"Gulnora Karimovaning Buxoroda olingan klipi islom qadriyatlarini oyoq osti qilgan"

Сўнгги янгиланиш 26 сентябр 2012 - 17:07 GMT

Gulnora Karimova kuylashicha, u hayotdagi barcha imkoniyatlardan foydalanib qolishni istaydi

Prezident Islom Karimov qizi Gulnora Karimova - Googooshaning "Round Round" deb nomlangan ingliz tilidagi qo‘shig‘iga ishlangan videoklipi Internetda e‘lon qilingan.

Gulnora Karimova bu qo‘shig‘ining Amerikadagi Billbord haftalik xit-paradda yuqori o‘rinni egalladi deb aytgan va shu yil yozida qo‘shiq asosidagi videoklip Buxoro shahrida tasvirga olingani haqida xabar qilingan edi.

Videoklip Internetda e‘lon qilinganidan keyin web olamidagi forumlarda keng bahsu-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Videoklip va qo‘shiq haqida ijobiy fikrlar bilan bir qatorda o‘zbekistonliklar klipdagi oshiq yigitning Buxoro shahrining Islom olamida qadrlanadigan qadimgi binolarini oyoqosti qilgani haqida yozmoqdalar, UNESCO muhofazasidagi binolarning ustida videoklip tasvirga olishga ruxsat berilmasligi lozimligi aytilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning internetda chiqqan "Round Round" klipini dastlab ko‘rayotgan odam beixtiyor "yopiray!" deb yuborishi tayin.

Klipning boshidan oxirigacha sevgilisi visoliga yetish ishtiyoqidagi qahramon yigit Buxoroning osoyishta, qadimiy ko‘chalaridagi ming yillik binolarni qayta-qayta tepib, tomlari ustida o‘mbaloq oshib ma‘shuqasi tomonga oshiqadi.

O‘zbekistonda o‘zini hamma sohaning peshqadami qilib ko‘rsatishni yaxshi ko‘radigan Gulnora Karimova bu safar o‘z maqsadiga aniq yetgan deyish mumkin. Qaysi ma‘nodaki, dunyoda hali hech bir qo‘shiqchi vatanidagi tarixiy binolarni bu qadar oyoq ostiga olib klip olmagan va uni dunyoga uyalmay ko‘z-ko‘z qilmagan edi.

Klipda qatnashgan yigitni tushunish mumkin. Balki u butun islom olamida Buxoroi Sharif deb qadrlanadigan shaharning tarixini bilmasligi , u yerda yashab o‘tgan olimu-ulamolarning hayoti haqida bexabardir.

Biroq Buxoroning UNESCO muhofazasiga olingan tarixiy muqaddas obidalariga nisbatan bu qadar bepisand munosabat bilan Karimova xonim o‘zining ma‘naviy darajasi, xalq tarixiga haqiqiy munosabatini o‘zi bilmagan holda oshkor etib qo‘ymadimi? - degan savol tug‘iladi.

Biz O‘zbekistondagi internet saytlari orqali ko‘kka ko‘tarib maqtalayotgan ushbu klip haqida huquq faoli Namoz Normo‘mindan fikrlarini so‘radik.

Uning fikricha, klip faqat qo‘shiq emas, Gulnora Karimovaning reklamasi uchun xizmat qilish jarayonining bir parchasidir. "Buxoroi Sharif eskidan islomiy bir markaz, imom Buxoriyning vatani. Bunday bir tarixiy obidalarning ustida bu tarzda qo‘shiq aytish , o‘zbek millatining na diniy e‘tiqodiga yoki bo‘lmasa milliy qadriyatlariga hech bir shaklda mos kelmaydi. Bu islomda ayol kishi qo‘shiq aytmasligi kerak, san‘at bilan shug‘ullanmasligi kerak ekan , degan ma‘noni bildirmaydi".
"Lekin bu shaklda islomiy qadriyatlarni oyoq osti qilib suratga oldirish maqsadga muvofiq emas, deb o‘ylayman. Gulnora Karimova bu ishi bilan o‘zbek ma‘naviyatidan, qadriyatlaridan qanchalik uzoqdaligini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu unga teskari ma‘noda xizmat qilishi ham mumkin. Bu qo‘shiq bilan u obro‘ topgani yo‘q, oldinroq WikiLeaks saytida e‘lon qilingan ma‘lumotlarga binoan Gulnora Karimova O‘zbekistonda eng nafrat qilinadigan shaxs sifatida keltiriladi. Lekin Karimova xonim O‘zbek xalqi xohlaydimi yo‘qmi shunday yo‘llar bilan otasining tuzumini davom ettirishni xohlayapti va buning ustida ishlayapti", - deydi Namoz Normo‘min biz bilan suhbatda.

O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan tadqiqotchi jurnalist Maykl Anderson Gulnora Karimova atrofida xalqaro miqyosda mash-mashalar avj olayotgan bir vaqtda Gulnoraning unga e‘tibor qaratmayotgani tabiiy hol ekanligini aytadi.

"Gulnora va uning otasi bo‘lib o‘tayotgan hodisalardan 100 foiz boxabar. Gulnoraning ham otasining ham o‘zlarini hech narsa bo‘lmayotgandek tutishi esa odatiy hol. Karimov va uning qizi O‘zbekistonda bu kabi voqealarga e‘tibor berilmaydigan muhit yaratgan. Bu shuni anglatadiki, O‘zbekistonda hech qanday demokratiya yo‘q. Agar shunday holat Daniya yoki Amerikada bo‘lganda, albatta prezident ham uning oilasi va boshqa siyotchilar ham munosabat bildirar edi", - deydi Maykl Anderson.

Bundan oldinroq Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Karimova xonim, Round Run qo‘shig‘ining muvaffaqiyati haqidagi da‘volari qalbaki ekanligi borasida internetda aytilgan fikrlarga munosabat bildirib, "Men bu qo‘shiq Hot Dance Hits rangida beshinchi o‘rinni olganligini rasman tasdiqlash masu‘liyatini o‘z bo‘ynimga olaman", deb aytgan edi.

"Billbord" jurnaliga reklama berish uchun va qo‘shiqni ommaviylashtirishga bel bog‘lagan prodyuserga bu borada biron pul to‘lanmagan, degan Gulnora Karimova.

Unga ko‘ra, bularning hammasini tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim qilishi mumkin.

BBCga Billbord dan bildirishlaricha esa, jurnal muqovasida Googoosha surati reklama bo‘lgan va bu reklama uchun pul to‘langan.

Ayni paytda O‘zbekistondagi "Shov-shuv.uz" internet saytida qator yosh o‘zbek qo‘shiqchilari Gulnora Karimovaning "Round Round" diskidagi qo‘shiqlarni eng yuksak san‘at asarlari sifatida baholab, o‘zlariga ilhom beradigan ijod namunasi ekanini ta‘kidlashgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.