Afg‘on politsiyasi baliq tutayotib bolalarni otib qo‘ygan

Сурат манбаси, AP
Afg‘onistonning Bog‘lon viloyati Doshi tumanida daryodagi baliqlarga raketa otib ovlayotgan politsiyachilar olti bolaning o‘limiga sababchi bo‘lganlar.
Baliqlarga otilgan raketa suvga tushish o‘rniga yaqin oradagi bolalar maydonchasiga borib tushgani xabar qilinadi.
Boshqa manbalarga ko‘ra, bolalar mina portlashidan halok bo‘lishgan.
BBC muxbiri suhbatlashgan politsiyadagi manbalardan birining so‘zlashicha, bolalar politsiyachilar ov qilgan daryo yoqasida portlamay qolgan snaryadni topib olishgan.
Doshi tuman hokimi Shamsiddin Sarxadiyning bildirishicha, ba‘zi bolalar mina ko‘milgan hududda mollarini boqib yurganlar.
4 sentyabr kuni Afg‘oniston Milliy Xavfsizlik xodimlari 8 politsiyachini hibsga olgan.
Aytilishicha, ular o‘tgan haftada olti bolani o‘limi va ikkisini og‘ir jarohatlaganlikda ayblanishmoqda.
Bolalarning o‘limiga olti kun bo‘lgan bo‘lsa ham, politsiyachilar endi ushlangan.
Mahalliy politsiya boshlig‘iga binoan, hibsga olinganlar orasida mahalliy mulozimlardan birining o‘g‘li ham bor.
Uning aytishicha, surishtiruv ishlari tezkorlik bilan davom etmoqda va kamida bir haftalardan so‘ng ma‘lum xulosani bildirish mumkin.
Politsiya xodimlariga noxosdan o‘limga sabab bo‘lganlik ayblovi qo‘yilgan.
"Sakkiz politsiyachi otuvchi quroldan noto‘g‘ri foydalangani tufayli olti bolaning o‘limiga olib kelganlikda ayblanmoqda", deb aytgan Afg‘oniston Ichki Ishlar vazirligi.
Hibsga olinganlarning ko‘rsatmasiga ko‘ra, kichikroq raketa daryoning o‘rtasini mo‘ljallab otilgan, biroq baxtga qarshi raketa butunlay boshqa tomonga uchib ketgan.




























