Boks: Ruslan Chagayev jahon chempionligi kamari uchun ringga tushmoqchi

Сурат манбаси, ruslan chagaev
Xabarlarga ko‘ra, jang 7 iyun kuni Checheniston poytaxti Grozniyda bo‘lib o‘tadi.
Ruslan eng og‘ir vazn toifasida WBA tasnifida qayta jahon chempionligi uchun puerto-rikolik bokschi Fres Okendoga qarshi ringga chiqadi.
Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni bo‘lgan Ruslan Chagayev joriy paytda WBA Intercontinental va PABA kamarlari sohibi sanaladi.
Uning jahon chempionligi uchun bo‘lajak raqibi Fres Okendo ham Lotin Amerikasidagi anchayin nomdor bokschilardan biri.
Fresa ham hozir ikkita: NABA va WBA Fedelatin kamarlariga egalik qilib turibdi.
Ayon bo‘lishicha, jang Grozniydagi Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirovning marhum otasi nomi bilan ataluvchi 30.000 kishilik "Ahmat Arena"da bo‘lib o‘tadi.
Rossiyadagi manbalarga ko‘ra, Ruslan Chagayev hozir Grozniyda bo‘lajak jangiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Ruslan o‘tgan yildan buyon Chechenistondagi Ahmat Hoji Qodirov nomidagi boks klubini namoyon etadi.
2001 yilda to‘liq professional boksga o‘tgan o‘zbekistonlik nomdor bokschi o‘n yilcha Olmoniyaning Universum Box-Promotion klubi promouterligi ostida ringga tushib kelgan.
Ikki yil oldin esa, olmon promouterlik klubi bilan shartnomasini buzgan va o‘shandan buyon o‘z janglarini erkin agent maqomida uyushtirib keladi.
Ta‘kidlash joiz, o‘zbekistonlik bokschi hozir ham erkin agent maqomida Olmoniyada yashab, boks bilan shug‘ullanib keladi.
Ruslan o‘tgan yil oktyabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan jangida serbiyalik raqibi Yovo Pudarni yengib, WBA Intercontinental va PABA kamarlarini qo‘lga kiritgandi.
U hozir Umumjahon Boks uyushmasining reytingida 2-o‘rinni egallab turibdi.
Bo‘lajak jang va raqib

Сурат манбаси, livefight.com
Ruslan Chagayev Moskvada bo‘lib o‘tgan so‘nggi janggi ortidan BBC O‘zbek Xizmati bilan eksklyuziv suhbatida navbatdagi janggi chempionlik kamari uchun bo‘lishini aytgandi.
Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgan.
Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev oradan ikki yil o‘tib aynan Vladimir Klichkoga yengilib, muntazam chempionlik unvonidan mahrum bo‘lgan.
Ruslan Chagayev so‘nggi bor 2011 yilda jahon chempionligi kamari uchun ringga chiqqan, ammo jangini rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkinga boy bergandi.
Ayni o‘rinda ta‘kidlab o‘tish joiz, Ruslan Chagayev so‘nggi ikki yilda o‘tkazgan har besh janggidan barchasida g‘alaba qozongan.
Ruslan Chagayevning professional boksda o‘tkazgan ja‘mi janglari soni hozir 35 taga yetgan bo‘lsa, shundan 32 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.
Uning puerto-rikolik raqibi esa, 1997 yildan buyon professional boks bilan shug‘ullanib keladi.
Fres Okendo hisobidagi janglar 43 tani tashkil etadi va shundan 37 tasida g‘alaba qozongan.
Ruslan Chagayev jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritsa, o‘zining sobiq raqibi, WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida superchempion bo‘lgan ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko bilan ham jang o‘tkazish rejasida.
Ruslan yana ringga tushishni niyat qilayotgan ukrainalik nomdor bokschi joriy paytda professional boksning WBO, WBA va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni ham hisoblanadi.
-------------------------------------------------------------------------------------------
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002




























