Peterburg: 7 millatchi o‘zbekistonlikni o‘ldirishda gumonlanib qo‘lga olindi

- Author, Shodiyor Saif
- Role, BBC, Olma-ota
- Published
Sank-Peterburg tergov qo‘mitasi ma‘lumotiga ko‘ra, "Rus marshi"ning yetti ishtirokchisi O‘zbekiston fuqarosini o‘ldirishda gumon qilinib qo‘lga olingan. Qo‘lga olinganlarning 5 nafari voyaga yetmagan o‘smirlar ekanligi aytilmoqda.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining "guruh tomonidan sodir etilgan qotillik" bandi bo‘yicha ayb qo‘yilgan. Tergov qo‘mitasining web sahifasidagi ma‘lumotda qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan "milliy nizo" bo‘yicha ayb qo‘yilmayotganini bilish mumkin.
Hodisa 4 noyabr Xalq birdamligi kunida sodir bo‘lgandi. O‘sha kun millatchilar "Rus marshi"ni tashkil qilgan va shaharda bir necha bosqin va hujumlar uyushtirgan.
Tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, 30 yoshli Andrey Kosnikov, 18 yoshli Sergey Bondar va 15-17 yosh orasidagi 5 o‘smir millatchilarning namoyishidan qaytarkan ekstremist vajlar bilan O‘zbekiston fuqarosiga hujum qilishadi. Unga pichoq, musht va oyoq bilan ko‘plab zarbalar berishadi, natijada jabrlanuvchi voqea joyida halok bo‘ladi.
Sank-Peterburg tergov qo‘mitasining xabar berishicha, ayni vaqtda hodisani to‘liq o‘rganish uchun bir qator tadbirlar va tintuv amalga oshirilmoqda. Yovuz niyatli kishilar tomonidan millatchilik ruhida boshqa jinoyatlar sodir etilgan yoki etilmaganligi tekshirilmoqda.
4 noyabr kuni boshqa shaharlarda bo‘lgani kabi mingdan ortiq millatchilar Peterburgda ham namoyishlarga chiqqan.
"Rus marshi" deya nom olgan ushbu yig‘in avvaliga tinch o‘tgan. Ammo bir necha guruhga bo‘linib olgan millatchilar metro va bozorlarda slavyan ko‘rinishida bo‘lmaganlarni do‘pposlagan.
"Udelnaya" metro bekatida 40 dan ortiq millatchilar slavyanlarga o‘xshamaganlarni bir boshdan do‘pposlay ketishgan.
Keyinchalik internetda paydo bo‘lgan videoda poyezd "Udelnaya" bekatida to‘xtaganida sport kiyimidagi yoshlar qo‘shni vagonga yugurib o‘tishadi va ruslar o‘xshamagan yo‘lovchilarni ura ketadi.
Hujum uyushtirganlar "O‘ldiringlar", "Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun" deya baqirishadi.
Guvohlar jarohat olganlar borligini aytishgan. Yo‘lovchilar vahimaga tushgan holda vagonlar qochib boshqasiga kirishgan.
Shundan so‘ng millatchi yoshlar Udel bozoridagi bosqinlarda ishtirok etish uchun chiqqani taxmin qilinadi.
Guvohlar millatchilar Udel bozorida bosqin uyushtirganini va o‘q ovozlari eshitishganinin aytishgan.
Politsiya "Rus marshi"dan so‘ng turli tartibsizliklar bilan 80 kishining qo‘lga olinganini bildirgan.
Rossiyadagi millatchilar amaliyoti ularning o‘zi ta‘kidlashicha, tub aholining eng katta yurishi hisoblanadi.
"Russkiy marsh" harakatining ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi sahifalari rus xalqini yurishga qo‘shilishga chaqiriqlar, hamda rus bo‘lmagan aholi, xususan Markaziy osiyolik muhojirlar va Qofqozlik fuqarolarga qarshi millatchi bayonotlar va shikoyatlar bilan to‘lgan.
Ayni paytda rossiyalik inson haqlari faollari hukumatdan Rossiyadagi rus bo‘lmagan aholi, xususan mehnat muhojirlarini diskriminatsiya qilinishiga chek qo‘yishni so‘ramoqda.




























