
O‘zbekistonda 1 oktyabr har yili O‘qituvchilar va murabbiylar bayrami sifatida nishonlanadi.
Bu sana rasmiy tarzda bayram qilinishi va malakali o‘qituvchilarga davlat tomonidan mukofotlar berib rag‘batlantirilishidan tashqari, ota-onalar va o‘qituvchilar orasida o‘ziga xos tarzda nishonlash qoidalari mavjud.
O‘zbekiston maktablarida yozilmagan qonunlarga binoan o‘quvchilar 1 oktyabrda ustozlariga sovg‘a-salomlar berishlari hamisha aytib kelinadi.
O‘zbekistonning "Uzmetronom" internet sayti yozishicha, Toshkentdagi Chilonzor tumanining 280 -maktab o‘quvchilaridan paxtakorlarga va o‘qituvchilar bayramiga deb uch ming so‘mdan pul olib kelish buyurilgan.
Maktabda uch mingga yaqin o‘quvchi o‘qishini hisobga olinsa, bu qancha pul bo‘lishini hisoblab chiqish qiyin emas, deyiladi maqolada.
Aholining aksariyati faqat oylik maoshga yashashini hisobga olsak, kamida uchta farzandi bo‘lgan oilalar uchun har bir o‘qituvchiga sovg‘a ulashish katta muammolarni tug‘dirishi tabiiy.
O‘zbekistonning boshqa joylarida bu borada ahvol qandayligi borasida qiziqib ko‘rganimizda, janubiy viloyatlardan birida yashovchi suhbatdoshimiz bu yilgi ahvol har yilgidan farq qilmasligini aytadi.
"O‘qituvchilarga sovg‘a-salom ulashish ba‘zi sinflarda tabaqalanishlarni ham yuzaga keltirgan. Yaxshiroq, qimmatbaho sovg‘a qilgan o‘quvchiga sovg‘a bermagan bolaga nisbatan alohida munosabat mavjud", deyishadi biz bilan gaplashgan ota-onalar.
Qarshilik Mohira ismli ayolning aytishicha, oilada maktabga boruvchi to‘rtta bolasi bor. Ularning har biriga sovg‘a olib berishga uning qurbi yetmaydi. Kim qanday sovg‘a bergani unga qanday bilim berilishiga ham sabab bo‘ladi.
Boshqa bir suhbatdoshimizga binoan, sovg‘a muammosi bilan u o‘quv yili boshidayoq duch kelgan:
"Iqtidorli bolalar maktabiga so‘ralgan pul va sovg‘ani berolmaganim uchun bolalarimni oddiy maktabga olishga majbur bo‘ldim. Pulni yaxshiroq bersangiz tajribali, bilimli o‘qituvchi birkitilgan sinfga bolangizni joylashtirishingiz mumkin. Aks holda, yana repetitor olib uyda shug‘ullanishingizga to‘g‘ri keladi. Bunga esa hammaning qurbi yetavermaydi. Masalan, mening bunga imkoniyatim yo‘q. Agar hamma repetitor olib bolasini o‘qitaversa, maktablarning nima keragi bor? " - deydi u.
O‘zbekistondagi maktab va boshqa o‘quv yurtlarida poraxo‘rlikka qarshi islohotlar o‘tkazish uzoq yillardan beri aytib kelinsada, kuzatuvchilarga ko‘ra, ayni paytda ahvol shu darajaga yetganki, ko‘zlangan natijalarga erishish uchun butun maorif tizimini qayta qurish lozim.

























