Zarvaraqlar: Buxoro Amirining xati
Xayrullo Ismatullayev

Сурат манбаси, bbc
O‘n to‘qqizinchi asrning ikkinchi yarmi Osiyo tarixiga bosqinchilik davri bo‘lib kiradi. Bir tomondan Buyuk Britaniya mustamlakachilari Hindistonni to‘la zabt etib, boshqa qo‘shni mamlakatlarni ko‘z ostiga olib turgan, ikkinchi tomondan, Rossiya bosqinchilari Kavkazni bo‘ysundirib, Turkistonni asta-sekin qo‘lga kiritayotgan bir davr edi.
1865-1885 yillari Buxoroga Muzaffariddin (Sayyid Amir Muzaffar) amirlik qilgan edi. Ayrim g‘arb va rus tarixshunoslari (masalan, Shuyler, Kostenko, Stremuxov ) bu amirga "o‘ta badjahl", "boylikka o‘ch" deb ta‘rif berganlar.
Ovro‘polik bu tarixchilarning Muzaffariddinga "o‘ta badjahl" deb bergan ta‘riflari, albatta, besabab emas. Axir qanday qilib Yurt boshlig‘i o‘z tuprog‘ini talon-taroj etayotgan kelgindilarga nisbatan badjahl bo‘lmasin?! Ovro‘polik bilarmonlar amirni "boylikka o‘ch" deganlarida, shubhasiz, Vatan boyligini qo‘llariga kiritishni orzu etib, sovuq o‘lkalardan kelganlar yo‘liga Muzaffariddin qo‘ygan to‘siqlar nazarda tutilgan. Qaysi bir Yurt boshqoni bosqinchiga o‘z Vatani boyliklarini ikki qo‘llab tutadi, axir?!
O‘rta Osiyodan - o‘zimizdan chiqqan Chorsham‘ ismli bir yozuvchi esa Muzaffariddinga "Ruslarning Turkistonni egallagandagi asosiy aybdorlardan biri hisoblanadi", deb ayb qo‘yibdi (Chorsham‘, "Buxoro hukmdorlari", "Yoshlik" jurnali, 1997 yil, 4-son, 22-bet).
Bu hech bir mantiqqa yaqin kelmaydigan aybdir. Umuman biz, turkistonliklar kelgindi mustamlakachilardan o‘rgani6 olganimiz bir qusurdan hali ham xalos bo‘la olganimiz yo‘q.
Bu dunyodan o‘tgan o‘z boshqonlarimiz, sardorlarimizni yomon otliq qilish, yomonga chiqarish qusridir. Tariximizga bir nazar tashlasak, shu narsa ayon bo‘ladiki, sho‘ro davrida biz yigirma asrlik davlatchiligimiz mobaynida vatanimizga yetakchilik qilgan birorta yurt boshlig‘i faoliyatiga to‘g‘ri baho bera olmaganimiz ravshan bo‘ladi. Turkistonga yetakchilik qilgan barcha sardorlarga hech bir asossiz, tarixiy hujjatlarni o‘rganmay turib, faqat tanqid o‘qi otilgan xalos.
Amir Muzaffariddin ham bunday asossiz tanqid, tuhmatdan bebahra qolmagan.
O‘sha xatarli yillar har nima qilib bo‘lsa-da, Muzaffariddin Buxoroning mustaqilligini saqlashga urinib ko‘rgan. 1868 yili o‘z to‘ng‘ich o‘g‘li, Qarshi begi katta to‘ra Abdulmalik o‘ziga qarshi bosh ko‘targanda, hatto rus generali Abramovni ishga solib bo‘lsa ham, bu ko‘tarilishni bostirishga harakat qilgandi.
1868-1870 yillari Muzaffariddin ruslardan Samarqandni amirlikka qaytarib berishni talab etayotgan bo‘lsa-da, o‘zi ruslarga ishonmasdi. Ruslar bir kun kelib butun Buxoroni bosib olishiga ko‘zi yetardi.
Muzaffariddin dushmaniga nisbatan badjahl bo‘lgan bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas, biroq Tangri uni tadbirkorlikdan kamsitmagandi.
Buxoro amirligining fojeaviy kelajagiga ko‘zi yetgach, Muzaffariddin 1870 yili Hindistonni boshqarayotgan Buyuk Britaniya hokimi orqali Buyuk Britaniya qirolichasiga mahfiy ravishda yozma murojaat etadi, unga maxsus elchi orqali noma yuboradi.
Muzaffariddinning quyida keltirilayotgan xati Buyuk Britaniya tomonidan qo‘yilgan Hindiston hokimi va davlat sekretari o‘rtasida olib borilgan mahfiy xatlar orasidan joy olgan. Hozirgi kunlarda bu xat Londondagi Hamjamiyat Aloqalari Idorasining kutubxonasida saqlanadi (Commonwealth Relations Office Library).
Shu vaqtgacha bu xatning fotonusxasini emas, balki ko‘chirma nusxasini e‘lon qilishga ruxsat etilgan.
Mazkur xat fors tilining Buxoro shevasida, sharq noma san‘atiga xos o‘ta dabdabali, qadimgi uslubda bitilgan.
Shu kungacha bizning ixtiyorimizda Amir Temurning Angliya, Frantsiya, Ispaniya, Vizantiya qirollariga, Trabezund hokimiga, Turkiya sultoniga va shuningden Shohruhning Xitoy imperatoriga yuborgan va Mironshoh, Bobur mirzo, Husayn Boyqaroning ayrim xatlarining aslidan olingan nusxalari mavjud. Mana shu xat, nomalarga Muzaffariddinning mazkur xatini qiyoslasak, XIX asrning ikkinchi yarmida yozilgan bu xatda hamdu sanolar XIV-XVI asrlarda bitilgan xatlarga nisbatan ham ko‘proq o‘rinni egallagan, yozilishi lozim bo‘lgan asosiy maqsad ikkinchi o‘ringa tushib qolganligi ko‘rinadi.
Quyida biz 6u xatning tarjimasini keltiramiz.
Sayyid Amir Muzaffar xati
"Hindiston mamlakati va Sind saroyining podshohi, malikai muazzama, Jamshid kabi oliyhimmat shoh, yulduz kabi ko‘p sipohga, quyosh kabi taxtga, Faridun kabi boshqaruvga, Bahrom kabi savlatga, Kayvon kabi qadga, Barjis kabi qomatga, Attorid kabi donolikka, Nohit kabi martabaga ega bo‘lgan, qudratli davlatga asos solgan, yashnayotgan davlat qonunlari kuchini mustahkamlayotgan, Farangiston (Britaniya) va Hindiston shaharlari hukmroni, isaviylik [xristianlik] shariatini haqiqiy biluvchi, masih millati tafakkuri sirlarining koshifi, buyuk Hoqonlar va muazzam shahanshohlar xonadonining yagona vakili, ya‘ni Hoqoni A‘zam va buyuk qirolichaning dimog‘i doimo baxt mayidan xush va omad hamda baxt quvonchi ostida bo‘lsinl
Bu hamdlarni izhor etib, hamda duo etuvchilarning sovg‘a-salomlarini yuborgach, umid qilamanki, ul hazrat hamisha hukmronlik qilsin. Bihamdu va li-l minna. Barcha shodlik va quvonchlarning manbai uning ixtiyorida bo‘lsin. Omad va saodat eshiklari qudratli saltanatni boshqarayotganlar chehrasi oldida ochilsin hamda vijdon oinasi har qanday kudurat va qayg‘udan musaffo bo‘lsin. Mamlakat posbonligini va xalq osoyishtaligini hokimlar o‘z bo‘yinlariga olganliklari tufayli va buni majburiy burch va milliy vazifa deb bilganliklari sabab, safarga chiqqanlarning dillari yo‘llarda osuda bo‘lsin.
Qadim zamonlardan beri yer yuzining mashhur va ma‘lum bir qismi bo‘lgan Movaraunnahr o‘lkasi ahloqlari va shuhratlari tarix sahifalarida eslatib o‘tilgan mening ota-bobolarim qo‘li ostidagi yerning bir qismi sanalib kelingan.
Mana shu bir qism yerni boshqarish volidi buzurgvorim rahmat etganlaridan so‘ng menim qo‘limga o‘tgan edi. Oz fursat o‘tgach, bir guruh rus
toifasidagi odamlar bu yerni tasarruf eta boshladilar va ikki tomon o‘rtasida jang boshlandi. Islom ahli urush mahoratining yetishmasligi tufayli bu bosqinchilikka qarshi chiqa olmadi va natijada ayrim qal‘alarni ruslar bosib oldilar, taqdir taqozosi bilan rus qo‘li ostiga o‘tib qoldi.
[Muqaddas Quroni Karimning yoeuvlarida] "Ollohga ishonuvchilarga, islom ahliga tinchlikka, sulhga intilish eng ulug‘ harakatdir" deyilganidek, islom ahli sulh tanladilar. Bu vaqtda ular ruslardan qutula oladilar va yaxshi tadorik ko‘radilar va xalq manfaati yo‘lida yordam so‘rab, Sizga murojaat
etadilar. Hozir har bir harakat qulay vaziyatga bog‘liq. Shuning uchun ham men Abbosxojani Sizning buyuk ostonangizga elchi etib tayinladim hamda u bilan do‘stlik va yurak hislari to‘la noma yo‘lladim. Siz bizning istaklarimizni qabul etish bilan xalqimizning manfaatlarini inobatga olgan bo‘lasiz. Samimiy duolarilarimiz va yaxshi niyatlarimiz Sizgadir. Elchi saroyingizga yetganida bizning chin do‘stlik tuyg‘ularimizning qolganini yetkazadi va bu uning [elchi] uchun sharaf hisoblanadi. Siz uning boshidan shahanshoh shodliklarini benihoya yog‘dirasiz va bu sahiylik bilan amalga oshiriladi, deb umid qilinadi.
Muhr
Jumodil avval
Sayyid Amir Muzaffar 1228 hijriy
***
Muzaffariddinning elchisi Abbosxoja amir nomasini Buyuk Britaniyaning Hindistondagi vakiliga topshirganidan so‘ng, Buxoro taqdirida hech bir o‘zgarish bo‘lmaganligi tarixdan ma‘lum. Buxoro amiri bir bosqinchi zolim ustidan ikkinchi, undan ham ayyorroq bosqinchiga shikoyat qilgandi.
Muzaffariddinning xati O‘rta Osiyo Rossiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilmaganligi, balki vahshiylarcha bosib olinganligini aniq-ravshan ko‘rsatuvchi yaqqol dalil bo‘lib xizmat etadi hamda "O‘rta Osiyo Rossiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilgan" deb jar soluvchi chala mullalarlarning nazariyalari naqadar puch, qalbaki ekanligini isbotlab beradi.
Buxoro amiri Muzaffariddinnnng mazkur xati faqat tarixiy kitoblar varaqlarida qolib ketmasligiga, undan zamonaviy hokim, amirlar to‘g‘ri xulosalar chiqara olishlariga ishongimiz keladi.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio





























