Qirg‘iziston: gaz portlashida besh nafar inson jarohat oldi

Qirg‘iziston janubidagi Jalol-Obod shahri markazidagi oshxonalardan birida chorshanba kuni ertalab yuz bergan portlashda besh kishi jarohat olgan.
Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, jarohat olganlarning uch nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Jalol-Obod viloyati Ichki ishlar boshqarmasi vakilining ma‘lum qilishicha, hodisa gaz balonining portlashi oqibatida yuz bergan.
Militsiya idorasi vakili Taalaybek Suusunboyevning aytishicha, ikki nafar oshxona xizmatchisi gaz ballonini oshxona yerto‘lasiga kiritayotgan mahalda, gaz baloni yerga tushib ketgan.
"Oqibatda balondagi gaz chiqaradigan muruvat sinib tushgan va katta bosimdagi gaz yonib turgan elektr ta‘siri bilan portlab ketgan", - deb aytgan Taalaybek Suusunboyev.
Unga ko‘ra, jarohat olganlarning uch nafari o‘rtacha og‘irlikdagi jarohatlar olishgan.
Rasmiy ma‘lumotga binoan, yong‘in o‘chirilgan hamda militsiya xodimlari ijtimoiy tartibni o‘z nazoratlariga olganlar.
Yaqinda texnik xavfsizlik qoidalariga yetarli darajada rioya etilmagani sababli Qirg‘izistonning janubiy poytaxti O‘sh shahrida o‘xshash hodisa yuz bergandi.





























