘llash dasturi doirasida Yamanga borgan. U Yamanning Marib shahridagi harbiy kasalxonada akusher-hamshira bo‘lib ishlagan.

2014 yil kuzida vataniga qaytishiga bir kun qolganida uni noma‘lum kishilar o‘g‘irlab ketishdi va o‘zlarining turmadagi qarindoshlari ozod qilinsagina, hamshirani qo‘yib yuborishlarini aytishdi.

Hukumat versiyasiga ko‘ra, o‘g‘rilar Al-Qoida jangarilari bo‘lishgan. Rafiyevaning ozod qilinishi yo‘lidagi muzokaralarda Tojikiston va Yaman hukumatlari, hamda mahalliy qabilalar shayxlari ishtirok etishdi.

Yaman xusiy isyonchilar va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlar ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan prezident Abd-Rabbu Mansur Hadiy tarafdorlari o‘rtasidagi fuqarolar urushi tufayli boshboshdoqlikka yuz tutgan.

Hozirda ozodlikda bo‘lgan Gulruhsor Rafiyeva o‘z vatanidagi maoshi farzandlarini boqishga yetmayotgani tufayli Yamanga qaytishga tayyor.

Rafiyeva bilan BBC muxbiri Anora Sarkorova suhbatlashdi.

Gulruhsor Rafiyeva: Men Yamanda olti yildan ko‘proq vaqt ishladim. Ishim o‘zimga juda yoqardi. Yaman hukumatidan faxriy yorliqlar ham olganman. Muammo shuki, u yerda ayol shifokorlar yo‘q, shuning uchun, ayol shifokorlarning bari xorijdan taklif qilinadi. Maribliklar meni yaxshi bilishardi, shuning uchun, meni garovga olishganida, aholi meni ozod qilishni talab qilib namoyishga chiqqan.

BBC: Sizni qanday o‘g‘irlab ketishgan? Kim edi u odamlar?

G.R.: Men u odamlarni tanimayman. Ishdan qaytayotganimda, mashina kelib to‘xtadi va niqob taqib olgan odamlar meni ushlab mashinaga solib olib ketishdi. Yuzlarini ko‘ra olmadim. Boshida uncha yomon emasdi ahvolim, ovqat, suv berishardi. Bir-ikki kundan keyin ozod qilamiz deb va‘da berishdi. Meni o‘g‘irlagan erkaklar qamoqdagi qandaydir qarindoshlari haqida va ular ozod qilinsa, men ularga almashinishim haqida gapirishardi. Shaxsan menga va mening mamlakatimga ular hech qanday da‘volari yo‘qligini aytishdi. Bir necha kun kutdim, keyin meni ozod qilish niyatlari yo‘qligini tushunib yetganimdan keyin, meni qo‘yib yuborishlarini talab qila boshladim. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, balki katta xato qilgandirman, eshiklarni urib, derazalarni sindirdim, qichqirdim, qo‘yib yuborishlarini talab qildim. Bu esa o‘g‘rilarimni asabiylashtirdi va meni zanjirlab, yerto‘laga qamab qo‘yishdi. Jazo sifatida faqat suv bilan non beradigan bo‘lishdi. To‘rt oy davomida men faqat non va suv bilan oziqlandim. Kuniga bir marta zanjirlarda meni hovliga olib chiqishardi, keyin esa yana yerto‘laga olib tushib, qochib ketmasligim uchun qulflab qo‘yishardi.

BBC: Ular bilan muloqot qilishga, kim ekanligingizni tushuntirishga urindingizmi?

G.R.: Biz arab tilida muloqot qildik. Men arab va ingliz tillarida gapiraman. Bu shartnoma asosida Yamanga keladigan barcha shifokorlarga qo‘yilgan talab. Albatta, sizlarga nima yomonlik qildim, deb ularning rahmini keltirishga urindim, lekin ish bermadi. Men o‘g‘irlab ketilishimdan bir necha kun avval o‘zbekistonlik bir hamkasbim - toshkentlik vrachni ham garovga olishgandi, lekin keyinroq garov puli evaziga ozod qilishgan. O‘z o‘g‘rilarimdan ular ruslarni tashiyotgan butun boshli avtobusni o‘g‘irlab ketishni rejalashgani, ammo buning uddasidan chiqa olishmagach, yo‘lda meni ko‘rib qolishganlarini bilib oldim. Aslida rejada meni o‘g‘irlash bo‘lmagan, lekin o‘sha kuni boshqa hech kimni ko‘rishmagan ekan. Men ular bilan gaplashishga urinardim, ikki bolam bor, qari va kasal ota-onam bor, men musulmonman, derdim. Ota-onamga bir telefon qilay desam, ruxsat berishmadi. Hujjatlarim, telefonim, shaxsiy narsalarimni olib qo‘yishdi. Bir necha bor meni qattiq do‘pposlashdi. Ozod qilishlarini talab qilsam, ular bilan urushsam yo tortishsam, urishardi. Ayamay urishardi, shlang bilan, qo‘llari, oyoqlari bilan. Bir necha erkak birga urishardi, va agar yana ularni bezovta qilsam, o‘ldirishlarini aytishardi. Ayol kishi bo‘lsam ham, hech qanday shafqat yo hurmat yo‘q edi. Bir kuni men qattiq urishganidan keyin, tobim qochdi, boshiq qattiq og‘riyotgandi. Ularning biridan menga dori keltirishlarini so‘radim. Menga bir pachka og‘riqni qoldiruvchi dori olib kelib berishdi. Men hammasini birdaniga ichvordim. Hushimdan ketsam, kasalxonaga olib borishadi, deb umid qilgandim. Lekin, tobim qocha boshlaganida, ular meni hech qayoqqa olib bormasliklarini aytishdi. Agar o‘lsang, axlatga olib chiqib tashlaymiz, deyishdi. O‘zim o‘zimni zaxarlanish holatidan chiqish uchun davolashimga to‘g‘ri keldi. Eng alam qiladigani, menda 2014 yil 30 oktyabrida Tojikistonga qaytish uchun avia chiptam bor edi. 29 oktyabrda meni o‘g‘irlab ketishdi. Tez-tez bir joydan ikkinchisiga ko‘chirishardi, chunki politsiya topib olishidan qo‘rqishardi.

BBC: Qanday ozod qilindingiz?

G.R.: Meni 2015 yil 10 fevralida ozod qilishdi. Bundan bir kun oldin yerto‘lada o‘tirganimda, tepada nimanidir nishonlayotganlarini eshitdim. Bayram sadolari edi. Ularning o‘zaro gaplaridan kimdir turmadan ozod qilinganini angladim. Keyinroq bilsam, ularning Amerika uchog‘ini bombalash harakati uchun qamoqda o‘tirgan aka-ukalarini ozod qilishgan ekan. O‘g‘rilar o‘zaro mening taqdirimni muhokama qila boshladilar, nima qilamiz, o‘ldiramizmi, sotamizmi, chiqarib tashlaymizmi, deb. Lekin, agar o‘ldirishsa, javobgarlikka tortilishlaridan qo‘rqishdi. Axir ularning talablari qondirildi-ku. 10 fevralda oldimga tushib, kiyinishimni buyurishdi. Men qarshilik ko‘rsata boshladim, chunki meni o‘ldirishga olib ketishayapti deb ishongandim. Sanadagi aeroportda meni Turkiyaga ketadigan uchoqqa chiqarishganidan keyingina, meni qo‘yib yuborganlariga ishondim. Ozodlik nima ekanini so‘z bilan tasvirlash qiyin. Meni boshqa garovdagilar kabi yana sotib yuborishadi deb qo‘rqqandim. Ayol kishi uchun garovda bo‘lish naqadar mushkul narsa ekanini ko‘p eshitganman. Ularni sotib yuborishlari, yoki majburan erga berishlari mumkin. Menga tegishmadi, balki erim bor, deb aldaganim uchundir. Garovda paytim o‘g‘rilarning xotinlari bilan tanishdim. Do‘stlashib ham qoldim. Yonimga tushishardi, yashirincha shirinliklar olib kelishardi. Ularga yordam berardim, non yopishayotganida bolalariga qarardim, o‘zlarini va bolalarini davolardim. Lekin erlaridan juda qo‘rqqanlari uchun ochiqcha menga yordam berishmasdi.

BBC: Shu dahshatlardan keyin yana Yamanga qaytish haqida o‘ylayapsizmi?

G.R.: Ha, chunki boshqa ilojim yo‘q. Bilaman, xavfli ekanini. Vatanda ochdan o‘laymi yoki u yoqda terrorchilarning o‘qidan? Baribir bir kun o‘lamiz. U yerda ish bor, oyiga 1 ming dollar maosh olaman, bu yerda esa tajribali tibbiyot xodimi bo‘la turib ham bir statist sifatida 30 dollar olaman. Yaman odamlari va hukumati menga juda yaxshi munosabat qilishardi, mehnatimni qadrlab, hurmat qilishardi. Vatanda esa va‘da ustiga va‘da, hech qanday qo‘llab-quvvatlov yo‘q. Ota-onamni, bolalarimni tashlab ketgim kelmaydi, lekin nima qilay? Yamanda sobiq Sovet Ittifoqidan kelgan erkak va ayollar ko‘p. Agar o‘z uyimda hech bo‘lmasa 100 dollar ishlab topganimda, u yoqlarga ketmagan bo‘lardim.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio