Misrda Mursiy tarafdorlari bo‘lgan qizlar uzoq yilga qamaldi

Сурат манбаси, AP
Misr mahkamasi qudratdan ag‘darilgan sobiq prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari bo‘lgan 21 xotin-qizni 11 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida qaror chiqardi.
Ulardan yetti nafari 18 ga to‘lmagan o‘smirlardir.
Mursiy tarafdorlari terroristik guruhga aloqadorlik, buzg‘unchilik, norozilik belgisi sifatida kuch ishlatish kabi ayblovlarga yuz tutgan va aybdor deb topilgan.
Huquqni himoya qilish tashkilotlari mahkama hukmini "aqlga sig‘maydigan" deb ta‘riflagan.
Ayol va qizlar o‘tgan oyda Aleksandriya shahrida Mursiyni qo‘llab namoyishga chiqqan edilar.
Mahbusalarning yaqinlari ertalab yettida boshlangan harakat tinch bo‘lganini aytishgan.
Qamalganlar orasida 15 yoshli qizi bo‘lgan misrlik ayol farzandi maktabga ketgunicha yo‘ldan ushlab ketilganini gapiradi BBC muxbiriga.
Oldinroq qizlarning himoyachisi ularga bir oylik qamoq jazosi berilishi mumkinligini taxmin qilgan.
Lekin bunga teskari qizlar uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilganlar.
Tinch fuqarolarni o‘ldirgan yoki yaralagan politsiyachilarga bundan kam muddatlar berilgani aytiladi.
Mahkama shuningdek "Musulmon birodarlar"ning olti yetakchi a‘zosiga ham 15 yilgacha qamoq jazolari tayinlagan. Ular nizo qo‘zg‘ashda ayblanishgan.
Islomiylarga qarshi hukmlar Qohirada o‘nlab kishilarni, jumladan boshqa bir guruh ayollarni hibsga olish orqasidan yuz bermoqda.
Faollarga ko‘ra, ayollar kaltaklanib, qiynoqqa solinganlar va ayni paytda cho‘lda qiyin ahvolda ushlab turilibdi.
Ular hukumatning namoyishlarga qarshi qonuniga norozilik bildirib chiqqanlar.
Shu bilan birga 17 diniy xizmatchilar masjidlardan armiya va politsiyaga qarshi harakat uchun foydalanganlikda ayblanishmoqda.
Tinch namoyishlar uchun jazo
Qohiradagi namoyishlarda politsiya kuchlari bilan to‘qnashgan Mursiyning minglab tarafdorlari o‘ldirilgan edi.
100 lab insonlar halok bo‘lgan bir necha kunlik zo‘ravonliklardan keyin Misr muvaqqat hukumati o‘z amallarini oqlash kampaniyasini boshladi.
Bunda xavfsizlik kuchlari qudratdan ag‘darilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlarining norozilik chiqishlarini nega buncha shafqatsizlik bilan bostirganini oqladi.
Muvaqqat tashqi ishlar vaziri aytishicha, hukumat davlat asoslarini qo‘porish amallari bilan yuzma-yuz kelgan.
Shu maqsadda Misrning vaqtli hukumati qudratdan ketkazilgan prezident Muhammad Mursiyning "Musulmon Birodarlar" islomiy harakatini taqiqlashga qaror qildi.
"Musulmon birodarlar" guruhiga ko‘ra, noroziliklarni bostirish chog‘ida minglab insonlar qurbon bo‘lgan, 5000 dan ortiq kishi yaralangan.
Biroq tinch namoyishchilarni o‘ldirgan politsiyachilarga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan.




























