Milliarderlar qaysi universitetdan chiqadi?

Published

Yangi so‘rov natijalariga tayanilsa, bu ro‘yxatda yuqori uchlikni faqat Amerika universitetlari egallashgan.

Agar, kelajakda milliarder bo‘lish rejangiz bo‘lsa, ularni nazardan qochirmang:

1. Pensilьvaniya universiteti

2. Garvard universiteti

3. Yelьsk universiteti

Xuddi shu o‘rinda yana bir asosli savol tug‘ilishi ham tabiiy:

Boylar cho‘ntaklariga yarasha o‘zlariga eng zo‘r tahsilni ep ko‘rishadimi va yoki butun umrlarini boyliklariga boylik qo‘shishga sarflashadimi?

Agar, o‘zlarining so‘zlariga ishonilsa, dunyodagi milliarderlarning uchdan ikki qismi universitet diplomiga ega.

Deylik, birgina Buyuk Britaniyalik milliarderlarning 80 foizi oliy tahsil olishgan.

Bu kabi so‘rovning o‘zi esa, UBS banki va Singapurning Wealth-X shirkati tomonidan o‘tkazilgan.

So‘rov jarayonida jahonning 2.500 ga milliarderi o‘z iqrorlari bilan bo‘lishishgan.

Yangi so‘rovdan chiqarilgan xulosa esa, o‘z navbatida, milliarderlar hamma narsaga faqat o‘z aqllari va mehnatlari bilan erishishganiga oid ertaklarni ham chippakka chiqarib yuborgan.

Ya’ni, dunyoning manaman, degan boyvachchalarining aksariyati universitet diplomiga ega, chorak foizi nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan, har o‘ntadan bittasi esa, professor maqomiga ega.

Milliardlarini dollarda topganlari esa, azal-azaldan dunyoda eng nufuzlilari, deb sanalib keluvchi universitetlar mahsuli ekanlar.

Jahonning manaman, degan superboyvachchalarini etishtirib beruvchi 20 universitetdan 16 tasi Amerika Qo‘shma Shtatlarida joylashgan.

Nufuzli universitetlar

Demak, bu ro‘yxatda Pensilьvaniya peshqadamlik qilgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarni Garvard, Yelь, Janubiy Kaliforniya, Prinston, Kornelь va Stenford universitetlari egallashgan.

Ularning bitiruvchilari bo‘lgan milliarderlarning aksariyati esa, moliyaviy sohada katta muvaffaqiyatga erishishgan.

Ammo yil sayin boylarning yashash joylari jo‘g‘rofiyasi ham o‘zgarib borayotgan ko‘rinadi.

Deylik, iqtisodi jadallik bilan taraqqiy etib borayapti emasmi, Hindistonning Mumbay universiteti bu ro‘yxatda yuqori o‘ntalikka kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Xuddi shu o‘rinda ta’kidlash joiz, butunboshli Buyuk Britaniyaning yangi ro‘yxatdagi ishtiroki faqat London Iqtisodiyot universiteti bilan cheklangan, xolos.

Ya’ni, dunyo milliarderlarini etishtirib beruvchi eng sara universitetlar ro‘yxatiga na-da Oksford va na-da Kembrij kirolgan.

Ulkan Rossiyadan esa, faqatgina oligarxlari hisobiga Moskva Davlat universiteti bu kabi sharafga noyil bo‘lgan.

Ammo...

Siz dunyo milliarderlari orasida amerikaliklar ko‘p bo‘lgani uchun ham, yangi ro‘yxatda AQSh universitetlari ilg‘orlik qilayotgan bo‘lsa kerak, degan xayolga borishingiz mumkin.

Ammo bunday emas:

Chunki AQShda tahsil olgan milliarderlarning chorak foizdan ortiqrog‘i chetdan kelishgan.

Ustiga ustak, ularning ta’limga bo‘lgan qiziqishlari ham faqat universitet davri bilan cheklanib qolmas ekan.

Deylik, dunyo boylarining yarmidan ko‘prog‘i keyinchalik ham o‘z pullari oliy ta’lim sohasiga xayriya qilib borisharkan.

Misol uchun, Garvard universiteti o‘zlari uchun lozim sarf-xarajatlar haqida so‘z ketganda, bemalol 6.5 milliard dollarlarga ko‘z tika olarkan.

Ammo yangi so‘rov boshqa narsaga ham dalolat qilgan.

Ya’ni, dunyoning superboylari faqat dunyoning muayyan qismida istiqomat qiladi.

Misol uchun, ovro‘polik milliarderlarning yarmiga yaqini faqat jahonning 10 tagina shahrida yashaydi.

Hatto, shunda ham, faqat London va Moskva o‘zining superboyvachchalari soni bo‘yicha boshqalariga maqtana olish darajasida ekan.

Nьyu-York esa, yillarki, shundoq ham milliarderlarning poytaxti sanaladi.

Eng so‘nggida yana bir qiziq fakt:

Deylik, hozir tahsil olishga imkonsiz bolalarning aksariyati Nigeriyaning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ammo tez orada aynan Nigeriya milliarderlarining soni bo‘yicha butunboshli Afrika qit’asida zo‘rlarning zo‘riga aylanishi mumkin ekan.

Shunday qilib, aksariyat milliarderlar qaerda tahsil olishgan:

1. Pensilьvaniya universiteti

2. Garvard universiteti

3. Yelьsk universiteti

4. Janubiy Kaliforniya universiteti

5. Prinston universiteti

6. Kornelь universiteti

7. Stenford universiteti

8. Berklidagi Kaliforniya universiteti

9. Mumbay universiteti

10. London Iqtisodiyot universiteti

11. Moskva Davlat universiteti

12. Texas universiteti

13. Dartmut kolleji

14. Michigan universiteti

15. Nьyu-York universiteti

16. Dьyuk universiteti

17. Kolumbiya universiteti

18. Braun universiteti