Olimjon To‘xtaoxunov: "Paxtakor-79" ni eslasam, qayg‘uga botaman

Toshkentda O‘zbekistonnning afsonaviy futbol jamoasi, 1979 yilda aviahalokatga uchragan "Paxtakor-79" jamoasi xotirasiga yodgorlik o‘rnatilgan.
11 avgust kuni Botkin qabristonida o‘tgan marosimda futbol muxlislari va rasmiylar ishtirok etishgan.
Paxtakorning butun sobiq Ittifoqqa tanilgan o‘yinchilari 1979 yil avgustida Dneproderjinsk osmonida sodir bo‘lgan avihalokat natijasida hayotdan ko‘z yumgan edilar.
Rossiyalik taniqli metsenat, g‘arb matbuotida ko‘pincha "jinoiy avtoritet" va "Tayvanchik" nomi bilan tilga olinadigan Rossiya Futbol Jamg‘armasi Prezidenti Olimjon To‘xtaoxunov "Paxtakor- 79 jamoasi"ni yaqindan tanigan va o‘zi ham "Paxtakor" dublida o‘ynagan.
U BBCga xotiralari haqida gapirib berdi.
Olimjon To‘xtaoxunov: Eslasam, qayg‘uga botaman. Bolalar uvol bo‘lishdi. Men ularning ko‘pchiligi, ko‘pchiligi emas, hammasini shaxsan tanir edim. Biz hammamiz "Paxtakor"ning maktabidan chiqqanmiz. Men aviahalokat haqida o‘sha daqiqadayoq eshitganman. Menga do‘stlarim, futbolchilar darrov xabar berishgan. Men uchrashuvda edim. Juda yaxshi eslayman. Avvaliga nima bo‘lganini tushunolmadim. Chunki foijani birdan anglab yetmagan edim. Buni anglash qiyin edi. Oradan biroz o‘tib, nima bo‘lganini to‘liq anglab yetgan paytim, birdan yig‘lab yubordim. Asabim qattiq buzildi. Hali-hali esimda.
BBC: "Paxtakor"chilarning o‘limi butun O‘zbekiston uchun motam bo‘lgan. Sobiq Ittifoqning boshqa jumhuriyatlarida bu fojiaga munosabat qanday bo‘lgan edi?
Olimjon To‘xtaoxunov: Hamma qayg‘uda edi. Va men sizga aytaman, hozirgacha odamlar kuyunib eslashadi. Bu, nima desam ekan, xuddi bir paytlar "Manchester Yunayted" jamoasi o‘yinchilari xalokatga uchraganday bir gap. Fojianing miqyosi bundan kam emasdi. Faqat O‘zbekistonda emas, boshqa joylarda ham taniqli jamoalarning taqdiri haqida gap ketganda, "Paxtakor" albatta eslanadi. To‘g‘ri, hozir boshqa zamonlar. "Paxtakor"chilarning ko‘pgina yaqinlari ham olamdan o‘tib ketishdi. Ammo eslash kerak. Matbuotda, tadbirlarda bu sanani albatta eslatib turish kerak.
BBC: Bugungi o‘zbek futboli haqida nima deya olasiz?.
Olimjon To‘xtaoxunov: O‘zbek futboli haqida nima ham deyishim mumkin. Sobiq Sovet Ittifoqining boshqa davlatlarida bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham futbol rivojlanayapti. Albatta kimdir ko‘proq, kimdir kamroq muvaffaqiyat qozonayotgan bo‘lishi mumkin. Bu davlatlarning ko‘pchiligiga solishtiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston futbol ko‘proq rivojlangan davlat hisoblanadi. Albatta, O‘zbekiston unchalik katta bo‘lmagani uchun, mamlakat birinchiligi u qadar kuchli jamoalar o‘rtasida kechmaydi. Orada shunday bir vaqt bo‘ldi, O‘zbekistonga yulduz murabbiylar, o‘yinchilarni taklif qilishdi. Ronaldo, Eto'O va boshqalar. Master klasslar uyushtirildi. Menimcha, bu to‘g‘ri qadamlar edi. Futbol ham davlatlarga o‘xshab rivojlanadi. Davlat rivojlanish bosqichida ekan, futbol ham shunga yarasha bo‘ladi.




























