Musulmon filmlari festivalida nima uchun diniy mavzudagi filmlar yo‘q?

Сурат манбаси, none
Tatariston poytaxti Qozonda navbatdagi Musulmon Filmlari Festivali o‘tkazilmoqda.
Festival 2004 yildan beri o‘tkaziladi.
Unda taqdim etilgan filmlar ro‘yxatiga nazar tashlar ekansiz diniy mavzudagilari deyarli yo‘q ekanligiga ko‘ziniz tushadi.
Bu holda nima uchun festival Musulmon Filmlari Festivali, deya yuritiladi?
Qozon festivali saralash komissiyasi rahbari kinoshunos Sergey Lavrentevning aytishicha, festival nomi unda islomiy mavzu yokdin tarixi va zamonaviy talqinlariga bag‘ishlangan filmlar taqdim etilishini anglatmaydi.
Sergey Lavrentev: Bilasizmi, bu juda qiziq mavzu va uni festival ochilish marosimida festival prezidenti bo‘lmish Rossiya muftiysi juda yaxshi ochiqlab berdi. Ya‘ni musulmon filmlari festivali diniy filmlar yoki islom dinining tarixi yo-da zamonaviy talqini haqidagi filmlar festivali deganini anglatmaydi. Bu festival islom dunyosi filmlari, ya‘ni yetakchi din sifatida islom dini bo‘lgan davlatlarda ishlangan filmlar festivalidir. Festivalda taqdim etilgan filmlarda diniy motiv umuman bo‘lmasligi ham mumkin. Bundan tashqari festival kun tartibida islom dunyosidan tashqarida olingan filmlar ham bor. Lekin bu filmlarda mehr-oqibat va muhabbat kabi mavzular, jahonga ochiqlik ustuvorlik qiladi. Shuning uchun musulmon filmlari festivalini bu boshqalardan ixotalanib olish harakati sifatida ko‘rish kerak emas.
BBC: Siz aytayotgan mehr-oqibat va yaxshilik mavzularini ko‘plab filmlarda ko‘rish mukmin. Qaysi asosda filmlar bu festivalga tanlab olinadi va umuman festivalni musulmon filmlari festivali, deb atashga hojat bormi unda?
Sergey Lavrentev: Birinchidan hamma filmalarda ham bu mavzular yoritiladi, deb aytmagan bo‘lardim. Ko‘plab filmlarda dunyoninng mukammal emasligi, zo‘ravonlik, inson tasavvuridagi jahonning voqelik bilan to‘g‘ri kelmasligi mavzulari ko‘plab yoritiladi. Bu festivalda esa bu kabi filmlar, ne qadar ustamonlik bilan qilingan bo‘lmasin, yo‘q. Lekin bu biz festivalga mehr-oqibatni targ‘ib qiluvchi va musulmon davlatida ishlangan har qanday filmni ham olveramiz, deganini ham anglatmaydi.
BBC: Festivalda taqdim etilgan filmlar orasida O‘zbekistonda ishlangan "Parizod" filmi ham bor. Tamoshabin sifatida menda savol tug‘iladi, deylik aksar aholisi musulmon bo‘lgan O‘zbekistonda ishlanganidan tashqari bu filmning aynan musulmon filmlari festivalida ishtirok etishiga sabab nima? U yerda biron diniy mavzu yo‘q, filmda aks ettirilgan hodisalar har qanday jamiyatda, jahonning har yerida bo‘lishi mumkin....
Sergey Lavrentev: Bu suhbatimiz boshida aytib o‘tgan nuqtamning aynan dalili. To‘g‘ri aytingiz, filmda to‘g‘ridan-to‘g‘ri diniy mavzu yo‘q. Unda aks etgan hodisalar Parijda ham, Seulda ham, Bankgokda ham ro‘y berishi mukmin. Umuman O‘zbekistondan 7 yo 8 ta badiiy va qator hujjatli filmlar festivalda ishtirok etish uchun ariza berishgandi. "Parizod" filmini tanlab olishimizga sabab, unda tamoshabin uchun o‘zbek film san‘ati va O‘zbekistondagi hayot haqida yangi tasavvur beradigan hislat borligi edi. Deylik agarda Fransadan bu kabi film kelsa, biz o‘ylab ko‘rardik, chunki Fransada ishlangan bu kabi filmlarni biz minglab ko‘rganmiz. Lekin O‘zbekistondan bu kabi filmni ko‘rmagandik. Shuning uchun aytishim mumkinki, festivaldagi filmlarda yangi dunyolarni ochish hislatiga ega bo‘lgan filmlarga ko‘proq e‘tibor berganmiz, desam bo‘ladi.




























