Nazarboyev: Rossiya Bojxona ittifoqidagi hamkorlariga to‘siq qo‘yyapti

Сурат манбаси, RIA Novosti
- Author, Shodiyor Saif
- Role, BBC, Olma-ota
- Published
Prezident Nazarboyev Qozog‘iston va Belarus Rossiyaga tovar sotishda muammolarga duch kelayotganini bildirgan. U Rossiya ta‘siriga tushib qolmaslik uchun Turkiyani ham Bojxona ittifoqi tarkibiga qo‘shish taklifini bergan.
Minskda o‘tayotgan Ovro‘osiyo iqtisodiy Oliy kengashi yig‘ilishida gapirgan Nursulton Nazarboyev ilk bor Bojxona ittifoqidagi turli to‘siqlar haqida gapirgan va Rossiyani tanqid qilgan.
"Qozog‘iston maxsulotlarini o‘rtamizdagi bozorga sotishda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda. Tarifda ko‘rsatilmagan texnik to‘siqlar, ko‘tarilgan sanitar va fitosanitar talablar, sertifikat va litsenziya berishdagi turli choralardan foydalanilmoqda. Masalan, Belarusda ishlab chiqariladigan go‘sht va sut mahsulotlari. Gohida o‘tib bo‘lmasligi ko‘rinib turadigan sharoitlar yaratilmoqda, davlatlarimiz orasidagi sanitar sertifikatlarda ko‘rsatilmagan me‘yorlardan foydalanilmoqda", - degan Nursulton Nazarboyev.
Qozog‘iston prezidenti natijada Rossiyaga Belarus va Qozog‘iston maxsulot va tovarlarini yetkazishda pasayish kuzatilayotganini ta‘kidladi.
Nazarboyev Bojxona ittifoqi doirasida savdo qilishda yengilliklar yaratilgani haqidagi bayonotlarga qaramasdan, turli to‘siqlar biznes qilishga halaqit qilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, u elektroenergiya sohasidagi hamkorlikda bir qancha muammolar borligini aytdi.
"Tegishli hujjat xulosasida Qozog‘iston bilan solishtirilib Rossiya energotizimiga bog‘liq maxsus rejim ishlab chiqilgan edi. Natijada elektroenergiya yetkazib beruvchilarning yo‘li to‘sildi. Qozog‘iston Rossiya hududi orqali Belarusga elektroenergiya sotolmay qoldi", - degan Nazarboyev.
Qozog‘iston rahbari biznes vakillari Bojxona ittifoqining Bojxona kodeksini tanqid qilayotganini ta‘kidladi. Prezidentga ko‘ra, kodeksni liberallashtirish va bojxona jarayonlarini maksimal darajada yengillashtirish zaruriyati paydo bo‘lgan.
Nursulton Nazarboyev Rossiyaning ta‘siriga tushib qolmaslik uchun Bojxona ittifoqiga Turkiyani ham qo‘shib olishni taklif qilgan.
Prezidentning aytishicha, xorijga safar qilganida unga Rossiya ta‘siri ostida qandaydir SSSRga o‘xshash ittifoq tuzayotganlari to‘g‘risida ko‘p savol berishadi.
"Balki katta davlat bo‘lgan Turkiyani qo‘shib olarmiz va shu bilan bunday gap so‘zlar to‘xtar. Turkiya prezidenti bizning Bojxona ittifoqiga qo‘shilish istagi bilan murojaat qildi. Kelinglar Turkiyani ham qabul qilamiz", - degan Nazarboyev.
Qozog‘istondagi muxolifat va jamoat faollari mamlakatning Rossiya boshchiligidagi Bojxona ittifoqiga qo‘shilishini tanqid ostiga olib keladi. Ularga ko‘ra Qozog‘iston shu yo‘l bilan Rossiya ta‘siriga tushib qoladi va mamlakat o‘z so‘zini aytishda mustaqilligini yo‘qotadi.





























