Asqarov mukofoti tufayli Qirg‘iz hukumati AQSh yordam pulidan voz kechmoqchi

Qirg‘iziston prezidenti devoni AQSh Davlat departamentining Azimjon Asqarovga mukofot berish qaroridan norozilik bildirib, AQSh insonparvarlik yordamidan voz kechishini aytdi.
Hozirda bir umrlik qamoq jazosini o‘tayotgan etnik o‘zbek jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovga AQSh Davlat departamenti uch kun avval "Inson huquqlari himoyachilari mukofoti"ni taqdim qilgandi.
Uning sud ishi jarayoni xalqaro kuzatuvchilar va matbuot vositalari tomonidan qattiq qoralangan. Asqarov foydasiga amal qilgan advokatlar va guvohlar qirg‘iz qurbonlar qarindoshlari tomonidan sudda ochiqcha kaltaklangani hujjatlashtirilgandi. Asqarovning o‘zi tergov chog‘ida qiynoqqa tutilganini aytgan.
"Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi Azimjon Asqarov Qirg‘iziston sud organlari tomonidan 2010 yil iyunidagi fojeali voqealar chog‘ida millatlararo adovatni qo‘zg‘atish, ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish va huquq-tartibot organlari xodimini vahshiylarcha o‘ldirishga aloqadorlikda aybdor deb topilgan", - deyiladi Prezident Almazbek Atambayev devoni chiqargan bayonotda.

Сурат манбаси, fergananews.com
Bayonotda yozilishicha, Asqarovning aybini Qirg‘izistonda mustaqil sanalgan sud tizimi isbotlagan.
"Shunday ekan, barcha sud instantsiyalari tomonidan bu kabi og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topilgan odamning mukofotlanishi bizni o‘ta hayron qoldirmoqda va chuqur tashvishga solmoqda", - deyiladi hukumat bayonotida.
Qirg‘iziston prezidenti devoni bu mukofotni o‘z tinchligi va farovonligiga tahdid deb ko‘rib, AQSh bilan tuzilgan gumantir yordam borasidagi bitimni bekor deya e‘lon qilish niyatida ekanini aytadi.
"Qirg‘iziston Respublikasi hukumati Qirg‘iziston hukumati va AQSh hukumati o‘rtasidagi yordam ko‘rsatishni yengillashtirish borasidagi hamkorlik uchun Vashingtonda 1993 yil 19 mayda tuzilgan kelishuvni bekor deya e‘lon qilish niyatida ekanini xabar qiladi".
Mazkur kelishuvda u "Qirg‘iz Respublikasi xalqining farovonligi yo‘lidagi gumanitar yordam, hamda iqtisodiy va texnik yordamlarni ko‘rsatishni yengillashtirish" uchun tuzilgan.
Farg‘ona xabar agentligiga ko‘ra, AQSh Qirg‘izistonga yiliga bir necha o‘n million dollarlik gumantir yordamini yetkazib beradi. 1992 va 2013 yillar o‘rtasida ko‘rsatilgan yordam 2 milliard dollarga teng ekani aytiladi.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram – BBC UZBEK
Twitter – BBC UZBEK
Odnoklassniki – BBC UZBEK
Facebook- BBC UZBEK
Google+ BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio




























