Putin: "Ukrainada Rossiya qo‘shinlari yo‘q"

Сурат манбаси, Reuters
Prezident Putin yana bir marta Ukrainada Rossiya qo‘shinlari mavjudligini rad etgan.
Bu haqda u navbatdagi an‘anaviy to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti chog‘ida gapirgan.
"Bu haqda ochiq va aniq qilib aytayapman", - degan janob Putin o‘tmishda Rossiyaning taniqli siyosatchilaridan Irina Xakamadaning savoliga javoban.
U Ukraina armiyasi Bosh shtabining boshlig‘i xorijiy hamkasblari bilan uchrashuv chog‘ida aytgan "biz Rossiya bilan urushmayapmiz" degan so‘zlarini ham keltirgan.
Putin ukrainlar va ruslar bitta xalq ekani, Rossiya tinch va barqaror Ukrainani ko‘rishni istashini ta‘kidlagan.
Ayni paytda janob Putin Donbass mintaqasida ukrain armiyasi olib borayotgan harbiy harakatlarni tanqid qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Kiyevning amallari "vaziyatni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi".
"Harbiy harakatlar boshlandi. Birinchi martasida ayanchli tugadi. Ikkinchi martasida ham ayanchli yakun topdi. Uchinchi marta boshlandi - yana fojia, birinchi navbatda ukrainaliklar, ukrain armiyasi uchun. Men o‘ylaymanki, bu juda katta xato", deb aytgan Prezident Putin.
Uning fikricha, yuzaga kelgan vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l Minskda erishilgan bitimni hayotga tadbiq qilishdir.
Putin Moskva o‘z tomonidan bu bitimning bajarilishi uchun barcha choralarni ko‘rayotganini ta‘kidlagan.
Bu Prezident Putinning Ukraina sharqida Rossiya armiyasining askarlari jang qilayotganini birinchi marta rad etishi emas.
Janob Putin avvaliga Qrimda ham rus askarlari bo‘lganini rad etgan, ammo keyinroq buni tan olgan edi.
Moskva Ukrainadagi bo‘lginchilarni qurollantirayotgani va to‘g‘ridan-to‘g‘ri dastaklayotgani haqidagi g‘arbning da‘volarini rad etib keladi.
"Rossiya Eron emas"
Rossiya rahbari g‘arbning Ukraina bois Rossiyaga qarshi kiritgan jazo choralari yaqin orada bekor qilinishini kutmayotgani va bu haqda rossiyalik ishbilarmonlarga aytganini ma‘lum qilgan.
"Biz bu choralardan iqtisodda boshqaruvning yangi uslublariga o‘tishda foydalanishimiz kerak", degan janob Putin.
Uning aytishicha, jazo choralari ortiq Ukraina bilan bog‘liq emas.
Janob Putin Rossiya jamiyatidagi hozirgi birdamlik oldida "hech qanday jazo choralari qo‘rqinchli emas"ligini aytgan.
"Rossiya Eron emas. Bizning iqtisodimiz ancha katta va turfa xildir", degan u.
BBCning Moskvadagi muxbiri Sara Reynsfordga ko‘ra, Putin hokimiyatga kelganidan buyon bu yil birinchi marta Rossiya aholisining real daromadlari tushib ketgan.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot chog‘ida janob Putin, shuningdek, muxolif siyosatchi Boris Nemtsovni o‘ldirishga buyurtma berganlar hech qachon topilmasligi mumkinligini aytgan.
Putinning ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Nemtsov shu yilning 27 fevralida Kreml yaqinida otib ketilgandi.
Besh nafar chechen millatiga mansub shaxslar Nemtsovning o‘limiga aloqadorlikda ayblanib, hibsga olingan.
Putin qotillikni "sharmandali" deb atagan.
Bu Putinning rossiyaliklar bilan o‘n uchinchi an‘anaviy to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotidir.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
Skype - bbcuzbekradio





























