Jahon chempionati: O‘zbekiston kubok uchun kurashini boshlaydi

Jahon chempionati: O‘zbekiston kubok uchun kurashini boshlaydi
Сурат тагсўзи, Jahon chempionati: O‘zbekiston kubok uchun kurashini boshlaydi
    • Author, Feruza Rahmon
    • Role, BBC, London
  • Published

21 iyun kuni o‘zining mehmonnavozligi va futbol ishqibozlarining ashaddiyligi bilan dunyoda nom chiqargan Turkiyada 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida jahon chempionati start oladi.

Kelasi uch hafta davomida 24 milliy terma jamoa yagona kubok uchun kurash olib borishadi. Ularning orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham bor.

Turkiyaning markaziy Qaysari shahrida bo‘lib o‘tajak tantanali ochilish marosimi ortidanoq chempionlik uchun ashaddiy kurash ham boshlanib ketadi.

Ochilish kunining o‘zida to‘rtta uchrashuv rejalangan bo‘lsa, shuning uchtasida sobiq jahon chempionlari Gana, Portugaliya va Ispaniya maydonga tushishadi.

Bu galgi jahon chempionatining eng g‘aroyib jihati shundaki, saralash bosqich o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsizliklari sabab, unda nahang Braziliya va Argentina jamoasi ishtirok etmaydi. Bunaqasi esa, dunyo futboli tarixida bo‘lmagandi.

Jahon chempionligiga asosiy da‘vogarlar sifatida Ispaniya, Portugaliya va Gana tilga olinayotgan esa-da, Frantsiya, Nigeriya, Janubiy Amerika chempioni Kolumbiya va Meksikaning ham bo‘sh kelmasligi kutilmoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, chempionlik uchun kurashini guruh bosqichida Yangi Zelandiya, Xorvatiya va ashaddiy raqibi Urugvayga qarshi boshlaydi.

Agar chorak finalda Urugvayni yenggan taqdirlarida, o‘zbekistonlik futbolchilar yarim finalda Braziliyaga qarshi to‘p surgan bo‘lishardi
Сурат тагсўзи, Agar chorak finalda Urugvayni yenggan taqdirlarida, o‘zbekistonlik futbolchilar yarim finalda Braziliyaga qarshi to‘p surgan bo‘lishardi

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi (19 yoshgacha bo‘lganlar orasida) 2011 yili Meksikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida mamlakat tarixida ilk bor o‘yinlarning chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar ashaddiy raqiblari Avstraliyani yirik 4:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga chiqish bahsida Urugvayga yutqazib qo‘yishgandi.

Agar chorak finalda Urugvayni yenggan taqdirlarida, o‘zbekistonlik futbolchilar yarim finalda Braziliyaga qarshi to‘p surgan bo‘lishardi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, jahon birinchiligi Turkiya yirik aksilhukumat namoyishlariga sahna bo‘lgan bir manzarada start olmoqda.

20 yoshgacha bo‘lganlar orasida 2013 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilishga Birlashgan Arab Amirliklari bilan bir qatorda O‘zbekiston ham da‘vogarlik qilgan, ammo bu sharaf alal-oqibat Turkiyaga nasib etgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zining ilk guruh bosqich bellashuvini 23 iyun kuni Bursada Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yini bilan boshlaydi.

Saralash bosqich bellashuvlaridan o‘tolmagani uchun bu gal chempionlik uchun bellashayotganlar orasida nahang Braziliya yo‘q
Сурат тагсўзи, Saralash bosqich bellashuvlaridan o‘tolmagani uchun bu gal chempionlik uchun bellashayotganlar orasida nahang Braziliya yo‘q

Jamoaning 19 iyun kuni Bursaga yetib borgani rasman ma‘lum qilingandi.

Biz Bursadan "Olay Media" tarmog‘i Sport bo‘limi rahbari O‘rxon Go‘ney bilan bog‘lanib, o‘zlari faoliyat olib boruvchi shahar misolida Turkiya jahon chempionatiga shaymi, deb so‘radik:

O‘rxon Go‘ney: Bursa haqida so‘z ketganda, hammaning xayoliga eng avvalo "Bursaspor" futbol jamoasi keladi. Chunki uch millionlik shahar aholisining aksariyati aynan "Bursaspor"ga ishqibozlik qilishadi. Hattoki, jamoa 2004 yilda quyi ligaga tushib ketib, ikki yil oliy ligada bo‘y ko‘rsatmagan paytda ham, 20 ming kishilik "Otaturk" stadionida bo‘sh joy topilmas edi. O‘yin kunlari esa, stadion qolib, butun shahar klubning ranggi – oqu yashilga bejalib ketadi. Aynan futbolga mukkasidan ketganlik bilan nom chiqargani uchun ham, Bursa jahon chempionatiga mezbonlik qilayotgan shaharlardan biri sifatida tanlandi.

BBC: Mana, siz Bursadan turib faoliyat olib borasiz. Agar, o‘z kuzatuvlaringizdan kelib chiqib aytsak, Bursa jahon chempionatiga mezbonlik qilishga shaymi?

O‘rxon Go‘ney: Yuz foiz tayyor, deb aytgan bo‘lardim. Ammo bu savolni besh yil burun so‘raganingizda, "Yo‘q", deb aytgan bo‘lardim. Chunki "Bursaspor"ning ketma-ket to‘rt yildan beri Ovro‘po Kubogida ishtirok etib kelayotgani shaharda juda ko‘p o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. "Otaturk" stadioni UEFA talablari asosida qayta ta‘mirdan chiqarildi. Bundan besh yil burun Bursada soni sanoqli bo‘lgan besh yulduzli mehmonxonalar soni esa, bugunga kelib bir necha o‘nga yetdi. Shu bois ham, Bursa jahon chempionatiga yuz foiz tayyor, deb aytgan bo‘lardim.

BBC: Jahon chempionati arafasida o‘tkazilgan turli xalqaro uchrashuvlar chog‘ida Turkiyadagi aksariyat stadionlarda bo‘sh o‘rinlar ko‘p edi. Endi, agar birgina Bursa misolida aytsak, yoshlar o‘rtasidagi jahon birinchiligi futbol ishqibozlarini o‘ziga qanchalik jalb etarkin?

O‘rxon Go‘ney: Men bu masalada nekbinman. Chunki jahon chempionati juda faol targ‘ib qilinmoqda. Chipta narxlari ham qimmat emas. Deylik, 19 turk lira( qariyb 7 funt sterling)siga ikkita uchrashuvni tomosha qila olasiz. Bundan arzoni bo‘lmaydi. Ustiga ustak, Bursa ahli 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bo‘lajak futbol yulduzlari to‘p surishini yaxshi bilishadi. Bo‘lajak Messi, Ronaldolarning o‘yiniga guvoh bo‘lishlarini bilib, o‘yinga tushishadi. Shuning uchun ham, stadionlar to‘liq bo‘lishiga ishonchim komil.

BBC: O‘zbekiston Yangi Zelandiyaga qarshi guruhdagi ilk uchrashuvini Bursada o‘tkazadi. Endi, mahalliy futbol ishqibozlari orasida O‘zbekistonni dastaklayman, deganlari qanchalik ko‘p?

O‘rxon Go‘ney: Ishonasizmi, yo‘qmi, biz bu haqda kechagina gaplashgandik. Men "Bursaspor" ishqibozlari guruhi liderlari bilan gaplashdim. Ulardan xuddi shu savolni o‘zim ham so‘radim. "Jahon chempionatida Turkiya o‘ynamaydi, "Bursapor" yo‘q. Yangi Zelandiya, O‘zbekiston, Urugvay va Xorvatiya maydonga tushishadi. Kimga ishqibozlik qilasizlar?", desam, ko‘pchiligi O‘zbekiston deyishdi.

BBC: Jahon chempionati Turkiyaning ayrim yirik shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari kechayotgan bir manzarada bo‘lib o‘tadi? Bu norozilik chiqishlarining jahon birinchiligiga ta‘siri qanday bo‘lishi mumkin?

O‘rxon Go‘ney: Umuman ta‘siri bo‘lmaydi, degan fikrdaman. To‘g‘ri, xuddi Suriya yoki Eron misolida bo‘lgani kabi, chetdan qaragan kishi kechayotgan namoyishlardan xavotirga tushishi mumkin. Lekin, Turkiyaga kelgach, ularning barcha xavotirlari tarqalib ketadi. Bunga yuz foiz ishonchim komil. Agar, Bursa misolida aytsam, bu yer umuman tinch. Ustiga ustak, norozilik to‘lqini ham bu yerga yetib kelmagan. Ular bunga amin bo‘lishlari uchun o‘zlari Bursaga kelishlari kerak, buni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari lozim. Shahar juda, juda tinch. Odamlari juda madaniyatli. Hali Bursani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgach, hayron bo‘lishadi, yana qaytib kelish haqida o‘ylay boshlashadi.