Qozog‘iston Ukraina va Rossiyani muammoni kuch ishlatmasdan yechishga chaqirdi

Сурат манбаси, UNIAN
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ushbu yechim xalqaro huquq me‘yorlariga asoslanishi kerakligini bildirgan.
Qozog‘istonlik bir guruh faollar esa Rossiya elchixonasi oldida noroziklik aktsiyasi o‘tkazib agressiyani to‘xtatishni talab qilishgan.
Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston o‘z pozitsiyasini maksimal muvozanatda qurishga harakat qilganini bildirgan.
"Qozog‘iston Ukrainadagi hodisalarning rivojidan o‘zining chuqur xavotirini bildiradi. Tanglikning bundan keyin ham ortib borishi mintaqaviy va global miqyosda kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Qozog‘iston ikki tomonni ham vaziyatni to‘g‘rilashning kuch ishlatar variantlaridan voz kechishga va vujudga kelgan muammoni muzokaralar orqali yechish uchun maksimal siyosiy kuch ishlatishga chaqiradi. Ushbu yechim xalqaro huquqning fundamental printsiplariga asoslanishi kerak", - degan Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Jonbo‘lat Usenov.
Rossiya va Ukraina hodisalari manzarasida prezident Validimir Putin Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyevni 10-11 mart kunlari Moskvaga taklif qildi.
"11 mart kuni belgilangan muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik va dolzarb xalqaro muammolar oliy maqomda muhokama qilinadi", - deyiladi Kreml matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Bir guruh qozog‘istonlik faollar Olma otadagi Rossiya elchixonasi oldida to‘planib Rossiyaning Ukrainaga qo‘shin kiritish qaroriga norozilik bildirdi.
"Hurmatli do‘stlar, hozir dunyoda jamoatchiligi Rossiyaning agressiyasiga qarshi chiqmoqda. Separatizmga yo‘l bermasligimiz kerak. Urushga butun olam qarshi. Huquqi va asosi bo‘lmagan Rossiya Ukrainadan qo‘lingni tort", - deydi siyosatchi Muxtar Tayjan.
Qozog‘istonlik faollar Ukraina hodisasi Qozog‘istonning ham boshiga tushishi mumkinligidan xavotirga bildirishmoqda.
"Ukrainadagi ruslarga va rusiyzabonlarga Rossiyaning fuqaroligini berib, pasportini tarqatyapti. Shu orqali ular boshqa bir davlatda yaxlit Ukraina diyorida separatizm vaziyatini yuzaga keltiryapti. Bizning shimoldagi Shimoliy Qozog‘iston, Qo‘stanay, Sharqiy Qozog‘iston, O‘rol viloyatlarimizning hammasida ruslar ko‘pligini bilasizlar. Ushbu odamlarga ertaga Putin, Rossiya kelib pasport tarqatishi mumkin", - deydi jurnalist Qasim Amanjol.
Yig‘ilganlar Ukraina va Qozog‘iston madhilarini jo‘r bo‘lib kuylashdi.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari Ukrainadagi so‘nggi hodisalarga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.
Mintaqadagi Tojikiiston va Qirg‘iziston hududlarida Rossiyaning harbiy bazasi joylashgan. Tashqi savdodagi asosiy hamkori Rossiya sanaladigan O‘zbekiston hukumati ham ushbu hodisalarga biror munosabat bildirmagan.




























