London kitob forumi va adabiyot yarmarkasidek tadbirlar nimasi bilan ahamiyatli?

Published

Londonda Markaziy osiyolik ijodkorlar ishtirokida kitob forumi va adabiyot festivali bo‘lib o‘tdi.

Bu tadbir ingliz kitobxonlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari adabiyotini kengroq ochish, mintaqa ijodkorlari asarlarini dunyo kitob bozoriga chiqishiga ko‘maklashish maqsadlarini ko‘zlagan.

BBC festival ishtirokchilari - o‘zbekistonlik shoir va tarjimonlar - Dinora Bahriddinova, Aleksey Ulko, Svetlana Rahimova, asli qirg‘izistonlik Shotlandiyada istiqomat qiladigan tarjimon Shohsanam Marrey va uning turmush o‘rtog‘i Gordon Marreylarni davra suhbatiga chorladi.

Dinora Bahriddinova: O‘ylaymanki, bunday tadbirlar, avvalo, madaniy almashuv ma‘nosida muhim. Mening nazarimda, ancha-muncha narsa ovro‘poliklarga avvaldan ma‘lum bo‘lgan esa-da, hozirga kelib Markaziy Osiyo madaniyati Ovro‘po madaniyatiga kirishish, birlashishni boshlayapti. Men o‘zimning shaxsiy kuzatishlarimdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, ovro‘poliklarning bizning madaniyatimizga qiziqishlari kuchaygan. Biroq bu qiziqish ham hali yuzaki. Mana shunday tadbirlar ovro‘poliklarning Markaziy Osiyo madaniyatiga bo‘lgan qiziqishlari yanada chuqurlashishiga turtki beradi, degan fikrdaman.

Aleksey Ulko: Mening o‘ylashimcha, bu yerda an‘anaviy tashkilotchilikdan farq qiladigan madaniyatlarni birlashtirish harakatlarini kuzatayapmiz. Hozir barcha sobiq Sho‘ro mamlakatlarida madaniyat ma‘murlashtirishni milliy asosda barpo etishga harakat qilinayotgani bizga yaxshi ayon. Misol uchun biz bir mamlakat davlat, hukumat tizimlari tomonidan tashqariga taqdim qilinayotgan madaniy tadbirlarda asosan bir millat, xalq madaniyatini ko‘rsatish urinishlarini ko‘rayapmiz. Londonda o‘tgan forum esa mintaqa ijodkorlarini birlashtirish maqsadidagi muqobil bir eksperimentdir. Albattaki, har qanday eksperimentning yashashga haqqi bor. Va men bu tajriba yaxshi samara berayotganini ko‘rib turibman. O‘tgan yilgi forumimizga solishtirganimizda biz bu yil mintaqaviy o‘zlikni anglash yo‘lida o‘zgarishlar yuzaga kelganini ko‘rayapmiz . Men uchun bundan keyingi o‘zgarishlar qanday kechishi qiziqarli.

Svetlana Rahimova: Men ko‘pincha bizning mintaqamiz, mamlakatlarimiz haqida hech narsa ma‘lum emasligi haqida ko‘p eshitaman. Bizning shuncha boy madaniyatimiz bor. O‘tmishda Alisher Navoiydek daholarimiz bo‘lgan, bugungi kunda ham oldingi zamonda yashagan buyuk shoir va yozuvchilardan iste‘dodi kam bo‘lmagan ijodkorlar bilan biz zamondoshmiz. Men o‘zim yozganlarimdan ham ko‘ra ko‘proq ana shu boy madaniyatimiz, qadimgi va bugungi yozuvchi-shoirlarimiz merosini boshqalarga tanishtirishni istayman. Men o‘zimning qo‘limdan kelgancha zamonaviy rus hamda o‘zbek tilidagi ijodkorlarning she‘rlarini ingliz tiliga tarjima qilaman, bu she‘rlar bilan inglizzabon o‘quvchilar tanishishlarini istayman. Forum tashkilotchilari esa men singari kishilarni birlashtirayotganlari uchun ularga minnatdorlik bildiraman.

Shohsanam Marrey: Biz birinchi marta - o‘tgan yili Bishkekdagi anjumanda uchrashgan edik. Sho‘rolar Ittifoqi parchalanganidan keyin bu tuzum bilan bog‘liq hamma narsa buzilib ketdi. Va o‘shandan keyingi 20 yil davomida avval bir mamlakat hududi hisoblangan respublikalarda juda ko‘p iste‘dodlar yetishib chiqipti va biz Bishkek anjumanida bu talantlar yashirinib yotgan ekan, degan fikrga kelgan edik. O‘sha anjuman bilan "muzlar joyidan siljidi". London anjumanida esa men Shvetsiyada yashaydigan Turkman shoiri Aq Velsapar bilan tanishdim, uning turkman tilidagi she‘rlarini eshitdim. Mana shu misol ham Markaziy Osiyo madaniyati Ovro‘po madaniyatiga integratsiya bo‘layotganining yana bir isbotidir.

BBC: Siz aytganingizdek, 22 yil oldin SSSR Yozuvchilar Soyuzi degan tashkilot bor edi, har bir respublikaning o‘zining yozuvchi-shoirlarini birlashtiradigan tashkiloti, gazeta-jurnallari bor edi. Bularning hammasi bir mamlakatdagi yosh yozuvchi-shoir haqida, ijodkorlarning yangi asarlari haqida boshqa bir respublikada boxabar bo‘lish imkoniyatini yaratardi. Bugun mintaqa yozuvchi-shoirlari o‘rtasida muloqot bormi? Bir respublika ijodkorlari qo‘shni mamlakatdagi yangi ijod namunalaridan naqadar xabardorlar?

Dinora Bahriddinova: Men faqat O‘zbekiston haqida gapirishim mumkin. Bu men uchun uyat - men Qozog‘iston, Qirg‘izistondagi, boshqa qo‘shni mamlakatlardagi ijodkorlarning ijodidan yaxshi xabardor emasman. O‘zbekistonda chetga yaxshi taqdim qilinadigan, faxr tuyg‘usini uyg‘otadigan an‘anaviy madaniyat bilan birga "andegraund" deb nom berilgan ijod ahli bor. Bu yoshlar orasida kuchli, iste‘dodli yoshlari ko‘p. Lekin mening bilishimcha, ular qo‘shni mamlakatlardagi ijodkorlar bilan faqat Internet ijtimoiy tarmoqlaridagi muloqotlar darajasida tanishlar. Ular qandaydir madaniy jamiyat, birlashmalar tashkil qilib, mintaqani tamsil qilish niyatida emaslar. Tushunishimcha, yakka ijodkorlar bor. Ular qandaydir guruhni emas, o‘zini, faqat o‘zini ko‘rishni, eshitishni istaydi, faqat o‘zini boshqalarga taqdim etishni xohlaydi.

Aleksey Ulko: O‘zbekiston, Markaziy Osiyodagi adabiyot sahnasi menga bo‘lak-bo‘laklarga parchalangan bo‘lib ko‘rinadi. Men avval aytganimdek, adabiy jarayonni nazorat qilishga intiladigan davlat tuzilmalari mavjud. Juda ko‘p odamlar hamma narsa yuqoridan pastga qarab yo‘naltirilgan Sho‘ro zamonlarini qo‘msaydi. Biroq hozirga kelib biz shuning guvohi bo‘lmoqdamizki, hozir avvalgi zamonlardek adabiy jarayon qizishi, qizg‘in muhokamalar bo‘lishi uchun bir markaz talab qilinishi shart bo‘lmay qoldi. Misol uchun biz markazdan chetda bo‘lsak ham bizning adabiy jarayondagi ishtirokimiz markazdagilarnikiga teng bo‘lib qolgan. Mintaqamiz miqyosida oladigan bo‘lsak, mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, etnik tarqoqlik borgan sayin yo‘qolib borayapti. Biz turli mamlakatlardagi ijodkorlarning birlashishi boshlanganini kuzatayapmiz. Bizning bir qusurimiz, hali yirik omma shakliga yetmaganimizdir. Bu omma ichidan ko‘zga ko‘ringan, atoqli shaxslar yetishib chiqishi uchun bu ommaning quyi, pastki bir tabaqasi, qavati bo‘lishi talab qilinadi. Busiz iloji yo‘q. Muhit zarur. Bu muhit esa endi-endi shakllanayapti.

BBC: Lekin boshqa tomondan bugungi kunga kelib turli mamlakatlardagi ijodkorlar o‘z tengquri bilan, uning ijodi bilan tanishishi uchun avvalgidek qandaydir tashkilotlarga birlashishi ham shart bo‘lmay qoldi. Internet yozuvchi-shoirlar uchun ham keng imkoniyatni yaratdi. Sizlar bu imkoniyatdan "samarali foydalanayapmiz", deb ayta olasizmi?

Svetlana Rahimova: Albatta. Londondagi mana shu festival tashkil etilayotganda Facebook imkoniyatidan juda yaxshi foydalanildi. Bu jarayonga hammamiz jalb qilindik. Bizga Facebook orqali festival ishtirokchilarining asarlari bilan tanishib chiqishni taklif etishdi. Keyin Facebook orqali biz bu asarlarni muhokama qildik. Juda-juda qizg‘in muhokamalar boshlanib ketdi. Biz Facebook orqali adabiy tanqidchi, taqrizchilarga aylandik. Misol uchun muayyan asar haqida mendan o‘z shaxsiy fikrlarimni bildirishni so‘rashganidan juda mamnun bo‘ldim. Mana qarang, bizning ko‘z oldimizda bir virtual guruh paydo bo‘ldi. Va nihoyat bu virtual guruhning a‘zolari bir joyga, Londonga yig‘ilganlarini ko‘rish naqadar ajoyib.

BBC: Adabiyotda tarjimaning o‘rni beqiyos va tarjima jarayoni juda murakkab jarayon. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi Markaziy osiyolik ijodkorlarning asarlari bilan ingliz tilidagi o‘quvchilarni tanishtirish ekan, tarjimadagi mushkulliklarni qanday hal qilayapsizlar?

Shohsanam Marrey: Men bir misolni aytib bersam: O‘tgan yili biz bir loyihani amalga oshirdik. Mening bobom Sho‘r davrida Qirg‘izistonning birinchi fantast yozuvchisi bo‘lgan. Uning asarlarida fantastika unsurlari, shamanlik va Markaziy Osiyo madaniyati unsurlari uyg‘unlashib ketgan. Festival tashkilotchilari bu asarlarga qiziqish bildirdi va men turmush o‘rtog‘im Gordon Marrey va yana bir necha olimlar bilan birga o‘sha asarlarni ingliz tiliga tarjima qilishga qaror qildik. Buning uchun bizning ikki yarim yil ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Tarjima mobaynida biz doktor Brayan yordamiga muhtoj bo‘ldik. Doktor Brayan geneologiya bilan shug‘ullanadi. Biz yordam so‘ragan boshqa bir olim doktor Matyu edi. U jamiyatshunos, siyosatshunos. Ingliz tiliga bir marta tarjima qilishning o‘zi yetarli bo‘lmadi. Biz qayta-qayta matnni ko‘rib chiqishimizga to‘g‘ri keldi. Bu ishda menga turmush o‘rtog‘im Gordon Marrey yordamlashdi. Xullas, ikki yarim yil deganda bir kitobni nashr qilishga muvaffaq bo‘ldik.

Gordon Marrey: Ha, Markaziy Osiyo madaniyatini Britaniyaga, G‘arbga keltirishda tarjima, shubhasiz juda muhim. Albatta, sen biror bir tarjimaga qo‘l urishingdan oldin Markaziy Osiyoning o‘ziga sayohat qilishing, o‘z ko‘zing bilan ko‘rganing, u yerdagi madaniyatlar haqida hech bo‘lmaganda yuzaki tasavvurga ega bo‘lishing o‘ta muhimdir. Ko‘plab iboralarni so‘zma-so‘z tarjima qilsang, tabiiyki, iboraning asl mazmunini yo‘qotasan. Shohsanam bobosining kitobini tarjima qilish jarayonida jumlalar, iboralar ustida ko‘p bosh qotirishga to‘g‘ri keldi, ularni ingliz tilidagi ma‘nosini o‘quvchiga yetkazish uchun avvalambor bizning o‘zimiz tushunishimiz lozim edi. Men tan olishim kerak, bu ish men uchun juda mushkul ish bo‘ldi. Rafiqam aytganidek, biz kitobni ikki marta ingliz tiliga tarjima qildik. Birinchi martasida biz muallif yetkazmoqchi bo‘lgan g‘oyani to‘g‘ri yetkazish maqsadini ko‘zladik. Ikkinchi marta biz grammatik jihatdan to‘g‘ri ingliz tiliga o‘girdik. Shuning uchun bir asarni tarjima qilishda ham Markaziy Osiyo madaniyatlarini va ham G‘arb madaniyatini yaxshi biladigan bilimdonlar yordamiga katta ehtiyoj seziladi.