Qirg‘iziston: "Muxolifatga bosim kuchaymoqda"

    • Author, Shohruh Soipov
    • Role, Mustaqil jurnalist
  • Published

Ukrainadagi so‘nggi voqealardan ilhomlangan Qirg‘iziston muholifati vakillari o‘zlariga nisbatan davlat idoralari tarafidan tazyiqlar kuchayganini bildirmoqdalar.

Bugun, 17 martda poytaxt Bishkekning markaziy maydonida o‘tkazilishi rejalangan Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Kengashi sobiq deputati Sadir Japar boshchiligidagi muxolifat qurultoyi, ularga qarshi provokatsiya bo‘lish ehtimoli sabab, 31 martga qoldirilgan.

Muxolifat rahbari Sadir Japarov, kuni kecha internet nashrlarida e‘lon qilgan bayonotida qurultoyning qoldirilishi bo‘yicha quyidagilarni ma‘lum qildi.

"O‘tkazmoqchi bo‘lgan qurultoyimiz oldidan davlat tarafidan bizga qarshi turli xil pravokatsiyalar tayyorlanayotganligi haqida ma‘lumot oldik. Unda, maxsus guruh tayyorlanib, qurultoyda hukumatni bosib olishga chaqiriqlar bo‘lishi va yana muxolifatni yomonotliq qilib ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Biz esa, aksincha, tinchlik yo‘li bilan "Qumtor" oltin koni masalasi bo‘yicha xalq dardini aytish maqsadida yig‘ilmoqchimiz" - dedi Sadir Japarov.

2012 yilning 3 oktyabrida Bishkekning markaziy maydonida, o‘sha kezdagi Jo‘g‘o‘rqu Kengash deputatlari, "Ota Yurt" partiyasi a‘zolari Qamchibek Tashiyev, Sadir Japarov, hamda Talant Mamitovlar "Qumtor" oltin konini milliylashtirish yuzasidan o‘tkazgan namoyishida, hukumatni bosib olishga chaqiriqlari va harakatlari ortidan hibsga olinib, sudlangan va aybdor deb topilgan. Keyinchalik esa, Markaziy Saylov Qo‘mitasi deputatlarni mandatidan mahrum etgan.

Joriy yilning 26 fevralida tuzilgan, bir qator deputat, siyosatchi va muxolifat vakillaridan iborat Milliy Muxolifat Harakati rahbari, Jo‘g‘o‘rqu Kengashning iqtidordagi deputati Ravshan Jeenbekov ham, harakat a‘zosi, O‘sh shahrining sobiq hokimi Melis Mirzaqmatovga nisbatan, davlat bosim o‘tkazib, mahalliy jinoiy to‘dalar orqali sobiq hokimning tijoriy mulklarini tortib olishga harakat qilmoqda, deydi.

"Qorasuv shahridagi "Omad", O‘sh shahridagi "Taatan bozorlari, hamda O‘shTVni davlat tarafidan uyushtirilgan jinoiy to‘dalar bosib, tortib olishlar boshlandi. Jabr ko‘rayotgan hodimlar bu harakatlar haqida ochiq aytishga qo‘rqishadi. Sababi, ularni huquq tartibot tashkilotlari ham, jinoiy to‘dalar ham qo‘rqitib qo‘yishgan. Men muxolifat harakatining boshchisi sifatida ochiq aytaman – bu to‘g‘ri ma‘lumot" – dedi Ravshan Jeenbekov va yaqin kunlari Milliy Muxolifat Harakati bu bo‘yicha o‘zining mahsus bayonotini e‘lon qilishini ma‘lum qildi.

O‘rta Osiyoda yirik savdo markazlaridan biri hisoblangan Qorasuv shahridagi "Omad" bozori, hamda O‘shdagi "Taatan" bozori sobiq hokim Melis Mirzaqmatovga tegishli ekani aytiladi. Shuningdek, 2010 yilning iyunida O‘sh va Jalolobod shaharlarida bo‘lib o‘tgan millatlararo nizo ortidan "O‘shTV" teleradiokomapiniyasi ham tadbirkor Haliljon Hudayberiyevdan tortib olingan deyiladi.

Milliy Muxolifat Harakati rahbari Ravshan Jeenbekov iddao qilayotgan mulklarni noqonuniy bosib olish harakatlari yuzasidan, janob Melis Mirzaqmatovdan ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Hukumatparast "Sotsial Demokratlar" partiyasining O‘sh shahri kengashidagi deputati Talan Kaparov muxoliftaning bu ma‘lumotlari ataylab o‘ylab topilgan, yolg‘on bo‘lishi mumkin deydi.

"Qirg‘izistonda hozir bu kabi yirik tijoratlarni bosib oladigan jinoiy to‘dalar yo‘q. Bu ataylab, hukumatni yomon ko‘rsatishga qaratilgan harakatlar bo‘lishi mumkin. Hokimiyat mansabidan mosuvo bo‘lgan siyosatchilar, turli xil yo‘llar bilan halq diqqatini o‘zlariga qaratmoqchi bo‘ladi. Hozirgi kunda O‘shda Mirzaqmatov bilan hech kimning ishi yo‘q, u o‘zi bilan o‘zi" - deydi Talan Kaparov.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 26 fevralida Bishkekda, yangi milliy muxolifat yig‘in o‘tkazib, Qirg‘izistondagi vaziyatni Ukrainadagi voqealarga solishtirish bilan, Yanukovichning taqdirini takrorlab qolmasligi uchun prezident Atamboyevni muxolifat bilan muzokaralar yuritishga chaqirgan.