Afg‘onistonda ko‘chki oqibatida yuzlab insonlar bedarak ketgan

Сурат манбаси, b
Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida yuz bergan ko‘chki natijasida 2500 insonning taqdiri noma‘lum qolmoqda.
Mahalliy hukumatga ko‘ra, kamida 250 kishi o‘lgan. Yuzlab uylar qalin loy ostida qolib ketgan.
Qutqaruvchilar tirik qolganlarni topishga harakat qilmoqdalar.
Afg‘onistonning shimoliy sharqidagi tog‘li hududda joylashgan Badaxshonda transport harakati yaxshi rivojlanmagan, bir-biridan uzoq tumanlar ko‘p.
Bundan tashqari o‘tgan haftada kelgan sel oqibatlari tufayli Afg‘oniston viloyatlaridagi aksar qashshoq aholi hali o‘ziga kelib ulgurganicha yo‘q.
26 aprelda yuz bergan tabiiy ofat yuzdan ortiq insonlarning umriga zomin bo‘lgan, minglab odamlar uy-joysiz qolgandilar.
BBC suhbatlashgan kishilar ochiq havoda bir necha kundan buyon qolib ketganlari natijasida yosh bolalar yuqumli kasalliklarga chalingani, oziq-ovqat, toza ichimlik suvi, dori-darmon yetishmasligini aytishgan.
Bir yosh yigit oilasining 11 a‘zosi suvga oqib ketgani, ularning faqat ikkkitasini topib, dafn qilganini gapirgan.
Aksariyat jabrdiyda insonlarga zarur yordam hukumat tomonidan hanuz yetib bormagani xabar qilingandi.

Afg‘onistonning O‘zbekistonga qo‘shni shimoliy mintaqasidan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, halokatli suv toshqinlaridan bir hafta o‘tib ham, o‘nlab kishilarning hanuz daraklari yo‘q.
Qurbonlarning soni esa, birgina o‘zbeklar zich yashovchi uch jabrdiyda viloyat: Jauzjon, Saripul va Faryobda 150 kishiga chiqqan.
Mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, qirqdan ortiq insonni qidiruv ishlari jadallik bilan olib borilayotganiga qaramay, ularni topishga bo‘lgan umid so‘nib bormoqda.
Minglab uy-joy, binolarga qo‘shib, katta hududdagi bog‘-rog‘, ekinzor va yo‘llarni butkul yuvib ketgan, elektr ta‘minoti izdan chiqqan, o‘nlab qishloqlar shundoq suv ostida qolgandi.

Tabiiy ofatdan Jauzjon, Saripul va Faryobdan tashqari, shimoliy Balx, Samangon va Taxor viloyatlari ham qisman ziyon ko‘rishgan.
Qator xalqaro yordam tashkilotlarining birdek e‘tirof etishlaricha, yo‘llar yaroqsiz ahvolda ekani bois, haliyam butun talofat ko‘lamini aniqlash imkonsiz.
Ammo, "Save the Children" xalqaro xayriya jamg‘armasining dastlabki hisob-kitoblariga tayanilsa, halokatli tabiiy ofatdan 40.000 kishi jabr ko‘rgan. Ulardan 25.000 nafari esa, bolalardir.
---------------------------------------------------------------------------------------
Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.




























