Jalol-Obodlik onaxonlar hokimiyat binosini bo‘shatishdi

Published

Qirg‘izistonning Jalol-Obod viloyati hokimiyatini egallab turgan qahramon onalar nihoyat binoni tark etishgan. Biroz avval Qirg‘iziston Bosh Vaziri Jontoro Sotiboldiyev 2 iyunda hibsga olingan Meder Usenovni ozod qilishni talab qilgan yuzlab namoyishchilar bilan uchrashish uchun Jalol-Obodga kelgandi.

Ata Jurt partiyasi tarafdorlari 31 may kuni hokimiyat binosini egallab olib, partiya a‘zosi Meder Usenovni "xalq gubernatori" deya e‘lon qilishgandi.

Biroq ertasiga Usenov hibsga olingan va unga qarshi "davlat idorasini kuch bilan egallab olish" aybi bilan jinoiy ish ochilgan. Namoyishchilar bunga javoban strategik Bishkek-O‘sh trassasini to‘sib olganlar va, agar u ozod etilmasa, davlat idoralariga o‘t qo‘yish bilan tahdid solishgan.

Chorshanba kuni janob Usenov Bishkekdagi hibsxonadan ozod etilgan va Jalol-Oboddagi namoyishchilar bilan kelib ko‘rishishi ortidan, trassa qayta ochilgan.

Meder Usenov besh farzandi borligi hisobga olinib, kafolat evaziga ozod qilingan, biroq kafil kim ekani ochiqlanmagan.

Jalol-Obod viloyat hokimiyatini egallab kelayotgan qahramon onalar 7 iyungacha binoani tark etmasliklarini aytishgandi. Hozirda viloyat hokimi Jusubali Toromamatov o‘z lavozimiga tiklangan.

Biroz avval Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilan uchrashib, yo‘l to‘sib qo‘yilgan Suzoq tumanida favqulodda vaziyat kiritilishidan ogohlantirgandi.

So‘nggi bir hafta mobaynida Qirg‘izistonning shimoli va janubida muntazam ravishda yuz berayotgan ommaviy tartibsizliklar oqibatida siyosiy-ijtimoiy vaziyat keskinlashgan.

O‘tgan haftada Issiq-Ko‘l viloyatining Jeti-Ug‘uz tumanida Prezident Atambayev favqulodda vaziyat e‘lon qilib, uni ikki kundan so‘ng bekor qilgan.

Ommaviy tartibsizliklarga aylangan namoyishlarning asosiy sabablari - bu "Qumtor" oltin konida ish olib borayotgan Kanadaning "Tsenterra Gold" shirkati hissalariga bog‘liq noroziliklar va o‘tgan yili ayni masalaga qarshi namoyishlar uyushtirgan parlament deputatlarning qamalishi bo‘lgan.