
AQShlik diplomatlarning xufiya yozishmalariga ko‘ra, Gulnora Karimova "O‘zbekistonda eng ko‘p nafratlanadigan shaxs" hisoblanadi.
Britaniya nashr etiladigan The Independent ("Independent") gazetasi Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova shaxsi haqida G‘arb matbuotini tobora ishg‘ol etayotgan salbiy maqolalar safiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Maqola "Diktatorning qizidan atirgul ifori taraladimi?" - degan savol sarlavha bilan boshlanadi.
Qo‘shiqchi, shoira, rahnamo, siyosatchi, model kabi da‘vo etiladigan tomonlari bilan ochiqchasiga madh etiladigan Gulnora Karimova endi atirsozlikda ham ehtimol o‘zini sinab ko‘rayotgani eslanar ekan, maqolaga ko‘ra, uning atiridan, tabiiyki, O‘zbekiston qamoqxonalaridagi "qiynoqqa solinayotgan va yo tiriklayin qaynoq suvga tashlangan" hidi kelmaydi...
"Ehtimol kelar," - deb qo‘shimcha qilinadi maqolada.
"Sirli"
Mysterieuse, ya‘ni "sirli" deb nomlangan atir Marokash atirguli, yosuman va Osiyoda o‘suvchi "ilang-ilang" tropik daraxti guli qorishmasidan tayyorlangan.
"Ammo bu nom so‘z o‘yini yoki qiynoqqa solinayotgan va yo tiriklayin qaynoq suvga tashlangan mahbuslarga ishora emas," - deb yozadi "Independent" gazetasi.
Unga ko‘ra, taniqli frantsuz parfyumeri tomonidan yaratilgan ushbu atir O‘zbekistonning "shafqatsiz prezidenti" Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning ilk atriga aylanishi lozim.
"Janob Karimov hukmronligi ostida O‘zbekiston dunyoning eng repressiv mamlakatlaridan biriga aylandi," - deb yozadi "Independent".
Gazetaga ko‘ra, bu mamlakatda qiynoqlar muntazam qo‘llanadi va qo‘rquv fazosi keng tarqalgan.
Maqolada O‘zbekiston hukumati maktab o‘quvchilaridan har yili paxta terimi mavsumida arzon mehnat kuchi sifatida foydalanishi, mamlakat aholisi esa qashshoqlikda hayot kechirishi alohida ta‘kidlangan.
Ammo, gazetada ta‘kidlanishicha, prezident qizining bunday hayotga hech qanday aloqasi yo‘q.
U "Toshkent, Moskvayu Jenevada o‘tkaziluvchi kecha bazmlarida... shohona hayot kechiradi," – deb yozadi "Independent".
Otasining ishonchli sirdoshi bo‘lgan Karimova xonim oxirgi yillarda o‘zini avvaliga fason va zargarlik buyumlari dizayneri sifatida keyinroq esa otasi qo‘ygan "Gugusha" taxallusi ostida pop qo‘shiqchi sifatida tanita boshladi," - deyiladi maqolada.
Gulnora Karimovaning "Guli" brendi ostidagi erkaklar uchun mo‘ljallangan Victorious va ayollar uchun mo‘ljallangan Mysterieuse nomli birinchi atiri o‘tgan seshanba kuni Toshkentdagi tungi klublardan birida o‘tgan hashamatli kechada taqdim etilgandi.
"Ekzotik o‘zbek go‘zali"
Atirlar muallifi Frantsiyaning yetakchi parfyumerlaridan biri Bertrand Dyuchafodir.
Janob Dyuchafo Christian Dior va Givenchy kabi dunyoga dong taratgan parfyumeriya ishlab chiqaruvchi shirkatlarga ko‘plab atir navlarini o‘ylab topgan.
Parfyumer 'Mysterieuse' atiri vositasida Gulnora Karimova imijini yaratishga harakat qilganini aytadi.
"Men atir orqali O‘zbekiston va Frantsiyani bog‘lashga uringan tarixdagi ilk inson bo‘lsam shoyad," – deb aytgan janob Dyuchefo.
Ammo "Independent" parfyumerning suhbat o‘tkazish haqidagi yozma taklifga javob qaytarmaganini ma‘lum qiladi.
Gazetaga ko‘ra, frantsuz parfyumeri Gulnora Karimova atirini mashhur qilish uchun undan qancha pul olgani haqidagi savolga ham izoh bermagan.
Lekin, "Independent" yozishicha, janob Dyuchefo Gulnora Karimovaning muhtasham loyihalaridan mo‘may daromad ko‘rgan ilk shaxs emas.
Qo‘shiqchi Sting 2010 yilda Gulnora Karimova taklifi bilan Toshkentda kontsert o‘tkazgani uchun tanqidlarga uchragandi.
Wikileaks tomonidan nashr etilgan Amerikalik diplomatlarning xufiya yozishmalarida "qarorqchi malika" va "mamlakatda eng ko‘p nafratlanadigan shaxs" sifatida ta‘riflangan Karimova xonim noqonuniy biznesga aloqasi borligi haqidagi da‘volarni har doim rad etib kelgan, deb yozadi "Independent".
Gazetaga ko‘ra, Gulnora Karimova Qo‘shma Shtatlarda ham o‘z shuhratini yoyishga qaratilgan kampaniyani boshlagan.
"Amerikada chiqayotgan reklamalarda Gulnora Karimova "ekzotik o‘zbek go‘zali" deya ta‘riflansa-da, uning otasi haqida lom-mim deyilmaydi," deya qayd etadi Independent. - "Ammo uning yangi musiqiy albomi "How Dare?", ya‘ni "Haddi qanday sig‘adi?" - deb nomlangan. Ko‘plab o‘zbeklar unga ayni savol berishlari mumkin," - deb xulosa qiladi "Independent".
--------------------------------------------------------------------------------
Aziz O‘quvchi!
BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.
Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.
Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

























