Futbol: Yulduz Lionel Messi yana mahkamaga tortiladi

Published
Ўқилиш вақти: 1 дақ

To‘rt karra "Jahonning eng zo‘r futbolchisi" va uning otasi Xorxe Messi Ispaniya mahkamasi tomonidan soliq firibgarligida ayblanishmoqda:

Agar, mahkama tomonidan ilgari surilayotgan da‘volarga qaralsa, ikkovlon qalloblik yo‘li bilan 4 million yevrodan ortiqroq soliqni mas‘ullardan yashirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Gumon qilinishicha, ular Lionel Messining suratidan foydalanish huquqini sotish uchun chetdagi: Beliz va Urugvaydagi shirkatlardan foydalanishgan.

Ammo ikkovlon ham tarixi 2077-09 yillarga borib taqaluvchi ushbu ayblarni tan olishmayotir.

JAHON FUTBOLI YULDUZI LIONEL MESSINING BIZ BILGAN VA BILMAGAN HIKOYALARI:

Yana qanaqa mahkama?

Dunyoning eng sara hujumchisi va uning otasini Gava tumani mahkamasi so‘roq qiladi.

Lionel Messining o‘zi yashovchi Barselonaning eng boy mavze‘laridan biridagi juma kungi mahkama jarayonining yopiq o‘tishi aytilmoqda.

Ular uch band bo‘yicha Ispaniya Soliqchilik tizimini firib qilishda ayblanishmoqda.

Messining suratini bosish huquqidan tushgan daromad "Banco Sabadell", "Danone", "Adidas", "Pepsi-Cola", "Proctor and Gamble" va Quvayt Oziq-ovqat shirkati bilan imzolangan shartnomalar bilan bog‘liq.

Shu yil avgust oyida bu ikki sudlanuvchi to‘lamay yurganliklari aytilgan 4.16 million yevro miqdoridagi soliqni foizi bilan birga qo‘shib, besh million yevro qilib qaytarishgandi.

Biroq davlat prokurorlari ularni hanuz tinch qo‘yishmayotir.

Madriddagi muxbirimizning aytishicha, Ispaniyadagi iqtisodiy inqiroz sabab, soliq mulozimlari Messi va otasiga bunchalik "qattiq ketayotgan" bo‘lishlari mumkin.

"Bizning aybimiz yo‘q"

Avvalroq yulduz futbolchi o‘zi va otasi "hech qachon hech qanday qallobliklarga qo‘l urishmagani, soliqlarni doimo o‘z vaqtida to‘lab kelishgani"ni ta‘kidlagandi.

Lionel Messi dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchilaridan biri sanaladi.

Uning "Barselona"dagi sof yillik daromadi 16 million yevro atrofida ekani aytiladi.

Ustiga ustak, tujjoriy homiylik qilish bilan shug‘ullanuvchi dunyoning ko‘plab shirkatlari bilan bir necha million dollarlik shartnomalar ham imzolagan.

Ya‘ni, futbol maydonidagi san‘ati va yutuqlari biznesda ham uning bozorini chaqqon qilgan.

Argentinaning kambag‘algina oilasidan chiqqan va bolaligidan jiddiy xastalikka chalingan Messi 13 yoshida "Barselona"ning nazariga tushadi.

Oradan uch yil o‘tib, sog‘lig‘i tiklangach, ilk bor jamoa safida maydonga tushadi.

Dunyoning eng yulduz futbolchilari orasida eng kamtarlaridan biri sanalishi nazarda tutilsa, bu kabi ayblovlar Lionel Messining obro‘siga jiddiy zarba berishi mumkin.