
AQSh "Petriot" tizimidan 1986 yildan buyon foydalanib keladi
"NATOga a‘zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Turkiyaga "Petriot" raketa tizimini yuborishga rozi bo‘lishlariga umid qilaman", - deb aytdi NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen.
O‘tgan hafta Turkiya NATOdan Suriya bilan bo‘lgan chega ra hududlariga raketa tizimini o‘rnatishni so‘radi.
Ushbu masala NATOga a‘zo 28 mamlakat tashqi ishlar vazirlarining Bryusselda bo‘lib o‘tajak yig‘inida ko‘rib chiqiladi.
NATO vakillari ta‘kidlashlaricha, "Petriot" tizimiga faqat himoya chorasi sifatida qarash lozim.
Avvalroq Vashington prezident Bashar Asad o‘z xalqiga qarshi kimyoviy qurolni ishlatishi mumkinligi haqida bayonot bergandi.
Oq Uy vakili Jey Karni "chorasiz qolgan Asad rejimi kimyoviy qurolni qo‘llashga majbur bo‘lishi mumkin"ligini aytgandi.
AQSh prezidenti Barak Obama esa Suriya prezidentini kimyoviy qurolni ishlatish "oqibatilari"dan ogohlantirdi.
"Butun dunyo diqqat bilan kuzatib turibdi. Kimyoviy qurolni ishlatishni aslo qabul qilib bo‘lmaydi", - deya bayonot berdi Amerika prezidenti.
"Agar fojiaviy xatoga yo‘l qo‘ysangiz va bu qurolni ishlatsangiz, buning uchun javob berasiz", - deb ilova qildi Barak Obama.
Bunga javoban Damashq kimyoviy Suriyada bo‘lsa ham, hech qachon ishlatilmasligi haqida bayonot berdi.
NATO ekspertlari allaqachon Turkiyaga safar qilib, "Petriot" raketa tizimini Suriya bilan bo‘lgan chegara hududlariga o‘rnatish imkonlarini o‘rganib chiqqanlar.
Ushbu tizim Turkiya havo hududiga o‘tgan raketa va harbiy uchoqlargagina qarshi ishlatiladi.
Anqara rasmiylariga ko‘ra, harbiy texnika Turkiya havo hududini himoya qilishga qaratiladi xolos.
Harbiy masalalarda BBC muxbirining aytishicha, Rossiya e‘tirozlariga qaramasdan, NATO aftidan Turkiya iltimosini qondiradiganga o‘xshaydi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov NATOga a‘zo davlatlar yig‘ilishida ishtirok etishi kutilmoqda.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Turkiyada raketalardan himoyalanish tizimini o‘rnatish ishlariga bir necha hafta ketishi mumkin.
Raketalar Turkiyaga Qo‘shma Shtatlar, Olmoniya va Hollandiyadan keltirilishi mumkin.
G‘arb maxsus xizmatlari tahlilchilari Damashq kimyoviy kallaklar bilan jihozlangan ballistik raketalarni ishlatishga tayorgarlik ko‘rayotgani haqidagi farazlarni ilgari surishlari ortidan Anqara NATOdan yordam so‘ragandi.
"Petriot" raketalarga qarshi himoya tizimi Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari tomonidan 1986 yildan buyon keng qo‘llaniladi.
O‘tgan yilga qadar Turkiya va Suriya yaqin ittifoqchi edilar, ammo hozir Anqara Suriya muxolifatini dastaklamoqda va prezident Bashar Asaddan iste‘foga chiqishni talab qilmoqda.
Turkiya Suriyaga urush e‘lon qilmagan esa-da, ikki mamlakat munosabatlarini yoritib boruvchi jurnalistlar fikricha, Anqara Suriya mojarosiga tobora ko‘proq kirib bormoqda.
Turkiya va Suriya chegarasining uzunligi 900 kilometrni tashkil etadi.
--------------------------------------------------------------------------------
Aziz O‘quvchi!
BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.
Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.
BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

























