"Setora" guruhi sahnaga qaytishiga kim to‘sqinlik qiladi?

1990-yillar oxirlari va 2000-yillar boshlarida o‘zbek estradasining eng mashhur guruhlaridan biri sanalgan "Setora" guruhi bugunda yana birlashmoqda.
Guruhning "Yonma", "Sog‘inaman", "Hayr, maktabim", "Vafodoring", "Ey qaxri qattiq", "Ajdodlar ruhi", "Sen borsan" va boshqa ko‘plab qo‘shiqlari ovoz yozish studiyasidan chiqishi bilanoq xitga aylanardi.
Toshkentdagi musiqiy maktabda bolaligidanoq birga o‘qib katta bo‘lgan Feruza Latipova, Komila Xo‘jayeva va Laylo Galiyeva "Setora" guruhining ilk tarkibida edilar. Guruh nafaqat O‘zbekistonda, balki Qozog‘iston, Rossiya, Britaniya va boshqa xorij mamlakatlarida kontsertlar bergan.
Ammo, yosh qizlarning o‘z huquqlari borasida guruh menejmenti - "Tarona Rekords" bilan kelisholmay qolishlari ularga qimmatga tushdi. "Tarona Rekords" ulardan "Setora" nomini olib qo‘ydi va boshqa uch qiz bilan guruh tuzdi. Ammo, ikkinchi tarkibning muvaffaqiyati birinchisinikidek bo‘lmadi.
Shou-biznesda biroz tajribaga ega bo‘lib qolgan Feruza, Laylo va Komila mustaqil tarzda tuzgan "Setanho" guruhining umri ham uzoqqa cho‘zilmadi.
Bugunda uchovi ham ona bo‘lgan qizlar Toshkentda yana birlashib, kontsertlar berishni boshlashgan. Ibrat Safo ular bilan bog‘lanib, bu harakatlari qanchalar unumli bo‘layotganini so‘radi.
Komila: Men Feruza AQShdan O‘zbekistonga kelganidan juda xursandman. U hozir Toshkentda, lekin faqat qisqa vaqtga kelgan. Shunday bo‘lsa-da, biz yana birlashib, yonma-yon turib, muxlislarimiz qarshisida o‘z ashulalarimizni yana bir bor aytishga imkoniyat tug‘ildi.
Laylo: Bu chiqishlarimizni hali kontsert deb atamagan bo‘lardim, bu katta tanaffusdan keyin berayotgan ko‘rinishimiz, xolos. Xudoga shukur aytaman, bizni hali ko‘plar eslashidan va yaxshi ko‘rishidan juda xursandman. Biz "Setora" guruhining birinchi tarkibimiz va ana shu tarkibdagi qizlarning muxlislari hali ham saqlanib qolgan va bizni ko‘rishga kelishayapti.
BBC: Hozir qayta diydorlashib, birgalikda qo‘shiqlaringizni aytib, faqat eski kunlarni eslashga qaror qildingizmi yoki bu birlashish "Setora" guruhini tiklash va kontsertlar berish yo‘lidagi jiddiy qadammi?
Laylo: Bizga juda ko‘p maktublar, sharhlar kelib tushadi. Muxlislarimiz bizdan juda ko‘p iltimos qilishardi, yana birlashinglar, birga qo‘shiq aytishingizni ko‘raylik, deb. Feruza mehmonga kelayotganini bilganimizdan keyin, shu imkoniyatdan foydalanib qolishga qaror qildik va hammamiz birgalikda qaror berdik.
Komila: Guruhimizni jiddiy tarzda qayta tiklash va yangi albom yozish borasida hozircha gapirishga biroz erta, degan bo‘lardim. Chunki, hozircha biz hali ham o‘zlarimizning yakka loyihalarimiz ustida ishlayapmiz. Masalan, Layloning o‘z yakkaxon loyihasi bor. Feruza ham Amerikada ijod qilayapti. Men esa o‘zimning ishlarim bilan mashg‘ulman... Biz olti yildirki, birga ijod qilmadik, bilasizmi? Shuning uchun, qayta birlashib qo‘shiq kuylash fikri barchamizni biroz bezovta qildi. Yana bir-birimizni avvalgidek his qilib, tushunib ishlay olarmikanmiz, deb o‘ylandik. Chunki har qanday guruh asosida bir-biringizni qo‘llab-quvvatlash, bir-biringizga ijodkor sifatida o‘ziningizni namoyon etishga yordam berish harakatlari yotadi. Meni baxtiyor qiladigani shuki, biz hali ham bir-birimizga nisbatan chuqur hurmatga egamiz, bir-birimizning mustaqil faoliyatimizni hurmat qilamiz. Hozir yana o‘tmishga qaytib, o‘zimizga va boshqalarga taqdim qilgan xursandchiligimizni qayta his qilayotganimizdan mamnun bo‘layapman. Har qalay, bizning ijodimizga 20 yil to‘lishiga oz qoldi! Hozirgi harakatlarimiz yana birga ishlab ko‘rish yo‘lidagi kichik qadamlardir. Juda umid qilamanki, mualliflik huquqlarimiz borasidagi muammoni yechish va yana "Setora" guruhi nomidan qo‘shiq kuylash imkoni paydo bo‘ladi.
BBC: Ba‘zi e‘lonlarda sizni "Setora", ba‘zilarida esa "Setanho" deya tanishtirishayapti. Nima uchun? "Setora" nomini qo‘llashingizga endi hech qanday huquqiy tahdid yo‘qmi? Ma‘lumki, "Setora" guruhining ikkinchi tarkibi ham tarqab ketdi...
Laylo: Gap shundaki, biz qonunga binoan, o‘zimizni "Setora" deb atashga haqqimiz yo‘q. Lekin, xalq bizni shu nom bilan tanigan va eslaydi. Biz "Setora" guruhidan ketganimizdan keyin "Setanho" deb o‘zimizni ataganmiz, bu Setora Tanho, ya‘ni biz tanho Setora qizlarimiz degan ma‘noni beradi. Biz baribir "Setora"miz, demoqchiman.

BBC: Feruza, sizga savol. Siz ko‘p yillardan beri AQShda yashab ijod qilayapsiz. Mana olti yil Komila va Laylo bilan birga ijod qilmabsiz. Shu vaqt mobaynida sizning va dugonalaringizning yakkaxon kareralari qanday rivojlandi?
Feruza: Asta-sekin rivojlandi. Qaysidir vaqtda u menda umuman to‘xtab qoldi. Keyin yana boshlandi. Keyin esa homilador bo‘ldim va farzand ko‘rdim. Undan biroz o‘tib yana qo‘shiq aytishni boshladim. Aytmoqchimanki, tanaffuslar bilan kechdi bu ijod. Hozir qizcham 10 oylik bo‘ldi.
BBC: Avvalgi suhbatimda Komila sizni O‘zbekistondagi eng kuchli vokalist deb atadi. Haqiqatdan ham, ovozingiz kuchli. Yaqinda "Lazgi" qo‘shig‘ini aytganingizni eshitib, qoyil qoldim. Sizda mashhur yakkaxon xonanda bo‘lib yetishishdek jiddiy maqsad bormi yo bormidi?
Feruza: Yo‘q, yakkaxon karera qilishim shart va barcha kuch-quvvatimni shu yo‘lda sarflashim kerak degan qat‘iy qaror bo‘lmadi. Amerikada yashab, men turli marosimlar va to‘ylarda qo‘shiq kuylayman, u yoqda bizning yurtdoshlarimiz juda ko‘p. Ular o‘zbek musiqasiga chanqoqlar.
BBC: Sizlar "Setora" guruhi bilan juda mashhur bo‘lgandingiz, o‘sha mashhurlikni yana tiklash niyati bormi? O‘zbekistonga uzoqroq vaqtga qaytib, albom chiqarish rejangiz bormi?
Feruza: Afsuski, hozir men uzoq vaqtga O‘zbekistonga qayta olmayman. Lekin, kelajakda, bor kuchimizni yig‘ib, kelinglar, albom chiqarishimiz kerak, deya qat‘iy maqsad qilib olsak, sizga albatta xabar beramiz. Mana hozir birga yana qo‘shiq aytayapmiz, o‘zimni huddi hech qayerga ketmagandik his qilayapman. Albatta, oz-moz hadiksirash bor, lekin ko‘p yillar avvalgiga qaraganda, juda oz. U paytlar juda yosh edik.
BBC: "Tarona Rekords" bilan bo‘lgan tortishuvga qaytsak. Bu studiya bilan munosabatlaringiz o‘zgarganmi va ular sizga "Setora" nomini yana qo‘llashga ruxsat berishi mumkinmi?
Feruza: Bilasizmi, hozircha bu juda qiyin, menimcha.
Komila: Men yaqinda shu ishlar bilan yurdim va patent huquqini aniqlash uchun idoralarga murojaat qildim. Ammo, hozircha "Setora" nomi "Tarona Rekords"ga tegishli bo‘lib qolayapti va bu studiya, afsuski, bugungi kunda biz bilan muzokara qilishga xohish-istagi borligini izhor qilmayapti. Biz ular bilan muloqot qilishga harakat qildik, lekin hozircha buning imkoni bo‘lmayapti. "Tarona Rekords" nimaga bunday yo‘l tutayotganini bizga izohlamayapti, aftidan ularning o‘ziga yarasha sabablari bor.
BBC: Sizda armon yo pushaymon bormi, o‘sha ko‘p yillar avval boshqacha yo‘l tutsak, balki hozir ham "Setora" guruhi tarkibida xitlar chiqarayotgan bo‘lardik, degan?
Feruza: Men o‘ylaymanki, inson peshonasida nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘radi. To‘g‘ri ish bo‘lganmi yo noto‘g‘ri, buni gapirishdan hozir foyda yo‘q.

BBC: Laylo, siz ham yakkaxon xonanda sifatida qo‘shiqlar chiqarib kelayapsiz. Mamnunmisiz ijodingizdan?
Laylo: Men yana katta yulduz bo‘lishim kerak va qo‘shiqlarim birinchi o‘rinlarda xit bo‘lishi kerak degan maqsad yo‘q edi menda. Gap shundaki, bolaligimdanoq butun hayotim musiqa bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ham, musiqani tark eta olmayman. Komila va Feruza uzoq vaqt Toshkentda bo‘lishmagani uchun men o‘zim yakkaxon xonanda sifatida qo‘shiq kuylashda davom etdim.
BBC: Hozir birga kuylash uchun qo‘shiqlaringizni qayta yozdingizmi yoki faqat jonli ijro etayapsizmi?
Laylo: Biz faqat jonli qo‘shiq kuylayapmiz. Bizga bir ansambl cholg‘u asboblari bilan hamrohlik qilayapti, juda professional ijro etayapti. O‘ylaymanki, biz buning uddasidan chiqayapmiz. Afsuski, huquqiy chegaralar tufayli ularni qayta yozib chiqara olmaymiz. Shunga qaramay, ularni jonli ijro etishdek xavfni biz bo‘ynimizga oldik. Hozircha, Xudoga shukur, hech kim norozi bo‘lmadi, muhlislarimiz xursand. O‘ylaymanki, "Tarona Rekords" bilan yana til topishsak, eski xitlarimizni yangicha talqinda yozib chiqara olamiz.
BBC: Muhlislaringizga murojaat qilmoqchi bo‘lsangiz, marhamat.
Feruza: Hammaga baxt tilaymiz, birinchidan. Sihat-salomat bo‘lishsin, omad tilaymiz. Biz - "Setora" guruhi barcha muhlislarimizni juda sevamiz. Biz uchovimiz yana birlashib Ovro‘po davlatlari va boshqa xorijiy davlatlarda chiqishlar qilishga tayyormiz. Agar bizni taklif qilishsa, biz yana "Setora"ning ilk tarkibi sifatida borib xizmat qilishga va muxlislarimizni xursand qilishga tayyormiz. Ko‘rishguncha!
Laylo: Barchaga sevimli va serquyosh O‘zbekistonimizdan alangali salom deymiz!
Komila: Ba‘zi yurtdoshlarimiz xorijda yashashayotgan bo‘lishsa-da, bizning xalqimizni bir-biriga mehr birlashtirib turadi. Men ularga ana shu mehrni saqlab qolishlarini tilayman. Rahmat.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio































