O‘zbekistonda inson huquqlari himoyachisi O‘ktam Pardayev hibsga olingan

Сўнгги янгиланиш 1 октябр 2012 - 15:10 GMT

O‘ktam Pardayev oxirgi oylarda o‘zining muntazam ta‘qib etilayotganidan shikoyat qilgan.

Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha "Ezgulik" jamiyati xabar qilishicha, Jizzax shahrida inson haqlari faoli O‘ktam Pardayev hibsga olingan.

30 sentyabr kuni tushga yaqin Jizzaxning Sharof Rashidov ko‘chasida jizzaxliklar yetti nafar militsiya xodimining O‘ktam Pardayevning qo‘lini qayirib mashinaga majburan o‘tirg‘izishganining guvohi bo‘lishgan.

"Akamning qayerdaligi, nima uchun tutib ketilganini aytishmayapti. Shahar, viloyat IIBning barcha hibsxonalari, vaqtinchchalik tergov izolyatorlariga borib keldik, hech qayerda yo‘q. Uning sog‘lig‘i, ahvolidan xavotirdamiz", deb aytgan faolning ukasi O‘tkir Pardayev.

"O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda Jizzax viloyati prokuraturasining "ishonch telefonlari"ga murojaat qildi va huquq himoyachisining hibsga olinishi borasida izoh talab qildi. Ammo uning hozirgi ahvoli borasida ma‘lumot yo‘q", deya xabar qilgan "Ezgulik" jamiyati.

34 yoshli O‘ktam Pardayev 2006 yildan buyon O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil jamiyatining Jizzax viloyati bo‘limi raisi.

Bundan 10 kun oldin O‘ktam Pardayev o‘zining muntazam ta‘qib etilayotganidan shikoyat qilgan edi.

U o‘zining ortidan Jizzax militsiyasi xodimlari doim kuzatib yurishganini aytgan, O‘zbekistondagi AQSh elchiligi xodimlari bilan uchrashuvi kuchishlatar tizimlarining o‘ziga nisbatan ta‘qiblari kuchayishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Bundan oldin unga xorijga chiqish vizasini berish rad etilgan edi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari jizzaxlik faollarning, jumladan O‘ktam Pardayevga nisbatan bosimlarni zudlik bilan to‘xtatishni O‘zbek hukumatidan talab qilgan edilar.

O‘ktam Pardayevni 2006 yilda ham mushtlashishda birovga tan jarohati yetkazish aybi bilan qamashgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.