Tojikistondagi afg‘on qochqinlari qanday hayot kechirishmoqda

Tojikistonga afg‘on qochqinlarining yangi oqimiga Afg‘onistondagi vaziyatning keskin yomonlashuvi sabab bo‘lgan. Afg‘onlar Tojikistonda ijtimoiy himoya va yaxshi hayot izlab kelishadi, lekin har doim ham topa olmaydi.
Har yili Tojikistonga yuzlab afg‘on qochqinlari kelishadi. Ayni vaqtda oxirgi o‘n yilda Afg‘onistonga juda kam sonlisi qaytib ketgan va ular vataniga yaqinlari sababli ketishga majbur bo‘lganlar yoki mamlakatdan chiqarib yuborilganlardir.
Markaziy Osiyodan hozircha faqat Tojikiston va Qirg‘iziston boshpana izlaganlarga joy bermoqda.
Turkmaniston va O‘zbekistonga qochqinlarning kirishi cheklangan.
Shu bilan birga olti yillik fuqarolar urushini boshdan kechirgan Tojikiston- sobiq sovet davlatlari ichida eng kambag‘ali hisoblanadi. Tojik hukumati qochqinlarni qonunda ko‘zda tutilgan barcha ijtimoiy xizmatlar bilan ta‘minlay olmasliklarini aytadi.
Bundan tashqari, mamlakatda daromad darajasi past, Tojikistonda o‘rtacha oylik ish haqi taxminan 80 dollarni tashkil qiladi.
Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, 40 foizdan ortiq (Tojikistonning sakkiz million aholisidan bir yarim millioni) ishga yaroqli aholi mehnat muhojirligida, mamlakat aholisining yarmidan ko‘prog‘i qashshoqlikda kun kechiradi.
Ommaviy ishsizlik va kambag‘allik sharoitida katta miqdordagi afg‘on qochqinlarini qabul qilish Tojikiston uchun juda og‘ir. Tojiki hukumati kirib kelayotgan barcha afg‘on qochqinlarini qabul qila olishi dargumon.
Mamlakatda iqtisodiy inqiroz oqibatlari kuchli va respublikada ijtimoiy vaziyat sezilarli ravishda taranglashgan.
Iqtisodda afg‘on izi
Tojikiston iqtisodi Afg‘onistondagi siyosiy inqiroz bois millionlab dollarni yo‘qotmoqda, deb hisoblaydi siyosatshunos Abdulla Rahnamo.
Muhim milliy va transmilliy energetik, aloqa va transport loyihalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq.
Bundan tashqari, dunyodagi o‘zgarib turuvchi geopolitik vaziyat NATOning Afg‘onistondagi qo‘shinlarini olib chiqish rejasiga ta‘sir qilishi mumkin, deb hisoblaydi tahlilchi.
Rahnamo, xalqaro kuchlar Afg‘onistonni tark etsa ham, Markaziy Osiyo respublikalaridan birida uzoq muddatga qolishi mumkinligini istisno qilmaydi.
"Asosiy loyihalardan biri-Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi SASA-1000, Turkmaniston gazini Pokiston va Hindistonga eksport qilish mo‘ljallagan TAPI loyihasi, bular Afg‘oniston bilan bog‘liq. Bu mamlakatda tinchlikni qaror toptirmay, bu loyihalarni amalga oshirish mumkin emas. Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston uchun Afg‘onistondagi barqarorlik muhim sanaladi", deb aytadi Abdulla Rahnamo.
Shu munosabat bilan Dushanbe Afg‘onistondagi siyosiy voqealar, eng asosiysi-prezidentlik saylovlarining muhimligini ta‘kidlaydi. Eng asosiysi- birgalikda hamkorlik qila oladigan markaziy hukumatning mavjudligi. Rejalarni hayotga tadbiqi qandaydir dala qo‘mondoni yoki qabila rahbari bilan amalga oshmaydi, faqat markaziy hukumat bilan", deb ta‘kidlaydi siyosatshunos.
Tojikiston Afg‘oniston bilan 1500 chaqirimga cho‘zilgan eng uzun chegaralardan biriga ega. Tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat qurolli guruh va giyohvand moddalar tashuvchilarning tkesib o‘tishga tinimsiz urinishlari orqasidan tarangligicha qolmoqda.
Shu boisdan NATOning Afg‘onistondan chiqib ketish vaqti yaqinlashgani sayin Dushanbe o‘z xavotirini yashirmaydi. Biroq, Afg‘onistondagi vaziyat 2014 yildan keyin qay darajada o‘zgarishi haqida hech kim aniq bashorat qilolmaydi.

Tojik hukumati BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va jamoatchilik tashkilotlari bilan birga Tojik-Afg‘on chegarasidan o‘tayotgan qochqinlarni joylashtirish bo‘yicha ishlamoqda.
BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha komissarligiga ko‘ra, Tojikistonda hozir Afg‘oniston o‘tgan 4,5 minggacha qochqinlar bor.
"Biz Afg‘onistondagi siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik vaziyati murakkabligini tan olamiz. Shunday bo‘lsada, biz mamlakatda vaziyat barqarorlashib, Tojikistonga o‘tayotgan qochqinlar oqimi oshmaydi, deb umid qilamiz. Shunday bo‘lsada, biz har qanday vaziyatga tayyor turish rejalari bilan shug‘ullanmoqdamiz", deydi BMTning Tojikistondagi vakili Kevin Allen.
Afg‘on qochqinlari Tojikistonga jangarilardan qochib, bolalarini o‘qitish, o‘zlariga ish topish uchun kelishadi. Biroq Tojikistonda ular yana iqtisodiy va yuridik jihatdan noaniq vaziyatda qolishadi.
Ko‘pchilik afg‘onlar bu yerda sog‘liqni saqlash xizmatidan deyarli mahrum, ishsiz, o‘qiy olmaydi, qochqinlar tez-tez ochlikda yashashlariga to‘g‘ri keladi. "Mening o‘g‘lim qurilishda ishlar edi, yiqilib, qo‘li va oyog‘ini sindirib oldi. Endi qurilishda ishlay olmaydi. Afg‘onlar uchun boshqa ish topish qiyin. Men va erim kasalmiz, lekin davolanish uchun pulimiz yo‘q", deb aytadi afg‘on ayoli Nargis Mehrojon.
Nargis o‘zi va olti bolasi bilan Mozori Sharifdan toliblar tahdidlari bois qochib kelgan.
Afg‘on ayol Tojikistondagi tegishli davlat idoralariga erini ish bilan ta‘minlashni so‘rab murojaat qilgan, biroq davlat ishidagi maosh uning Dushanbedan 30 chaqirim uzoqlikdagi kichkinagina uyining ijara haqiga ham yetmagan.
"Ba‘zida men go‘sht, mevalar yegim keladi, lekin buning uchun bizda pul yo‘q. Men muammolarning oxirgi yechimi sifatida o‘zimni o‘ldirsammi, degan xayolga boraman. Bizga Afg‘onistondagi qarindoshlarimiz pul yuborib turishadi, shunga kun kechiramiz", -deydi qochqin ayol.
Afg‘on qochqinlari Tojikiston hukumati va BMT Qochqinlar komissarligini o‘zlarining ahvoliga e‘tibor qaratishga chaqiradilar.
Biroq BMTning Qochqinlar bilan ishlash tashkiloti hamma muhtojlarga yordam berish imkoniga ega emasligini tan oladi. Shunday bo‘lsada, xalqaro tashkilot Afg‘on qochqinlariga u yoki bu darajada doimiy yordam berib keladi.
Eng kam ta‘minlangan oilalar uchun nafaqa oila boshlig‘iga 46 dollarni tashkil qiladi, oilaning boshqa ishlamaydigan a‘zolariga 26 dollardan beriladi. Biroq bu pul ijara haqi, oziq-ovqat, kiyim va dori-darmonga umuman yetmaydi.

Oilasi bilan Kobuldan uch oy muqaddam Tojikistonga o‘tgan 18 yoshli Siyovush qochqinlarning asosiy muammosi ishsizlik ekanini aytadi. Tojikistonda biz ko‘p qiyinchiliklarni ko‘ramiz. Mening oilam kambag‘al, meni o‘qita olmaydi. Bizda bor pul yashashimizga zo‘rg‘a yetadi", deydi afg‘on yigit.
Ko‘pchilik afg‘onlarning hujjatlari yo‘q va bu ularning davlat idoralarida ishlashlariga yo‘l qo‘ymaydi. Ko‘p afg‘onlar savdo-sotiq bilan shug‘ullanishadi.
Afg‘onlar vatanlariga qaytishni xohlashmaydi, ular Afg‘on hukumatinng va‘dalariga ishonmaydilar. Shu bilan birga Tojikistonda ham qolishni rejalarida yo‘q, ular imkon topib Ovro‘poga ketishni xohlashadi.

Shuningdek, qochqinlar Tojik militsiyasining doimiy kuzatuvidan shikoyat qilishadi. "Biz turli bahonalar topib, mamlakatdan chiqarib yuborishlaridan qo‘rqib, ularga pul berib turishga majburmiz. Agar Tojikiston bizga kerakli sharoitni qilib bera olmas ekan, G‘arb davlatlari bizga yordam bersin", deydi Fotima ismli qochqin ayol.
Huquq faollari esa Tojik hukumati ortiqcha yukni o‘z zimmasiga olishni xohlamasligini aytadi.
Qochqinlik maqomi berish davlatning oldiga qator vazifalarni qo‘yadi. Jumladan, hukumat qochqinlarni turar joy, ish yoki nafaqa bilan ta‘minlashi kerak. Biroq mamlkat byudjeti bunga yo‘l qo‘ymaydi, shu boisdan rasmiylar Afg‘on qochqinlariga qochqin maqomini berishga shoshilmaydilar.
Tojikistondagi Afg‘oniston elchixonasiga murojaat qilgan afg‘onlarga vatanlariga qatish maslahat beriladi. Shu boisdan qochqinlar faqat o‘z kuchlariga va imkoniyatlariga tayanib vaziyatlarini yaxshilashga umid qiladilar.
-------------------------------------------------------------------------------------------
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002
Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.




























