Ebola qarshi kurash va yo bu yo‘ldagi to‘siqlar

Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkiloti tibbiy etika masalalari bo‘yicha ekspertlari Jenevada uchrashib, Ebola virusiga qarshi yangi dorilarni sinab ko‘rish ehtimolini muhokama qilishmoqda.
Shu kungacha kasallikka qarshi emdori va yo da‘vo topilmagan va virus G‘arbiy Afrika bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda.
So‘nggi raqamlarga ko‘ra, Ebola hozirgacha qariyb 1, 000 kishining umriga zomin bo‘lgan.
Ebola
Ebola Kongo Demokratik Respublikasi shimolidan o‘tuvchi daryo nomidan olingan. Virus ilk bor 1976 yilda kashf qilingan.
O‘shandan beri virus bir necha minggina insonning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilarkan, o‘ta jiddiy xastalik sifatida ko‘rilmagan.
Aksincha solishtirganda, bezgak va sil har yili bir necha million odamning yostig‘ini quritadi. Yoki, qizamiqdan 2012 yil 122, 000 kishi nobud bo‘lgan.
Hali hamon Ebolaga oid tasavvurlar to‘la shakllanmagan. Bizga virus aynan qaysi hayvonda yashashi ham qorong‘u. Ko‘rshapalaklar uzoq vaqtdan beri gumon ostida va agar bu aniq bo‘lsa, kasallik tarqalishining oldini olish va nazorat qilish mushkul deyish mumkin.
Virus tana suyuqligi orqali insondan insonga o‘tadi. Uni yuqtirgan bemorlarda qonash, qusish va ich ketish kabi alomatlari kuzatiladi. Insonni o‘ldirish darajasi 50%dan 90%gacha deb ko‘riladi.
Isnod
Ebola bilan og‘rish isnod deb ko‘riladi. Undan aziyat chekkanlar, omon qolganlar va hatto, uni davolovchi tibbiyot xodimlariga ham jamiyatda ijobiy nazar bilan qaralmaydi.
O‘tmishda Eboladan tirik qolgan odamlar o‘z jamoalariga qayta qabul qilinmagan. Ayrimlari ish topishda mushkulotlarga duch kelgan bo‘lishsa, boshqalarini turmush o‘rtoqlari tashlab ketishgan.
Virus 2000-2001 yillarda Ugandada tarqalarkan, shifo topganlarga tegishli ashyolar va uy-joylar yoqib yuborilgan.
Qizil Xoch tayyorlovdan o‘tkazgan ko‘ngillilar asossiz qarashlarga qarshi kurashish uchun ko‘plab qishloqlarga safar qilishgan va odamlarni xastalikdan omon qolgan chaqaloqlarni ko‘kraklaridan itarmaslikka chaqirishgan.
Gabonda 1995-1997 yillar kuzatilgan epidemiyadan tirik qolganlardan biri odamlar uni ko‘rishsa, aylanib o‘tishgani, taksilar to‘xtamagani, yo‘l nazorat nuqtalarida politsiya ularning hujjatlarini tekshirishdan qo‘rqib haydab solgani haqida gapirib bergan.
Shifoxonalarda esa, Ebolaga chalinganlarni davolash uchun sharoitlar har doim yetarli bo‘lmagani o‘tmishdagi epidemiya holatlariga sabab ko‘rilgan. 1976 yildan beri asosiy jabrdiydalar tibbiyot xodimlari sanalgan. Bu esa, virus bilan bog‘liq mish-mishlarning urchishiga sabab bo‘lgan.
1995 Kongo Demokratik Respublikasi Kikvit shahrida Ebola tarqalarkan, "shifokorlar yaqin-atrofdagi konlardan noqonuniy olmos o‘g‘irlaganlarni o‘ldirayotgani" borasida gap-so‘zlar tarqalgandi.
Adovat
Ugandadagi kasallik taraqalishi bilan bog‘liq holatda mahalliy odamlar oq tanlilar jabrdiydalar tanasi a‘zolarini pul uchun sotishadi deb ishonishgan. G‘arblik tibbiy mutaxassislarga shubha bilan qaralgan va ayrim hollarda aynan shular mamlakatga kasallikni tashib kelayotgani taxmin qilingan.
Har bir Ebola epidemiyasi mahalliy qarshilik va adovatga duch kelgan. 2002 yil yanvarida xalqaro ekspertlar hay‘ati zo‘ravonlik tahdidlari bois Gabon qishloqlarini tashlab qochishga majbur bo‘lishgandi.
Afrikadagi urf-odatlar, masalan, dafn marosimlari ham kasallikning tarqalishiga xizmat qilgan. Ammo, ularga aralashish noroziliklarni keltirib chiqargan. O‘tmishda mahalliy odamlar ehtiyotkorlikka oid tavsiyalarga quloq tutishmagan.
Ba‘zi jamoalar esa, ko‘proq an‘anaviy tabobatni afzal bilishgan. Va kasallik terini kesish va yo boshqa udumlar orqali tarqalavergan.
Ayrim mamlakatlarda ushbu xastalik bilan hisoblashishga qodir infratuzilmaning o‘zi yaxshi rivoj topmagan.
Yangi dorilarni sinab ko‘rish borasida qaror olishda ayni mana shu murakkab tarixiy, madaniy va ijtimoiy ildizlar hisobga olinishi zarur.
Tibbiy etika masalasi Afrikada o‘zgacha ahamiyat kasb etishi va G‘arb me‘yorlarini boshqa bir madaniyatlarga singdirish xatarli kechishi mumkin.
Bundan tashqari, yangi dorilar qanchalar foydali bo‘lishi va yo ziyon yetkazishi, bemorlar, tibbiyot xodimlari va boshqalar uchun oqibatlari qanday bo‘lishi haqida ham aniq gapirish mumkin emas ekan, bu oqibatlarga matbuot va mahalliy jamoalar munosabati qanday bo‘lishini ham bashorat qilish mushkul.
-------------------------------------------------------------------------------------------
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02





























