
Bin Lodin o‘limi haqidagi kitobda keltirilgan ma‘lumotlar rasmiy e‘lon qilingan tafsilotlardan tubdan farq qiladi
"2011 yil may oyida Pokistonning Abbotobodida "dunyoning birinchi raqamli terroristi" Usama bin Lodin o‘ldirildi".
Eng shov-shuvli kitoblardan biriga aylanib ulgurgan "Oson bo‘lmagan kun" kitobi Usama bin Lodinga qarshi amaliyotlarda qatnashgan Amerika maxsus xizmatlarining sobiq xodimi xotiralari asosida yozilgan.
Associated Press agentligining yozishicha, kitob "Al-Qoida" rahbarining hammaga ma‘lum etilgan o‘limi tafsilotlaridan tubdan farq qiladi.
11 sentyabrda chiqishi mo‘ljallangan "Oson bo‘lmagan kun" kitobining nusxasi Associated Press agentligiga yetkazilgan.
Kitob muallifining yozishicha, bin Lodin darhol o‘ldirilgan. "Dengiz piyodachilari" maxsus bo‘linmasining jangchilari ikkinchi qavatga ko‘tarilgan paytda o‘z yotoqxonasidan chiqqan bin Lodin otib o‘ldiriladi.
Amerika rasmiylari aytishicha, bin Lodin yotoqxonaga yashirinish uchun harakat qilganida uning qurollanishiga imkon bermaslik uchun otilgan.
Kitob muallifi o‘zini Mark Ouen taxallusi bilan taqdim qilgan.
Biroq bu kitob haqidagi ma‘lumot chiqqanidan bir necha soat o‘tib Fox News telekanali uning haqiqiy ismini e‘lon qiladi.
AQSh armiyasi vakillari Pentagon hali bu kitobning mazmunini o‘rganib chiqmaganini bildirgan.
Odatda bunday tekshiruvlar biror-bir maxfiy ma‘lumotlar chiqib ketmasligi uchun o‘tkaziladi.
11 sentyabrda e‘lon qilinishi kerak bo‘lgan kitob taqdimoti unga nisbatan qiziqishning kuchliligi sabab 4 sentyabrga ko‘chirilgan.
Associated Pressning yozishicha, kitob muallifi bin Lodin uyining zinapoyalaridan ko‘tarilgan ikkinchi piyodachi bo‘lgan.
U ikkinchi qavatga besh pog‘ona qolganda yuqoridan o‘q ovozi eshitilganini aytadi.
Oldinda ketayotgan maxsus xizmat askari eshikdan mo‘ralagan kishiga qarata darhol o‘q uzgan.
Bin Lodinning yotog‘i deb ko‘rilgan xonaga "Dengiz piyodachilari" yopirilib kirishganda, uni yerda qonga belanib yotgan holda ko‘rishadi.
Boshida o‘q teshgan yoriq ko‘rinib turardi, deb yozadi kitob muallifi. Bin Lodinning yonida yig‘layotgan ikki ayol qurollangan kishilarni ko‘rib chetga chiqishganda, maxsus xizmat jangchilari hali joni uzilmagan bin Lodinga qarata yana o‘q yog‘dirishadi.
Sobiq jangchining yozishicha, bin Lodinning o‘limidan so‘ng uning yotog‘idan ishlatilmagan qurol topishadi.
Barak Obama hukumati rasmiylariga ko‘ra, "bin Lodin jangchilarga haqiqiy xavf tug‘dirgachgina unga o‘q uzishgan".
Kitob muallifining hikoyalariga qaralsa, bin Lodinning jasadini tikucharda olib ketilayotganda, joy kamligidan jangchilardan biri uning ko‘ksiga o‘tirib olgan.
Bu esa AQSh rasmiylarining "Al-Qoida" rahbarining jasadiga hurmat bilan muomalada bo‘lindi, degan rasmiy xabarini butunlay inkor qiladi.
Kitob Dutton nashriyotida bosib chiqariladi.
Nashriyotning bildirishicha, muallif qurolli kuchlar safida boshqa xizmat qilmaydi. "U Amerika harbiy tarixining eng muhim lavhalaridan biri haqidagi haqiqatni hikoya qilib bermoqchi xolos".
Shuningdek, kitob bosilishidan oldin maxsus xizmatlarning sobiq yuristi orqali tekshirilgan.
Yuristning kitob milliy xavfsizlikka daxl qilmasligi haqidagi fikridan so‘ng, ommaga oshkor etilgan.
Pentagon vakillarining aytishicha, kitob haqidagi qarorni mamlakat Adliya vazirligi qabul qiladi.
Mabodo kitob muallifi maxfiy ma‘lumotni tashqariga chiqarganligi ma‘lum bo‘lsa, u jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

























