Britan rasmiylari besh maktabni Islomni majburan uqtirishda aybladi

Park-vyu maktabining ikki xodimi u yerda radikal qarashlar targ‘ib qilinganini aytganlar
Сурат тагсўзи, Park-vyu maktabining ikki xodimi u yerda radikal qarashlar targ‘ib qilinganini aytganlar
Published

Angliyadagi Birmingem shahrining beshta maktabida, Britaniya davlat ta‘lim tamoyillarini buzgan holda, o‘quvchilarga Islomiy qarashlarni majburan uqtirganlar. Britaniya hukumatiga kelib tushgan "Troya oti" nomli fitna haqidagi xat asosida olib borilgan tergov xulosasi ana shunday.

Ta‘lim sohasini nazorat qiluvchi Ofsted tashkiloti olib borgan tekshiruvlar asosida yozilgan hisobotda Birmingemning 21ta maktabi haqida so‘z boradi. Birmingem shahrining har beshinchi yashovchisi musulmondir.

Tergovga anonim maktub sabab bo‘lgan. Maktubda da‘vo qilinishicha, Britaniyadagi jamiyatni islomiylashtirishga bel bog‘lagan ta‘lim mutasaddilari Birmingemdagi to‘rtta maktabda rahbariyatning almashtirilishiga muvaffaq bo‘lganlar.

Bu xatda aytilishicha, maktab direktorlari o‘rnini Birmingemda Islomiy tamoyillarni targ‘ib qilish tarafdorlari egallashgan.

Avvalroq Birmingemdagi Park-vyu maktabining ikki xodimi BBCga aytishlaricha, majlislarda o‘quvchilarga al-Qoidaga xayrixoh qarashlarni uqtirganlar. Maktab rahbariyati barcha ayblovlarni rad qilgan, biroq uning ortidan kelib chiqqan mojaro Britaniya hukumatining etiborini tortgan.

Davlat rasmiy hisobotida aytilishicha, beshta maktabda o‘quvchilar ekstremizm targ‘ibotidan himoya qilinmaganlar.

Ofsted tashkilotining rahbari Maykl Uilshouga ko‘ra, bu maktablarda "qo‘rqituv va qo‘rquv hissi hukm surgan".

Mazkur tekshiruvlar bilan bog‘liqlikda Britaniya Bosh Vaziri Devid Kameron Ofsted tashkilotidan boshqa maktablarda ham tergovlarni boshlashni so‘rashi kutilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.