Manasdagi AQSh harbiy bazasi yopildi

Published

Seshanba kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zining Markaziy Osiyodagi yagona harbiy bazasini Qirg‘iziston hukumatiga topshirgan.

Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam qirg‘iz parlamenti Vashingtonga poytaxt Bishkek chetidagi Manas tranzit markazini yopish uchun 11 iyulga qadar muhlat bergan edi.

Manas aeroportidagi yopilish marosimida AQSh va qirg‘iz harbiylari ishtirok etishgan.

AQShning Qirg‘izistondagi elchisi Pamela Spratlen Manas bazasi Afg‘onistondagi amaliyotlarda muhim rol o‘ynaganini ta‘kidlab, Qirg‘iziston hukumatiga AQShning terrorrizmga qarshi kurashini dastaklagani uchun minnatdorchilik bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Manasda qolayotgan AQSh askarlari bir hafta ichida harbiy bazani tark etadilar.

"Manas" tranzit markazining rahbari Jon Millard AQSh askarlari nomidan Qirg‘iziston harbiylariga tantanali ravishda shartli kalitni topshirarkan, ikki davlat o‘rtasidagi harbiy aloqalarning davom etishiga umid bildirgan.

2001 yilning dekabrida ochilgan Manas havo bazasidan 5 milliondan ortiq AQSh harbiylari va o‘n minglab tonna yuklar tolib o‘tilgan.

Siyosiy savdolashuvlar

AQSh harbiy bazasi ochilganidan buyon Qirg‘izistonda ikki marta hokimiyat o‘zgarishi yuz bergan.

Harbiy baza Qo‘shma Shtatlar, Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy savdolashuvlar mavzusiga aylangan.

2001 yil 11 sentyabr hujumlari manzarasida Rossiya AQSh va uning NATO dagi ittifoqchilariga Markaziy Osiyodagi harbiy bazalardan foydalanishiga rozilik bergan.

Ko‘p o‘tmay, 2003 yilning kuzida Rossiya Manasdan 50 chaqirim uzoqlikda o‘zining harbiy havo bazasini ochgan.

Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi harbiy ishtirokidan bezovtalana boshlagan Moskva 2005 yil Andijon voqealari ortidan O‘zbekistonning Amerika harbiylarini o‘z hududidan chiqarib yuborish haqidagi qarorini olqishlagan.

2009 yilda Rossiyaning sobiq Prezident Bakiyev hukumatiga 2 milliard dollar kreditni ma‘qullashida ham AQSh bazasini yopish shart qilib qo‘yilgani aytiladi.

Ammo AQSh bazasini saqlab qolgan Bakiyev ko‘p o‘tmay hokimiyatdan ag‘darildi.

2012 yil dekabrida Prezident Almazbek Atambayev Qirg‘izistonning 500 million dollar miqdoridagi qarzlarini kechib yuborish evaziga Rossiya harbiy bazasining ijarasini 15 yilga uzaytirish haqidagi bitimni imzoladi.

Ayni paytda janob Atambayev Afg‘onistondagi jangovar amaliyotlar nihoyasiga yetganidan so‘ng, Manasdagi AQSh bazasi yopilishini ham e‘lon qilgan.

Qo‘shma Shtatlar tranzit amaliyotlarini Ruminiyadagi harbiy bazadan amalga oshirishini aytgan.

Ruminiyadagi baza Qora Dengiz bo‘yidagi Konstantsa shahri yaqinida joylashgan.

U masofa jihatidan ancha uzoq bo‘lsa-da, AQSh harbiylariga ko‘ra, dengizga chiqishga qulay.

Shu bilan birga Ruminiya o‘z hududida Amerikaning raketadan mudofaa tizimini o‘rnatishga rozilik bildirgan.

Vashington Markaziy Osiyoda yangi harbiy baza izlayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.