Aka-uka Navalniylarga 3,5 yil muddat berildi

Сурат манбаси, Reuters
Moskvaning Zamoskvoretskiy mahkamasi aka-uka Aleksey va Oleg Navalnylarni "Iv Roshe" shirkati ishi bo‘yicha aybdor deb topgan.
Hakam Yelena Korobchenko Navalnylarning har biriga 3,5 yildan muddat bergan. Biroq Aleksey Navalnyga shartli jazo tayinlangan.
Aka-ukalar "Iv Roshe Vostok" shirkatining 26 mln rubl mablag‘ini o‘zlashtirganlikda va tovlamachilikda ayblanganlar.

Сурат манбаси, AP
O‘zining oqlanishini kutib turgan Oleg Navalny bu haqda zaldagi yaqinlariga ham gapirgan. Aka-ukalarning dastlab kayfiyatlari ko‘tarinki bo‘lgan.
Shu bois sudlanuvchilar chiqarilgan hukmdan hayratda qolganlar.
Aleksey Navalny hukmni "pastkashlik" deb atadi.
Oleg Navalny mahkama zalining o‘zida qo‘liga kishan solib, panjara ichiga kiritilgan. Aleksey hukm kuchga kirgunga qadar uy qamog‘ida qolishi aytilgan.
Hakamning hukm haqida so‘roviga nisbatan Aleksey "Yo‘q tushunarli emas. Bu qanday ahmoqgarchilik?! Nima uchun qamayapsiz? Shu yo‘l bilan meni jazolamoqchimisiz?"- deb javob bergan.

Сурат манбаси, EPA
"Bu eng jirkanch va pastkash hukm. Biz hozir hukumat o‘zining siyosiy muxoliflarigina emas, ularning qarindoshlarini ham ataylab qiynab, azoblab, yo‘qotishiga guvoh bo‘lyapmiz", deydi Navalny jurnalistlarga uy qamog‘iga olib ketilishidan bir necha daqiqa oldin.
"Hukumat begunoh odamlarni ushlab, qiynoqlarga solishini to‘xtatmaguncha barchani ko‘chaga chiqishga chaqiraman", degan u.
Oleg Navalnyning advokati Kirill Polozov mijozini hibsga olinganiga qarshi shikoyat arizasi bergan.
"Aleksey Navalnyga bu bilan yana bir bor ogohlantirish berishdi, akasini garovga olishdi", deydi himoyachi Rezniy hukm haqida.
Rossiya hukumati Oleg Navalnyni go‘yo garovga olgani haqida ko‘plab muxolifat a‘zolari ham ommaviy axborot vositalari va internet ijtimoiy tarmoqlarida fikr bildirishmoqda.
Hukmlar
2013 yil iyul oyida ham aksil-Putin namoyishlariga boshchilik qilgan Aleksey Navalny o‘g‘rilikda aybdor deb topilgan va besh yillik qamoq jazosiga hukm etilgan edi. Uning o‘zi mahkama ishi asosida siyosiy sabablar yotganini aytgan.
Janob Navalny Kirov hokimi Nikita Belyxning maslahatchisi bo‘lib ishlagan davrida "Kirovles" shirkatidan 500,000 dollar o‘g‘irlagan guruhga boshchilik qilishda aybdor deb topilgandi. Biroq oradan bir necha kun o‘tgach, mahkama Navalnyga shartli jazo tayinlab, qamoqdan ozod qilgan.
"Iv Roshe" ishiga asos bo‘lgan hodisalar aslida Kirovles bo‘yicha ochilgan jinoyat ishdan oldin, ya‘ni 2008-2012 yillarda bo‘lib o‘tgan.
Navalny janoblari bundan oldin Rossiya prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yish istagini izhor etgandi. Kelgusi saylovlar 2018 yilga mo‘ljallangan.
Navalny o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni butkul rad etgan, va mazkur mahkama ishi uni siyosatdan chetlatishga qaratilganini iddao qilgan.
"Biz hammamizning mulkimizni o‘g‘irlayotgan bu feodal jamiyatni yo‘q qilamiz", - deb aytgan u.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02




























