Rossiya va Frantsiya prezidentlari Suriya hujumlarini muhokama qiladi

Сурат манбаси, AP
Rossiyaning Suriya hududiga havodan berayotgan "pala partish" zarbalaridan xavotir bildirilayotgan bir vaqtda Frantsiya va Rossiya prezidentlarining juma kuni uchrashuvi kutilmoqda.
Frantsiya kuchlari AQSh kabi o‘zini Islomiy davlat deb atayotgan jangarilarni havodan bombalamoqda. Biroq Amerikaning iddoa qilishicha, Rossiya Suriya muxolifatiga qarshi tasodifiy zarbalar bermoqda.
Rossiya o‘z navbatida AQSh boshchiligidagi koalitsiya zarba berayotgan guruhlarni mo‘ljalga olayotganini ta‘kidlamoqda.
Frantsiya Rossiya so‘zlarining to‘g‘riligi ahamiyatli ekanligini aytib chiqdi.
Suriya muxolifati va boshqalarning ta‘kidlashicha, Kreml ittifoqchisi Suriya prezidenti Bashar Asadga qarshi isyonkor guruhlar Rossiya hujumlariga nishon bo‘lmoqda.
Frantsiya prezidenti Fransua Olland IDning arabcha nomini ishlatgan holda "havodan hujumlarni kim berishidan qat‘iy nazar - nishon Dayesh bo‘lishi kerak, boshqa guruhlar emas"ligi muhimligini aytgan.
Janob Olland Rossiya prezidenti bilan juma kuni Parijda uchrashadi. Uchrashuv Ukrainada tinchlikka erishish urinishlarini muhokama qilish deb atalayotgan bo‘lsa-da, biroq u Suriya inqirozi soyasida qolib ketishi taxmin qilinmoqda.
Rossiya tomoni, payshanba kungi havo hujumlarida IDning qurol yaroq omborlari va boshqaruv markazlarini nishonga olganini aytgan.
Nyu Yorkdagi BMT qarorgohida gapirgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya Al Qoidaning ittifoqchisi Al Nusra jabhasi kabi boshqa terrorist guruhlarga ham qarshi kurashishi mumkinligini aytgan.
Uning aytishicha, Rossiyaning pozitsiyasi Iroq va Suriyada o‘tgan yildan beri havo hujumlari berayotgan AQSh boshchiligidagi koalitsiya bilan bir xil.
"Biz o‘z xalqiga qarshi bo‘lgan biror shaxsni qo‘llamaymiz. Biz terrorizmga qarshi kurashamiz", - degan u. Lavrovga ko‘ra nishonlar Suriya armiyasi bilan o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda tanlangan.
Pentagon va Rossiya payshanba kuni Suriyadagi uchoqlari o‘rtasida halokatli to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida ilk bor muloqot olib borgan.
Biroq Vashington Rossiya ID nazorat qilayotgan hududlarni nishonga olmayotganidan xavotir bildirib chiqqan.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio




























