O‘zbekiston 2014 yilda ijtimoiy ta‘minotga ko‘p mablag‘ sarflamoqchi

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari xabar qilishlaricha, mamlakat parlamenti 2014 yilgi davlat byudjeti ko‘rsatkichlarini ma‘qullagan, biroq yillik Yalpi Ichki mahsulot qanchani tashkil etishi haqidagi raqamni ko‘pchilik bilmaydi.
Ommaviy axborot vositalarining Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi matbuot xizmatiga tayanib xabar tarqatishicha, parlament a‘zolariga kelgusi yil byudjeti loyihasini Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov taqdim etgan.
Bu loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston 2014 yilda ham qariyb 1 million yangi ish o‘rni tashkil etmoqchi.
Xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan hukumat kasb-hunar kollejlari va litseylarning yosh bitiruvchilarini ham ish bilan ta‘minlamoqchi, biroq davlat byudjetidan bu maqsad uchun qancha mablag‘ sarflanishi xabar qilinmaydi.
Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov e‘lon qilgan hujjatda O‘zbekiston hukumati keyingi yilda ijtimoiy ta‘minot masalalariga ancha-muncha mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgani xabar qilinmoqda.
Xususan, 2014 yilda O‘zbekiston Yalpi Ichki mahsulotining 7 yarim foizi maorif sohasiga, 3,1 foizi tibbiyot sohasiga yo‘naltirilishi aytilgan.
Bu foizlar mamlakatdagi boshqaruv tizimidagi amaldorlarga yoxud kuchishlatar tizimlariga davlat byudjetidan sarflanayotgan mablag‘lardan ko‘pmi yoki ozligi haqida ma‘lumot berilmaydi.
Xabar qilinishicha, keyingi yil jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soliqlarining eng kam stavkasi 8 foizdan 7,5 foizga, yuridik shaxslarning daromadidan olinadigan soliq 9 foizdan 8 foizga tushirilishi mo‘ljalangan.




























